Qidirish

01:25 / 2024-05-03 3898 0 Maqolalar

Oʻzi xon koʻlankasi maydon klasterlar: Prezident topshirigʻi nahotki yerda qoldi?

Butun boshli shahar qurayotgan klaster egalari fermerlardan boʻlgan qarzini toʻlash haqida umuman oʻylamayapti. Bu nimadan dalolat? Kun sayin koʻkka boʻy choʻzayotgan Andijondagi yangi koʻp qavatli uylar fermerlarning uch yillik peshona terisi evazigami yoki koʻz yoshlari evaziga qurilmoqdami?

Ha, hayot bu – maktab. Aql-hushi joyida sogʻligida shikoyati yoʻq zamondoshimiz borki barchasi maktab sabogʻini olgan. Shu maktabda muallimlarimiz gohida baʼzi oʻzlashtirishi pastroq yoki uyga berilgan vazifalarni bajarmay kelib «esimdan chiqib ketibdi» muallim deya bahona qiladigan sinfdoshlarni «senga gap taʼsir qilmaydi, uyating yoʻq, tering eshakning terisidan ham qalin boʻlib ketgan sen bola odam boʻlmaysan» deb koyir edi. Hozir oʻshanday bolalarning koʻpchiligi toparmon tutarmonga aylanib hayotda oʻz yoʻllarini topib «Hoji aka»ga aylanganlari rost.

Bejizga soʻzimiz avvalida maktab davrini, mehnati halolu oʻzi xarom boʻlgan hayvon haqida gapirmadik. Effect.uz’нинг aqlli auditoriyasi biz nima demoqchi boʻlganimizni yaxshi tushundi.

Hozir Effect.uz’dа eshakdek ishlab mehnatiga haq soʻramaydiganlar, soʻrab ham ololmaydiganlar haqida emas balki, umuman gap taʼsir qilmaydigan eshakdan terisi qalin boʻlib ketganlar haqida gaplashish vaqti. Mavzu klasterlar tomonidan fermerlarga hanuz toʻlanmay kelayotgan haqdorlik taʼbir joiz boʻlsa qarz masalasi.

Afsuski, jamiyatimizda klaster soʻzini eshitgan hamono koʻpchilikda klasterga uning qilayotgan ishlariga ishonchsizlik bildirib, «bular ham jonga tegdi faqat ishlatadiyu puliga kelganda vaʼda berishadi» degan qarashlar shakllanib ulgurdi afsuski. Soʻzlarimizdan mamlakatimizdagi faoliyatlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻya olgan kam sonli klasterlar xafa boʻlmasin.

Toʻgʻri, gap tugʻishganingga yoqmaganidek hozirgi aytadiganlarimiz koʻpchilik klaster korchalonlariga yoqmasligi ham aniq. Ularning yomonini yashirib yaxshisini oshirayotgan Hukumat rahbarlariga esa gaplarimiz umuman maʼqul kelmasdir balki.

Oʻzbekistonda biz bilgan koʻplab klasterlar hanuzgacha fermerlardan mavjud qarzdorliklarini toʻligʻicha uzmagan. Xususan, Sirdaryo viloyatidagi «Boyovut texno klaster», Jizzaxdagi «Silver Life», Samarqanddagi «Payariq klaster» Qashqadaryodagi «MIRISHKOR TEKSTIL GROUP CLUSTER» va boshqa viloyatlarda ham shu kabi bir qator klasterlar fermerlardan katta qarzdor boʻlishiga qaramasdan bamaylixotir ishlarini davom ettirmoqda.

Yillar davomida fermerlarga qarzdorligini bermay kelayotgan ayrim klasterlar borki lekin negadir hech kim ularning tanobini tortib qoʻyishga kuchi yetmayapti. Yana bir gap aksar klaster taʼsischilari yaʼni egalarini birovning haqqidan qoʻrqadigan Xoji akalar deyishadi.

Lekin ularning qilayotgan ishlari vaʼdaga vafo qilmasliklari na musulmonchilikka toʻgʻri keladi va na boshqasiga. Vaholanki, klaster egalarining boshqa bizneslari gullab- yashnayapti, qurilishlari kun sayin koʻkka boʻy choʻzmoqda. Boshqa bizneslari ham quloch yozmoqda.

«Fermerning pulini toʻlab qoʻymaysanmi nomard» deydigan kishi yoʻq. Buni hamma bilib koʻrib turibdi. Alam qiladigani bu klasterdan pulini ololmayotgan fermerlar koʻz oʻngida sodir boʻlmoqda. Ana shunday klasterlarning biri Andijon viloyatining bir nechta tumani jumladan Izboskan tumanidagi fermerlarning jonidan oʻtkazgan klaster «Sohib Omad Barakasi» MCHJdir.

Sohiblari juda ham omadli boʻlgan ushbu klaster egalari Andijon markazida butun boshli shahar massivi qurmoqda, bundan tashqari qoʻshsha-qoʻshsha qorxonayu fabrikalari gurullab ishlab turibdi.

Ammo shuncha ishlarning boshida turgan tashkilotlarning norasmiy va asl egasi ekanligi aytilayotgan puldor Karim Hoji negadir fermerlarga qarzini berishni istamaydi. Fermerlarga bergan vaʼdalari yillarni ketini yillarga ulaydi.

Karim akaning omadli va barakali ekanligining sababi fermerlarning 3-yillik peshona terisiyu dodlari evazigami yoki boshqa sabablardanmi? Hozircha, Oʻzbekistonda bu sirning tagiga hech kim yetolmayapti.

Hech kim Karimjonga fermerlardan boʻlgan qarzingni darrov toʻlab qoʻy deya olmayapti. Biz ishongan huquqbonlar esa bu borada doimgidek muloyim. Ularning goʻyoki qulogʻi kar koʻzi koʻr. Izboskanlik fermerlar va klaster oʻrtasidagi bir necha yillardan buyon qoʻshiq boʻlayozgan mashmashani oʻzimiz 3-4-marta yoritdik. Qop-qop vaʼdalarni eshitib, toʻydik.

Internetga kirib Izboskan haqida qidiruv bersangiz fermerlarning ohu dodidan boshingiz aylanib ketadi. «Omadli va barakali klaster pulimizni qachon beradi» degan savollar koʻnglingizni xira qiladi. Deylik, bu masalani koʻtarib chiqmagan jurnalist-bloger qolmadi hisob. Fermerlarning ayni shu masalada bizga murojaatini oʻrganishga Izboskanga borganimizda tuman hokimi Elyorbek Karimov va sektor rahbarlari bilan fermerlarni hokimlik zalida roʻbaroʻ qildiq, hokim videoga tushishni istamadi, ammo uni biz epladik.

Xulosa oʻzingizdan. Oʻshanda hokim ishga yangi kelgan edi. Qancha umidlar bilan hokim janoblari qabuliga kirgan fermerlarning hokim va prokurorning gap soʻziyu sovuq munosabatidan tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi desak adashmaymiz.

Hokimning yordam oʻrniga oʻdagʻaylashi, fermerlarni tumanni sharmanda qilayotgan igʻvogar yozuvchiga chiqarishi ularni ochiqchasiga esankiratib qoʻydi.

Shu oʻrinda hokim toʻraga savol, tumanni sharmanda qilayotgan aslida kim? Haqqini soʻrayotgan fermermi yoki qarzini bermayotgan klastermi? Yoki siz kabi noxolis kattakonlarmi?

Effect.uz bu koʻrsatuvni tayyorlashdan oldin klaster vakili va baʼzi fermerlar bilan telefon orqali suhbatlashib haqdorlikning shu kunlarda toʻlangan yoki toʻlanmaganligi bilan qiziqdi. Ahvol rasvo. Ijobiy yechim yoʻq. Fermerlar intiqlik bilan Prezident aytgan 1-aprelni kutdi. Kunlar ham oʻtdi. Axir Prezident klasterlar va fermerlar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni shu yilning 1-apreligacha joyiga qoʻyishga topshiriq bergan edi.

Qatʼiy muhlat tugaganiga ham 1 oydan ziyod vaqt oʻtmoqda. Natijadan esa darak yoʻq. Ishonamizki, tez orada Izboskan taraflardan fermerlarni xursand qiladigan xabarlar kelib qoladi. Chunki, Prezident topshirigʻini bajarmaganlarning ahvoli alaloqibat yaxshi boʻlmaydi. Ularning holiga hech kimni solgulik qilmasin. Hatto u «Sohib Omad Barakasi»ning sohiblari boʻlsa ham.

Izohlar 0

Fikr bildirish