Qidirish

11:22 / 2024-05-01 1038 0 Maqolalar

Qonun ustunmi yoki Vazirlar Mahkamasi qarori?

Vazirlar Mahkamasining 19.05.2021 yildagi 312-sonli «Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» qarorining 9-bandiga 2024/2025 oʻquv yiliga qadar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozimligi belgilangan.

world-news

Sentyabr oyidan boshlab chet tili sertifikatiga ega boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilari 4-5-yillik mehnat evaziga olingan diplomi, 30-yillik ish tajribasi, malaka toifasidan qatʼi nazar, maktabdan haydaladigan boʻldi.

Hozirda maktab direktorlari tomonidan B2 darajasi yoʻq oʻqituvchilarga turli mazmundagi ogohlantirish xatlari berilib, tilxat olinayotganini aytishmoqda. Xar qalay umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan juda koʻp oʻqituvchilarning B2 darajasi mavjud emas.

Yuqoridagi Vazirlar mahkamasining qarorida esa barcha xorijiy tillar oʻqituvchilariga bu darajani olish vazifasi qoʻyilgan.

Savol tugʻiladi B2 darajasi yoʻq oʻqituvchilar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?

55 foiz chet tili oʻqituvchida B2 sertifikat yoʻq. Qaror talabi boʻyicha ularga 2024-2025 oʻquv yilidan ishlashga ruxsat berilmaydi. Demak sentyabrgacha yana 15 foiz oʻqituvchi ushbu sertifikatni olsa qolgan 40 foiz oʻqituvchi ishsiz qoladi.

Bundan kelib chiqadigan boʻlsak, davlat maktablarining 40 foiz oʻqituvchini darsi vakant boʻlish ehtimoli yuqori. Chunki S1 bor aksariyat tilshunoslar maktabga emas, xususiy maktablarga, aniqrogʻi boshogʻrigʻi kam lekin maoshi yuqori joyga ketadi.

Nimaga? Oʻzbekistonda faqat chet tilichi ustozlari ishlaydimi?

Bank xodimiga nega sertifikat talab qilinmaydi, vaholanki ular oʻqituvchidan 2 barobar koʻproq maosh olishadi. Moliya, soliq sohasidagilardanchi? Bundan tashqari, «tejaymiz» deb chet tilichilarni sherigi ketsa oylik maoshi toʻlanmaydi. Narigi guruh oʻquvchilari ogʻzini ochib oʻtiraveradi. Sherigi ketdi maoshi toʻlanmasa, uning mehnati 0 ekanda.

Vazirliklarda ishlayotganlar oʻqituvchidan 5 barobar koʻp maosh olishadi. Ular ham sertifikat olishsin. Boʻlmasa ularni ham ishdan olishsin…. Ishsizlikni bartaraf qilamiz deb ishsizlikni koʻpaytirmayapsizlarmi?

Demak, Vazirlar Mahkamasi oʻz tarkibidagi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalarga berayotgan diplomni tan olmaydi yoki uni yetarlicha kuchga ega emas, deb baholaydi. Aks holda, bir umrga amal qiladigan diplom qolib, «yaroqlilik muddati 2-yil boʻlgan» sertifikatni ishdan ketish yoki qolish darajasidagi masalaga aylantirisharmidi?

Diplomni obroʻsi qayerda? Unda diplom nimaga kerak, agar sertifikat hamma ishni hal qilsa!!!

Hozir hamma fanda daraja sertifikat imtihoni bor, lekin ularda bu sertifikat natijasi ahamiyatsiz. U siz ham diplom bilan bemalol ishlayveradi. Chet tili oʻqituvchilari esa busiz ishlolmaydi. Nega? Biz demokratik jamiyatning teng huquqli fuqarosimasmizmi?» deydi xorijiy til oʻqituvchisi.

«Pedagogning maqomi toʻgʻrisida»gi qonunda yozilgan: «Taʼlim tizimida ishlayotgan pedagogning kasbiy darajasiga doir talablar »Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori«da hamda pedagogning kasbiy standartlarida belgilanadi» (3-modda). Endi «Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori»ga qaraymiz (3730): Unda oʻqituvchiga qoʻyiladigan talab: bakalavriat yoki ayrim hollarda — oʻrta maxsus professional taʼlim va kasbiy tajriba. Yaʼni, davlat tomonidan tan olinadigan «oʻqituvchi» degan diplomi bor har qanday mutaxassis pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga haqli.

Bundan kelib chiqib aytish mumkinki Vazirlar Mahkamasining Qarori Qonundan kuchli turadimi? Oʻzbekistonda qonunlarning aniq va bir xilda ijrosini taʼminlashga masʼul boʻlgan Bosh prokuratura va normativ huquqiy hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini belgilaydigan Adliya tizimi bu masalaga qarsak chalib turishi juda kulgili va ajablanarli emasmi?

Shundan kelib chiqib ushbu qarorga kichik oʻzgartish kiritishni taqazo qiladi. Shunda ushbu muammo biroz boʻlsada yengillashadi. «Mazkur talab xuddi shu fan boʻyicha 20-yil va undan ortiq uzluksiz ishlab kelayotgan oliy toifadagi pedagoglarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi»

Vazirlar Mahkamasi bu narsadan aslo choʻchimaslik kerak. Qaytanga bu oʻzgartish orqali mana uzoq yillar uzluksiz mehnat qilsa davlat bizni qadrimizga yetarkan degan maʼnoda nafaqat shu fan boʻyicha 20-yil va undan ortiq uzluksiz ishlab kelayotgan oliy toifadagi pedagoglarlarga, balki, keyingi yosh pedagoglarga ham motivatsiya boʻladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish