Qidirish

14:39 / 2024-03-17 5430 1 Maqolalar

Jiddiy mavzu: 9.14 ishi – Davlat puli oʻgʻirlanyapti, bolalar haqqi begona choʻntakda, tadbirkorlar norozi…

Oʻzbekistonda 27 mingdan ortiq nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud. Ularga Vazirlar Mahkamasining 426-sonli qarori nizom talablariga koʻra subsidiya toʻlab beriladi.

Yaʼni bolalarning oziq-ovqati, tarbiyachilarning oylik maoshi toʻliq holatda, kommunal toʻlovlar uchun esa 50 foiz davlat byudjetidan qaytarilmaydigan pul toʻlanadi.

Biroq 1000 ga yaqin bogʻchalarga 3 oylik subsidiya pullari toʻlab berilmasligi oqibatida tadbirkorlarda norozilik paydo boʻlgan. Buning oʻziga yarasha sabablari ham bor.

Misol olganda bogʻcha subsidiya olishi uchun avvalo tarbiyalanuvchini ertalabdan “Real Soft” kompaniyasi ishlab chiqqan dastur orqali FACE ID bilan yoʻqlamadan oʻtkazishi kerak, mana shundagina davlat ularning oziq-ovqati uchun kunlik toʻlov ajratadi. Bu 12 ming soʻmdan boshlanib, hududlarga koʻra turli tartibda oʻzgarishi mumkin. Tarbiyalanuvchilarga esa tajribasiga qarab oylik-maosh toʻlanadi.

Ayrim tadbirkorlar afsuski, bogʻchaga ayrim sabablarga koʻra kelmagan tarbiyalanuvchilar oʻrniga boshqa bolalarning suratlaridan foydalangan holda yoki turli noqonuniy yoʻllar bilan dasturni aldamoqchi boʻlishgan. Bunday qingʻir yoʻllar bilan ishlagan bogʻchalar 1500 ga yaqin boʻlsa, qolgan 25 mingdan ortiq bogʻchalarga subsidiya pullari toʻlab berilyapti, ular bilan hozircha muammo yoʻq.

Biroq 1500 ga yaqin tadbirkorlarning hammasi ham oʻgʻri yoki muttaxam emas, ular elektron dasturning mukammal ishlamayotganidan ham aziyat chekishayotganlarini aytishmoqda. Yaʼni dastur bir bolani 3-4 famil bilan qayd etgan boʻlishi ham mumkin, bir bolaning yuziga kamera tutilganda uning oʻrniga boshqa familyalar chiqib kelish holatlari kuzatilgan. Buning yana bir boshqa tomoni tadbirkorlarning dasturdan toʻlaqonli foydalana olmayotganidadir.

Yosh bolalarning yuz tuzilishi bir-biriga oʻxshashligi ham dasturda muammolarni keltirib chiqarayotgan boʻlishi mumkin, yana bir ehtimol shu ki dasturchilar yaratgan programmaning “bag”larini bilishsa ham uni yangilab borishmaydi, yoki noroziliklar ulargacha yetib bormayapti, balki eʼtiborga olinmayapti.

Eʼtiborga olinsa ham, dastur ustida jiddiy ishlar yoʻq nazarimizda, kompaniya oʻzini oqlaydigan boʻlsa agar videolavha davomida dasturdan koʻngli toʻlmayotgan tadbirkorlarning soʻzlarini diqqat bilan eshitishi mumkin.

Aksar hollarda ayrim tadbirkorlar dasturning kichik imkoniyatidan foydalangan holda bir bola oʻrniga 5 tagacha bola surʼatini joylashadi, bunisi kelmasa boshqasining suratidan yoki yuzidan foydalanishlari ham rost, umumiy olganda dasturning ushbu imkoniyatini tezkorlik bilan cheklash zarur. Buning ortida davlat byudjetini talon-taroj qilishgacha olib kelish xavfi juda yuqori, albatta, bunday ishlar qanday yoʻl bilan amalga oshishini tadbirkor niqobi ostidagilar bizdan koʻra yaxshi bilishadi.

Ammo shunga qaramasdan, 15-mart kuni Oʻzbekistonning barcha hududlaridan 100 ga yaqin tadbirkor Vazirlar mahkamasigacha kelgan, mahkamada tegishli masʼullar bilan muloqot qilinib, 426-sonli qarornining ayrim qismiga oʻzgartirishi kiritish boʻyicha iltimosnoma tarzda jamoaviy murojaat yoʻllashgan.

Murojaatda aynan subsidiya masalasi koʻtarilib, hech boʻlmasa, tarbiyalanuvchilarning oyligi toʻlanishi haqida koʻproq gapirishgan. Shuningdek, tadbirkorlar bolalardan bogʻchaga kelmagani oʻrniga boshqa bolaning suratini yoki dasturni aldash holatlari sodir qilingan boʻlsa, faqat oʻsha tarbiyalanuvchilarning subsidiya pullarini ushlab qolib, qolganlarining pullarini oʻtkazib berishni talab qilishgan.

Qarorga koʻra agarda tadbirkor bu kabi noqonuniy holatlarni bajargan taqdirda unga umuman pul toʻlanmaydi, agar shunday holat yana bir bor takrorlansa, u bilan Davlat-xususiy sherikchilik asosida tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan bekor boʻladi. Ha, subsidiya olishning oʻziga yarasha mashaqqatlari bor, buni saviyali tadbirkor masʼuliyat bilan his qilishi kerak deb oʻylaymiz.

Negadir 426-sonli qarorda hozir aytilgan jarayon haqida konkret jumla yoʻq, yaʼni misol 25 boladan 3 nafari bogʻchaga kelmadi, tadbirkor goʻyoki uni keldi deb oʻrniga boshqa bolaning suratidan foydalanib, subsidiyani oʻzlashtirmoqchi boʻldimi, demak mana shu bitta xato unga qimmatga tushadi va umuman 25 bolaning oziq-ovqatiga pul toʻlanmaydi, tarbiyalovchi ham maoshsiz qoladi, kommunal toʻlovlarni esa tadbirkor oʻz yonidan toʻlaydi. Bu holatda ham bolaning haqqi ham davlatning haqqi haqida soʻz ketarkan, darhaqiqat tizim bolaning haqqini ham davlatning haqqini ham oʻgʻirlanishiga yoʻl qoʻymaydigan darajada yaratilgan.

Shunchaki, qarorda nazarda tutilmagan qismlarini Maktabgacha taʼlim agentligi “Real Soft” bilan birgalikda bajarishga harakat qilyapti, goʻyoki dastur orqali yolgʻonlar fosh qilinmoqda. Tadbirkor qingʻir yoʻldami, demak unga keskin choralar koʻriladi, aytganimizdek nafs balosiga muttalo boʻlishning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi. Biroq shu borada tadbirkorlar hamjihat boʻlishdi va 426-sonli qarorning ayrim qismiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha Vazirlar mahkamasiga rasmiy taklif kiritishdi.

Turli muhokamalardan soʻng tadbirkorlar batafsil muloqot qilish maqsadida Maktabgacha taʼlim agentligi xodimlari kuzatuvi bilan agentlik binosiga olib kelindi va u yerda agentlik direktorii Agrepina Shinning birinchi oʻrinbosari Farruh Boboyev tomonidan qabul qilindi.

Uchrashuvda tadbirkorlar darhaqiqat ayrim harakatlari xato ekanligini, tushunmagan holda dasturdan foydalanganliklari oʻzlariga qimmatga tushayotganini taʼkidlashdi.

Ular tomonidan agentlikka qoʻshimcha takliflar kiritildi, hatto tadbirkorlardan biri toʻgʻri yoʻldan adashib, keyinalik Prezident tomonidan avf qilinayotgan shaxslarga urgʻu qaratdi va biz ham adashdik bir marta kechiringlar deya iltimos yoʻllashdi.

Ammo Farruh Boboyev buning iloji yoʻqligini taʼkidlab, faqat Vazirlar mahkamasiga qarorni takomillashtirish boʻyicha taklif kirita olishini biroq bu jarayon uzoq vaqt olishini aytib oʻtdi.

Masalaning bir tarafi borki, hozir aynan hozir tadbirkorning bir qoshiq qonidan kechib, ular kechirilmasa oqibatda hududlardagi koʻplab bogʻchalar yopiladi bankrotlikka yuz tutadi. Eng yomon oqibati esa buning natijasida bolalar qaysi bogʻchaga borish kerakligini bilmasdan, ilmsiz, sarson boʻladi. Bilasizki davlat bogʻchalarida navbat kelishi uzoq vaqt talab qiladi, ungacha bolaning yoshi ham oʻtib qolishi mumkin.

Yopilgan bogʻchalar oʻrniga yangilarini ochish muqobil variant emas, chunki bu ishlar uchun ancha resurs sarflanadi misol, yana qurish uchun katta xarajat hamda qimmatli boʻlgan vaqt sarflanadi.

Aynan mana shunday sabablarga koʻra, masalaga maʼsullar jiddiy eʼtibor qaratishlari lozim, sohaga begona boʻlmagan rahbarlar masalaning tub mohiyatida davlat pullari va bolajonlarning taqdiri borligini his qilishlari shart. Xatosini tan olayotgan tadbirkor ham qandaydir maʼnoda kechirilishi kerak deb oʻylaymiz. Effect.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar 1

Qilichev E
2024-Mar-20 02:03
Tug‘ri fikir bormoq izlar bilan olishsa yahshi bular edi
Fikr bildirish