Qidirish

08:36 / 2024-03-16 1402 0 Maqolalar

Guruch kurmaksiz boʻlmaydi: “Ishbilarmon” tadbirkorlar kirdikorlari…

Oʻzbekistonda tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida ularning huquqlari kafolatlanib, imtiyozlar, yengilliklar taqdim etib borilmoqda. Berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib faoliyatini kengaytirayotgan, yangi ish oʻrinlari yaratayotgan tadbirkorlarning soni kundan kunga koʻpaymoqda.

world-news

Respublikada davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari (bogʻcha) faoliyat yuritib kelayotganligi va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun davlatimiz tomonidan subsidiyalar ajratilayotganligi toʻgʻrisida koʻpchilik biladi yoki eshitgan.

Albatta, buning natijasida oxirgi yillar davomida nodavlat maktabgacha taʼlim sektori keskin oshdi, bolalar qamrovi 27 foizdan bugungi 74 foizgacha koʻtarilgan, minglab ish oʻrinlar yaratilgan.

Biroq, xalqimiz “guruch kurmaksiz boʻlmaydi” deb aytganidek, bunday keng imkoniyatlardan foydalanib, ayrim tadbirkorlar oʻzining foydasini noqonuniy oshirish maqsadida soxtakorlik harakatlarni amalga oshirmoqda.

“Xoʻsh, bular qanday soxtakorlik bilan shugʻullanyapti...?” deb soʻraysiz.

Gap shundaki, 2022-yilning 1-sentyabrdan boshlab maktabgacha taʼlim sohasida inson omilisiz, avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilib, u orqali tarbiyalanuvchilarning davomati har kuni elektron qayd etilmoqda va shu maʼlumotlar asosida subsidiyalar avtomatik hisob-kitob qilinib, toʻlanib kelinmoqda.

Bunda, ayrim “ishbilarmon” tadbirkorlar esa bola manfaatidan oʻz manfaatini ustun qoʻyib, jajji goʻdaklar hisobiga boyishni maqsad qilib, bolalarning bogʻchaga kelmaganda, ularning davomatini turli usullar orqali sohtalashtirishga urinmoqda. Bu usullarga eʼtibor bersangiz, odamzodning fantaziyasi naqadar cheksizligiga hayratda qolasiz.

Demak, 1-USUL: bogʻchaga kelmagan bitta bolani oʻrniga boshqa bolani rasmini axborot tizimiga kiritib, davomatni qayd etish.

Misolda: axborot tizimida 2017-yilda tugʻilgan (6-7 yoshli) bolaning FIOsi koʻrsatilgan boʻlib, 3 yoshga toʻlmagan goʻdakning fotosurati kiritilgan va davomat qilingan.

2-USUL: bogʻchaga kelmagan bitta bolani oʻrniga yoshi katta odamni davomatni qayd etish.

Misollarda: axborot tizimida 4-5 yashar bolalarning FIOsi koʻrsatilgan boʻlib, haqiqatda uning oʻrniga yoshi katta erkaklarning fotosurati kiritilgan va davomat qilingan.

3-USUL: bogʻchaga kelmagan bolani uning fotosurati orqali (qogʻozda yoki smartfonda va kompyuterda) davomatni qayd etish.

Misollarda: 4-5 yashar bolalar bogʻcha kelmagan kunda, ularning qogʻozdagi va smartfondagi fotosurati orqali (haqiqatga bogʻchaga kelgan bolaning yuzi oldiga fotosurat qoʻyilib) davomat qilishga uringan.

4-USUL: bogʻchaga kelmagan bolaning fotosuratini qogʻozda qirqib olib, davomatni qayd etish.

Misollarda: bola bogʻcha kelmagan kunda, uning qogʻozdagi fotosurati orqali davomat qilishga uringan.

5-USUL: davlat bogʻchasi tarbiyalanuvchilarini avtomashinada nodavlat bogʻchaga olib borib, shu bogʻchada davomatdan oʻtkazish.

Misolda: Namangan viloyati Pop tumanidagi davlat bogʻchasi tarbiyalanuvchilari yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli oilaviy bogʻchalarga Damas avtomashinasida olib borilib, davomatdan oʻtkazilgan.

6-USUL: davlat bogʻchasi tarbiyalanuvchisini, ushbu davlat bogʻchasida turib, nodavlat bogʻchaning nomidan davomatni qayd etish.

Misolda: Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi davlat bogʻchasi tarbiyalanuvchilari yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli oilaviy bogʻchalar hisobiga davomatdan oʻtkazilgan.

7-USUL: bitta bolani bir nechta bolalar oʻrniga davomatni qayd etish.

Misolda: Ikkita tadbirkorga tegishli oilaviy bogʻchalarda bitta bolani ikkita tarbiyalanuvchi (FIOsi boshqa) oʻrniga davomati qayd etilgan.

Respublikada 25 ming atrofida nodavlat bogʻchalar faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning davomat maʼlumotlari axborot tizimidagi sunʼiy intellekt yordamida doimiy tahlil qilinib, bir mingtadan ortiq bogʻchalar yuqorida koʻrsatilgan noqonuniy usullardan foydalanib, davomat qilganligi Maktabgacha taʼlim agentligi tomonidan aniqlangan.

Ushbu aniqlangan holatlar tegishli tartibda rasmiylashtirildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 426-son qarori talablaridan kelib chiqib, ushbu bogʻchalarga subsidiya toʻlovlari uch oyga toʻhtatildi. Shuningdek, ushbu tadbirkorlarga nisbatan qonuniy chora koʻrish uchun maʼlumotlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etib kelinmoqda.

Biz toʻgʻri ishlayotgan, ish oʻrni yaratayotgan, ilgʻor innovatsion taʼlim texnologiyalarni joriy qilib, tarbiyalanuvchilarga taʼlim-tarbiya berayotgan xalol tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Xalollik yoʻli bilan olingan daromad albatta xayrli boʻladi.

Fursatdan foydalanib, maktabgacha taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga noqonuniy usullarni qoʻllab, soxta davomat yuritmasligingizni takroran soʻraymiz.

Maʼlumotlarning soxtaligi albatta fosh boʻlishi va jazo muqarrarligini unutmang !

Maqola muallifi: Maktabgacha taʼlim agentligi axborot xizmati

Izohlar 0

Fikr bildirish