Qidirish

07:56 / 2024-03-12 4963 0 Maqolalar

Boʻynigacha qarzga botgan klaster endi odamlarni ham zaharlayapti…mi?

Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumanidagi “AMUDARYOTEX” MCHJ»ga tegishli binoda 77,1 tonna qoʻlbola usulda tayyorlangan yogʻ mahsulotlarini savdoga chiqarilishining oldi olingan. Odamlar isteʼmoli uchun zararli va aholining ommaviy zaxarlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holat yuzasidan Departamentning Amudaryo tuman boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

“AMUDARYOTEX” MCHJ tomonidan paxta yogʻini qayta ishlashda davlat standarti talablarini qoʻpol ravishda buzilgan, paxta yogʻini qayta ishlash va boshqa tegishli normativ xujjatlar talablari boʻyicha paxta yogʻini qayta ishlashda kunjara ikki marotaba siqilishi va barcha yogʻlari olinganidan keyingina qolgan maxsulotlar ajratilishi kerakligi koʻrsatilgan boʻlsada, yogʻ ishlab chiqarishda bunday qoidalarga amal qilinmagan.

Bundan tashqari Amudaryo tumanida ishlab chiqarilgan paxta yogʻiga nomaʼlum sabablarga koʻra Fargʻona yog zavodi etiketkalari yopishtirilgan, ushbu yogʻni kuydirish davomida yogʻda noʼmalum qoramtir choʻkmalar paydo boʻlgan, ushbu yogʻdan qoʻlansa xid ham kelgan. Mazkur paxta yogʻi isteʼmol uchun zararli boʻlib, oqibatda aholining ommaviy zaxarlanishiga olib kelishi mumkin.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Amudaryo tuman boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buxoro viloyati, Romitan tumanida davlat roʻyxatidan oʻtgan “T.” MCHJ hamda Amudaryo tumanida faoliyat koʻrsatuvchi “A.” MCHJ masʼul shaxslari oʻzaro til biriktirib, “AMUDARYOTEX” MCHJga tegishli noturar binoda yogʻ mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil qilgan.

Tadbir davomida, ushbu yashirin sexdan qoʻlbola usulda tayyorlangan 77,1 tonna 5 litr hajmdagi yelim idishlarga qadoqlangan isteʼmolga yaroqsiz yogʻ mahsuloti, 19 460 dona xoʻjalik sovuni, 10 tonna paxta chigiti, 3 tonna kunjara, 32 ta rulon yorliqlar, 8 dona moy-juvoz uskunasi va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan jami 1,3 mlrd soʻmlik tovarlar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 186-moddasi yaʼni xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish va 186-2-moddasi chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hozirda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Bundan tashqari, tumandagi fermer xoʻjaliklariga klaster tomonidan berilishi kerak boʻlgan pul oʻrniga, paxta yogʻi yoki kunjara berilgan. Hisob-fakturada shrot maxsuloti yozilgan boʻlsada, klaster shrot oʻrniga bir marta siquvdan oʻtgan kunjara mahsuloti va isteʼmolga yarogʻsiz boʻlgan yogʻ mahsulotlarini tarqatgan.

“Pullarni olishning imkoni bulmagandan keyin klaster xodimlari ushbu tashklotning Amudaryo tumanida joylashgan chigitni kayta ishlab, paxta yogʻi ishlab chiqarish zavodidan kunjara va paxta yogʻi olishni taklif kildi. Biz va bizga uxshagan yuzlab fermerlar bu taklifga ixtiyoriy va majburiy rozi boʻldik, chunki pulimizni olishning boshqa iloji qolmadi”, deydi tumandagi fermerlar.

Effect.uzʻga yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra, “AMUDARYOTEX” klasteri tumandagi fermerlarning hosil pullarini 2022-yildan boshlab, vaqtida toʻlamaydi, bu haqida Effect.uz Amudaryoga borib, jurnalistik surishtiruv ishlarini oʻtkazgan. Shundan soʻng, klaster fermerlar oldiga sentnr boʻyicha yuklagan ultimatumini yengillatgan va qisman pullarni toʻlab bergan. Ammo hozirda, klasterning fermerlar oldida yana qarzdorligi mavjud.

Klaster va fermer oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 4.4. bandi talablariga buyicha klaster 2023-yilning 31-dekabr kuniga kadar paxta uchun toʻlik pul mablagʻlarini toʻlab berishi kerak edi, lekin xozirgi kunga qadar pullar toʻlab berilmagan.

Tumandagi deyarli barcha fermer hoʻjaliklari “AMUDARYOTEX” bilan 2020, 2021, 2022 va 2023-yillar davomida shartnomalar tuzgan bulib, yillar davomida fermerlar tomonidan paxta yetishtirilib klasterga sotilgan.

Fermerlar klasterga paxtani vaqtida yetkazib bergan. Ammo shartnoma talablari qoʻpol ravishda buzilib, klaster tomonidan shartnomada koʻrsatilgan bandlarga amal qilinmasdan deylik faqat 2023-yil uchun topshirilgan paxta xosilining pullarini toʻlashi kerak boʻlgan soʻnggi muddat – 31-dekabr kunidan ancha kechiktirgan.

Fermerlarga koʻra, pullar doimiy ravishda sudlar, Majburiy ijro byurosi va boshqa tashkilotlar yordami bilan undiriladi. Misol qilib aytadigan boʻlsak, 2023-yil paxta xosili uchun ham hozirga qadar paxta pullari sababsiz kechikkan, sabab boʻlsa ham qishloq xoʻjaligi buni tushunmaydi. Chunki agrar sohada har bir soniya muhim hisoblanadi.

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral qishloq xoʻjaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan kuni oʻtgan yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasida hisob-kitob intizomida ham kamchiliklar borligi aytilgan edi. Yigʻilishda davlat rahbari, klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorligi hali toʻliq toʻlanmaganini tanqid qilgan.

Endilikda, yangi tizimga koʻra, oldingi qarzini 2024-yil 1-aprelgacha yopmagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi va fermerga paxtani birjada sotishga ruxsat beriladi.

Maʼlumotni elektron platformaga toʻliq kiritgan va fyuchers shartnoma imzolagan fermerga kredit koʻpi bilan uch kun ichida ajratiladi. Bu kabi salbiy holatlar esa uchinchi renessansga qadam boʻsagʻasidagi mamlakat fermerlarida keskin noroziliklar paydo boʻlishiga sabab boʻlmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish