Qidirish

06:36 / 2024-03-12 1104 0 Maqolalar

Qargʻa qargʻaning koʻzini choʻqimaydi: Gurlanlik fermerlar nega Toshkentda sarson?

Xorazm viloyatining Gurlan tumanidagi sholichilik fermerlar hali hamon sudlar va boshqa bir qator idoralar eshiklari ostida sarson boʻlishmoqda. Tuman prokuraturasining 40 ga yaqin fermer xoʻjaliklari ustidan maʼmuriy sudga kiritgan daʼvo arizasi qanoatlantirib, natija faqat hokimiyatni xursand qilish yoʻlida ishlayapti.

Yodingizda boʻlsa, bundan bir necha oy muqaddam Effect.uz Gurlanga borib, sholi yetishtiruvchi fermer xoʻjaligi rahbarlarining murojaatini oʻrgangan edi. Murojaatda bundan 5-yil avvalgi hokim qarori prokuratura tomonidan muhokama qilinib, sudga qaror noqonuniy ekanligi haqida daʼvo ariza kiritilgan.

Hokim qarorida tumandagi 1000 gektardan ortiq ekin yerlari sholichilik yoʻnalishida fermerlarga tenden asosida berilgan, mana oradan 5-yil oʻtib esa bu qarorni prokuror noqonuniy deb topmoqda. Tasavvur qiling, oradan bir emas ikki emas naqd besh yil oʻtgandan soʻng prokuratura qarorni noqonuniy ekanligini bilibdi. Ishondingizmi?

Xullas, shu orada Urganch tumanlararo maʼmuriy sudi fermerlarni eshitmasdan, tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon Gurlan hayoti gazetasida chop etilganini inobatga olmasdan, 40 nafarga yaqin fermerning sholichilikka ixtisoslashgan yerlarini hokimiyat zaxirasiga qaytarishda faollik koʻrsatdi.

Endilikda fermerlar Xorazm viloyat apellyatsiya sudidan najot kutishadi, bu qaror qanchalik toʻgʻri ekanligini ayta olmasakda, biroq Xorazm viloyati apellyatsiya sudi ham fermerlarga oʻzlari istagandak amaliy yordam koʻrsata olmaydi. Sud katta ehtimol bilan birinchi instansiya qarorini oʻzgartirishsiz qoldiradi. Bunga qanchalik asos bor, bunisi faqat sudyalarning vijdoniga va qonunlarga rioya qilishiga qarab belgilanadi.

Xorazm viloyati sudi raisi Bahodir Polvonov bilan bir necha yil avval suhbatlashganimizda u menga viloyatdan Oliy sudgacha borgan yoki Oliy suddan qaytgan har bir ish uchun sudya munosib javob beradi degan edi. Sud raisining soʻzlariga koʻra ish koʻriladigan boʻlsa, demak Xorazmda aynan Gurlan ishini koʻrgan jamoatchillikka “yaxshi tanish” boʻlgan bir-ikki sudya javob berishi mumkin.

Ayni kunlarda fermerlardan ayrimlari Toshkentda, Respublika Oliy sudi va Bosh prokuraturasiga shikoyat kiritishgan. Fermerlar yuqori idoralarning javobini kutishmoqda. Nima boʻlsa ham, endilikda ish baribir maʼmuriy ishlar boʻyicha Xorazm viloyati apellyatsiya sudida koʻriladi. Oʻylaymizki, sudyalar Qishloq xoʻjaligi vazirligining ish boʻyicha xulosasini, tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonning ommaviy axborot vositalarida yoritilgani va nega aynan prokuratura ushbu masalani oradan 5-yil oʻtib koʻtarganiga diqqat bilan eʼtibor qaratishadi.

Bizga yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra, hokimiyat bilan kelishib ketgan fermerlar ekin yerlarida paxta-gʻalla ekishmoqchi, xullas qogʻozdagi paxta-gʻalla svodkasiga hissa qoʻshishmoqchi. Nega unday deyotganimni tushuntirib bersam, sholi ekilgan yerlar birinchidan shoʻr, ikkinchidan bu yerlarga bundan avval ham paxta ekilgan boʻlib, gʻoʻza odam qarichi bilan oʻlchangan. Bir soʻz bilan aytganda sholi ekilgan yerlarni paxtaga almashtirish ayni kunda ahmoqona uslub, 0 ga teng hosildorlik bilan kattalarning koʻzini boʻyashning keragi yoʻq. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Xorazmga qilgan tashrifida viloyatga sholichilik boʻyicha yangi uslub kerakligini taʼkidladi.

Viloyatda sholichilik boʻyicha yondashuvlarni oʻzgartirish vaqti keldi, sohada kamchiliklar bor, xususan, hosilga zamonaviy ilmiy yondashuv kerak, yangi navlar yoʻq, suv sarfi yuqori.

Xorazmda koreyalik hamkor bilan sholi urugʻchiligi korxonasi tashkil etiladi. Yangi hosildor sholi navlarini olib kelib, Xorazm sharoitida sinaladi. Sholichilikda suv tejovchi texnologiya joriy qilish uchun subsidiya berish va klasterlarga sholi xaridi uchun imtiyozli kredit ajratish yoʻlga qoʻyiladi, degan prezident.

Prezident hech qachon fermerning burni qonashini istamaydi, davlat rahbari joylarda adolatli haqiqat yuzaga chiqishida, odillik boʻlishi tarafdori. Dolzarb mavzu, javobi yoʻq savollar bisyor, fermerlarning kayfiyati shu kunlarda koʻtarinki emas. Koʻplari, hatto yangi mavsumda yerga nima qadashni ham bilmayapti, chunki mavzuga aniq, loʻnda nuqta qoʻyilmagan. Effect.uz Gurlandagi hodisalarni kuzatib boradi.

Izohlar 0

Fikr bildirish