Qidirish

17:16 / 2024-03-09 1211 0 Maqolalar

Soʻzlasam til, yozsam qalam kuyadi...

Nafaqat davlat tilida, yozuvida ham! (Oʻzbekiston Respublikasida davlat tili — OʻZBEK tilidir! Davlat tili lotin yozuvi asosidagi OʻZBEK alifbosida bayon etilishi shart!!!)

“Lotin yozuviga toʻliq oʻtish choralari koʻriladi, mansabdorlar davlat tilini bilishi shart boʻladi”, Shavkat Mirziyoyev

world-news

“Davlat tili oʻzbek tili” deb eʼlon qilinganiga salkam 35-yil boʻlgan boʻlsada oʻz ona tilimiz, lotin yozuvi asosidagi davlat tilimiz hali-hanuz achinarli holda. Ona tilimizga nisbatan bunday achinarli holatlarning davomli boʻlayotganligini taʼriflaydigan boʻlsak: “tarixan oʻz ona tilingga ega boʻlgan boʻlsangda qaramlik davridagi mustamlakachi davlat tomonidan madaniyating, maʼnaviyating bilan bir qatorda ona tilingni ham yoʻq qilib, oʻzinikini singdirishda davom etishidir!».

Milliy mustaqilligimizni qaytadan qoʻlga kiritganimizga 33-yil toʻlayotgan boʻlsada davlat tili bilan bogʻliq muammolarning saqlanib qolinganligi davlat uchun ham va bu davlatning har bir fuqarosi uchun ham achinarli holat. Aslida esa “davlat yoki mansabdor shaxslar aybdor” deyish mutlaqo notoʻgʻri! Islohotni oʻzimizdan boshlaylik, keng jamoatchilik nazoratini oʻrnata olaylik!

Davlat tili va uning bayon etiladigan yozuvini tele va radiokanallarda, barcha ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy takliflar asosidagi koʻrsatuv va eshittiruvlar, maqolalar orqali targʻib qilishimiz kerak!

Qaysidir davlat tashkilotiga biror yumush yoki toʻlov qilish uchun borganimizda boshqa tilda yoki kiril yozuvi asosida rasmiy hujjat yoki toʻlov qogʻozi berilganda rad etishimiz, lotin yozuvi asosidagi davlat tilida bayon etilgan namunasini talab qilishimiz shart! Aks holda, mazkur biz uchun oddiydek tuyulayotgan bu kabi holatlar asriy muammolarga aylanib qolishda davom etaveradi.

Rasmiy tele va radiokanallar, saytlarda jurnalistlar tomonidan efirga uzatilayotgan har bir koʻrsatuvlar, yangiliklar davlat tili va adabiy til qoidalariga amal qilingan holda efirga uzatilmoqda (aslida, ularda ham istisno holatlar mavjud), biroq xususiy telekanallar va ayrim norasmiy saytlar davlat tili va adabiy til qoidalarini butunlay buzgan holda chet tili soʻzlaridan foydalanib shevada har xil koʻrsatuv, eshittirish, film va seriallar efirga uzatilmoqda. Keng jamoatchilik esa har doimgidek jimjit holda tomosha qilmoqda va undan oʻrnak olmoqda.

2020-yil 20-oktyabrda (PF-6084-son) “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilingan edi.

Ushbu farmon ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yil 10-fevralda Vazirlar Mahkamasining 61-sonli “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorning 1-ilova qismidagi ayrim masalalarning “lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtish” mexanizmining ijro muddati oʻtgan boʻlsada, qonunning buzilish holatlari kuzatilib, bu masala amalda toʻliq tatbiq etilmayapti:

  1. Ish qogʻozlari, turli blanklarni toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilishini taʼminlash (2022-yil dekabrdan) – belgilangan oxirgi muddatdan 1-yildan koʻp oʻtgan boʻlsada;
  2. Mamlakatimizdagi joy, koʻcha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targʻibot vositalari, reklama va eʼlonlarni toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilishini taʼminlash (2022-yil dekabrdan) – belgilangan oxirgi muddatdan 1-yildan koʻp oʻtgan boʻlsada;
  3. Markaziy, mahalliy bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyatini toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtkazish (2022-yil dekabrdan) – belgilangan oxirgi muddatdan 1-yildan koʻp oʻtgan boʻlsada;
  4. Oʻzbekiston Respublikasida ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari yuzasidan tayyorlangan dissertatsiyalar himoyasi bilan bogʻliq jarayonlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlash (2022-yil dekabrdan) – belgilangan oxirgi muddatdan 1-yildan koʻp oʻtgan boʻlsada;
  5. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish amaliyotini toʻliq joriy qilish (2023-yil 1-yanvardan boshlab) – belgilangan oxirgi muddatdan 1-yildan koʻp oʻtgan boʻlsada.

Bu kabi mazkur masalaga oid qonun buzilishi holatlarini sanaydigan boʻlsak adogʻi yoʻq. Birgina misol, qaysidir tadbirkorlik obyekti, doʻkon nomlari va mahsulot reklamalarida ham “davlat tili” va “lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilishi” bilan bogʻliq qonun buzilish holatlari ham yoʻq emas. 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan “Reklama toʻgʻrisida”gi (OʻRQ-776-son) qonunning 6-moddasi “Reklamaning tili” deb nomlanib, unga binoan: “Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi. Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

  • reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzib koʻrsatmasligi kerak;
  • tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;
  • reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining oʻlchami Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining oʻlchamidan kichik boʻlishi kerak;
  • tele-radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Biz davlat tilida ish yuritish, yozma murojaatlar, nashrlar va rasmiy hujjatlarda oʻzbek tilida joriy etilishida koʻplab yutuqlarga erishdik, buni tan olamiz. Lekin unutmaylikki, Oʻzbekiston Respublikasida davlat tili LOTIN yozuvi asosidagi OʻZBEK tilidir!

Shunday ekan, har qanday normativ-huquqiy hujjatlar, rasmiy veb-saytlar, ish qogʻozlari va turli blanklar, joy va koʻcha nomlari, reklama va eʼlonlar, markaziy, va mahalliy bosma, elektron OAV, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyati toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishi shart.

Buni targʻib va talab qilish har birimizning, keng jamoatchilikning burchi! Agar biz Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida davlat tili hisoblangan OʻZBEK tili va uning lotin yozuvi asosidagi OʻZBEK alifbosida bayon etilishi nazoratini oʻrnata olsak nafaqat Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillarining, xorijiy davlat rasmiy vakillarining ham davlat tilimizga nisbatan hurmatini va uni oʻrganishini targʻib qilgan boʻlamiz!

Zavqi bek Mahmudov Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

Izohlar 0

Fikr bildirish