Qidirish

00:46 / 2024-03-08 1481 0 Maqolalar

Qamoqdagi oʻlim: Sobiq hokimning boʻynidagi qarzlari qiyomatga qoldimi?

Joriy yilning 5-mart kuni 10-yil muddatga ozodlikda mahrum etilgan Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov jazoni ijro etish muassasasida vafot etgandi. Uning bevaqt oʻlimi ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Chunki, Bahrom Haydarov viloyat moliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan vaqtda sheriklari bilan 48 mlrd soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgani hamda hokim hokim sifatida ham yer ajratish bilan bogʻliq qonunbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,7 mlrd soʻmdan ortiq zarar keltirgani uchun 10-yil ozodlikdan mahrum qilingan boʻlib, keltirilgan zararlarni endi kim toʻlashi haqida turli savollar paydo boʻlmoqda.

Shuningdek, marhumni bilganlar uning qamoqda jazoni ijro etishiga sogʻliqi toʻgʻri kelmaganligini ayrim sudlar inobatga olmaganini tanqid qilishmoqda. Haydarovning vafotida sudlar adolatsiz qarorlar chiqargan boʻlishi mumkin.

2019-yil 8-oktyabrdan Andijon shahar hokimi lavozimiga rasman kirishgan Bahromjon Haydarov 2022-yilning iyun oyida jinoyat qilganlikda ayblanib, protsessual tartibda ushlangan, ushbu tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan.

1972-yilda Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyatida tugʻilgan Bahromjon Haydarov Toshkent shahrida joylashgan 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada davolanayotgan boʻlgan.

Kasalxona tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, marhum B.Haydarov “Yurak ishemik kasalligi zoʻriqish stenokardiyasi, Koronar qon tomirlar stentlash operatsiyasidan gipertonik kasalligi III bosqich, arterial gipertenziya-III yaʼni xavfi Oʻta yuqori tashxisi bilan 2024-yil 5-mart kuni soat 00:15 larda kasalxonaning terapiya boʻlinmasida olamdan oʻtgan.

Holat haqida kasalxona rahbariyati tomonidan maxsus prokurorga va Jazoni ijro etish departamentiga maʼlumot hamda marhumning yaqin qarindoshlariga xabar berilgan. Maxsus prokuratura tomonidan sud-tibbiy ekspertlar jalb qilingan holda tekshiruv oʻtkazilgan. Shu kuni soat 8:30 larda marhum oʻgʻli va qudasi tomonidan olib ketilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovga koʻra, hozirda holat yuzasidan Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Jarayonning yana bir tomoni shundaki, Bahrom Haydarov qamoqxonada jazo muddatini oʻtayotgan paytida jiddiy kasalliklar bilan ogʻrigan, koloniya boshligʻi Haydarovning sogʻligi yomonlashgani sabab uni Jinoyat kodeksining 75-moddasiga asosan yaʼni shaxs jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasallikka chalinib qolsa, jazoni oʻtashdan ozod qilinishi lozimligi koʻrsatilgan boʻlsada jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudi Bahrom Haydarovni jazoni oʻtashdan ozod qilish haqidagi taqdimnomani rad etgan.

“Sud ish hujjatlarini tekshirib, davolovchi shifokor va advokat E.Nosirovning taqdimnomani quvvatlab bergan fikrini, prokurorning taqdimnomani rad qilishni soʻrash haqidagi fikrini eshitib, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining 2023-yil 2-noyabrdagi Nº230-sonli xulosasida, mahkum B. Haydarovga qoʻyilgan tashxis asosli ekanligi yozilgan boʻlsa-da, biroq mahkumning mazkur kasalliklari uni jazosini oʻtashga monelik qilayotgani haqida koʻrsatib oʻtilmaganini, shu bilan birga, u tomonidan sodir etilgan jinoyat ogʻir jinoyatlar turkumiga kirishini, oʻtalmagan jazo muddati 8-yil 6 oy 21 kunni tashkil etishini inobatga olib, mahkum B.Haydarovga nisbatan kasalligi tufayli jazoni oʻtashdan ozod qilish haqida keltirilgan taqdimnomani rad qilishni lozim deb hisoblaydi”, deyilgan ushbu sud ajrimida.

Ish 2023-yil 30-noyabr kuni Toshkent shahar Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida ham koʻrilgan. Sud majlisida raislik qiluvchi sudya Rajabov birinchi instansiya sudi chiqargan ajrimni oʻzgarishsiz qoldirgan.

“Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining 2023-yil 15-noyabrdagi ajrimi oʻzgarishsiz, keltirilgan xususiy apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin. Ajrim uzil-kesil hisoblanib, shikoyat, protest keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi”, deyiladi shahar sudi qabul qilgan ajrimda.

Yuqorida birinchi instansiya sudi qarorida sobiq hokimning kasalligi haqidagi hujjatlar oʻrganilgani, Respublika Sud-Tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining xulosasida, mahkum B.Haydarovga qoʻyilgan tashxis asosli ekanligi yozilgan boʻlsa-da, biroq mahkumda aniqlangan kasalliklar uning jazosini oʻtashiga monelik qilayotgani haqida koʻrsatib oʻtilmagani va boshqalar vaj qilinib, 23-son MUIK tomonidan berilgan taqdimnoma rad etilgan.

Bahrom Haydarovning advokatiga koʻra, keltirilgan aynan shu vaj sababli u Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialiga sobiq hokimda aniqlangan kasalliklar uning jazo oʻtashiga monelik qilish-qilmasligini aniqlash maqsadida advokatlik soʻrovi bilan murojaat qilgan. Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining advokatga bergan javob xatida shunday deyiladi:

"2023-yilning 2-noyabrida Haydarov Bahromjon Nosirboyevichni salomatlik holatini baholash yuzasidan komission sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazilgan.

1. B.Haydarovda ekspertiza oʻtkazilgan vaqtda aniqlangan kasalliklar salomatlik holati boʻyicha uning ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazoni oʻtashiga monelik qiladi.

2. B.Haydarovda ekspertiza jarayonida aniqlangan kasalliklarning majmui, ularning rivojlanganlik darajalari va asoratlarning mavjudligi unda har qanday vaqtda ogʻir (qaytmas) oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan dalolat beradi”, deyiladi ekspertiza xulosasida.

Marhumning advokatiga koʻra, u asosli hujjat bilan, Toshkent shahar taftish instansiyasiga murojaat qilgan. Sud 2024-yil 1-fevral kuni boʻlib oʻtgan. Keltirilgan barcha hujjatlarga qaramay, taftish instansiyasi ham birinchi instansiya va appelyatsiya instansiyasi sudi ajrimlarini oʻzgarishsiz qoldirgan. Katta ehtimol bilan qamoqda qolgan sobiq hokimning kasalligi jiddiylashib, ogʻir holatgacha borgach, qamoqxonada jon bergan.

Vaholanki, birinchi, apellyatsiya, taftish instansiyalari sudlarining 7 nafar sudyalari jazodan ozod qilish haqidagi taqdimnomani maʼqullashlari uchun qonuniy asos bor edi.

Haydarovning yaqinlari, agar u ozod qilinsa, davolatish choralarini koʻrish harakatida boʻlishgan, biroq, sudyalarning adolatsiz yondashuvi endilikda marhumning yaqinlarini bunday imkoniyatdan mahrum qilgan.

Maʼlumot oʻrnida, Bahromjon Haydarov 1972-yilda Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyatida tugʻilgan, 1995-yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini sirtqi, 1998-yil Oʻzbekiston Bank-moliya akademiyasini kunduzgi formatda tamomlagan.

1994-yilda Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasida ish boshlagan Bahromjon Haydarov 2017-2019-yillarda boshqarma boshligʻi sifatida faoliyat koʻrsatgan. 2019-yil 8-oktyabrdan Andijon shahar hokimi lavozimiga rasman kirishgan Bahromjon Haydarov 2022-yilning iyun oyida jinoyat qilganlikda ayblanib, protsessual tartibda ushlangan.

2022-yilning dekabr oyi oxirlarida Bahrom Haydarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan 3-yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 10-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, va bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, yaʼni 85 mln 750 ming soʻm jarima jazosi belgilangan.

52 yoshga kirib, bu foniy dunyoni tark etgan Bahrom Haydarovni koʻplab andijonliklar tiriklik chogʻidagi ijobiy yordamlari bilan eslashadi.

Jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev ushbu xabarni shunchaki xabar sifatida emas, balki favqulodda holat sifatida qabul qilinishi kerakligini aytdi.

«Shaxsning jazoni ijro etish muassasi, tergov hibsxonasi, IIB yoki prokuratura binosida vafot etishi oddiy xabar emas, favqulodda vaziyat sifatida qaralishi kerak.

Oʻzi nega inson qamoqxona, IIB yo prokuratura binosida vafot etadi? Bu “demak, u yerda qiynoq boʻlgan, uni oʻldirishgan”, degan xulosa keltirib chiqarishi tabiiy», deydi Rasul Kusherbayev.

Izohlar 0

Fikr bildirish