So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
“Prezidentning investorlarga bergan kafolatiga hozirgacha ishonyapmiz” – “MIZAN” xorijiy korxonasi Geologiya vazirligi bilan sudlashyapti
Yildan yilga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekistonga yuzlab xorijiy kompaniya va korxonalarning qiziqishlari ortib bormoqda, ular hukumat himoyasida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi gigant tadbirkorga aylanib, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va ish oʻrinlarini yaratishlari bilan bandlik muammosiga barham berishda qoʻshimcha kuch boʻlishmoqda.
Samarali iqtisodiy isloxotlar amalga oshirilayotgan bugungi kunda tadbirkorlar manfaatini ximoya qilish Oʻzbekiston siyosatining ustuvor vazifasiga aylangan. Ammo, turli idoralarning tushunarsiz qarorlari ortidan ayrim holatlarda nafaqat tadbirkorlar balki investorlarning huquqlari poymol qilinishiga oddiy holat sifatida qaralyapti.
Effect.uz ushbu videolavhani tayyorlash uchun bir oydan koʻproq vaqt sarfladi. Uzoq vaqt olib borilgan jurnalistik surishtiruv davomida Ohangaronda joylashgan 191 gektarlik “Apartak 3” koʻmir konidan boshlab, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi va sudlarning turfa ishlari haqida soʻz boradi.
Turkiyaning MIZAN ITHALAT VE IHRACAT TURIZM PAZARLAMA TICARET LIMITED SIRKETI yagona taʼsischi boʻlgan “MIZAN ITHALAT VE IHRACAT TURIZM PAZARLAMA TICARET” MCHJ Oʻzbekistonda 2021-yilning 13-iyul kuni roʻyxatdan oʻtgan. Jamiyat asosan boshqa rangli metall rudalarini qazib olish faoliyati bilan shugʻullanishi belgilangan.
Jamiyatning yagona taʼsischisi MIZAN ITHALAT VE IHRACAT TURIZM PAZARLAMA TICARET LIMITED SIRKETI ekanligi hatto turk ommaviy axborot vositalarida, xususan gazetalarda yoritilgan. 2022-yil 17-aprel kuni xorijiy korxonaga Qurbonov Sobir Fayzullayevich direktor etib tayinlanadi.
Jamiyat konchilik faoliyatini olib borishi uchun Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzurida boʻlgan Togʻ-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining kon ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnomasini 2023-yilning 27-mart kuni qoʻlga kiritgan.
Ungacha xorijiy korxona Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Apartak 3” koʻmir konida foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini tasdiqlaydigan 10-yillik ruxsatnomani Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligidan 2023-yil 10-yanvar kuni olishga ham erishgandi. Xuddi shu ruxsatnoma orqali xorijiy korxona avgustgacha ishladi, biroq vazirlik ruxsatnomani bekor qilgach, turk kompaniyasining osmonida qora bulutlar ucha boshlaydi.
Ayni vaqtda “Mizan Ithalat ve Ihracat Turizm Pazarlama Ticaret” MCHJ xorijiy (turk) korxonasi direktori Sobir Qurbonov (millati oʻzbek) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan sudlashyapti. Chunki, vazirlik xorijiy korxonaga oʻzi tomonidan 2023-yil yanvarda bergan ruxsatnomasini noqonuniy ravishda muddatidan avval bekor qilib yuborgan. Eslatib oʻtamiz, ushbu ruxsatnoma orqali jamiyat “Apartak 3” koʻmir konida foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga 10-yil davomida ega boʻlishi kerak edi.
Biroq, vazirlik ruxsatnomani jamiyatda bosh hisobchi boʻlib ishlaydigan (keyinchalik shu ruxsatnoma qayta rasmiylashtirib berilgan MCHJda direktor boʻlib ishlaydigan shaxs U.Z) shaxs Umid Zaripov (ismi oʻzgartirilgan) ning murojaatiga koʻra “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qonunning 33-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisini asoslagan holda” bir qarori bilan bekor qiladi. Qarorda vazir Bobir Islomovning imzosini koʻrish mumkin.
Shu kungacha uchta sudda koʻrilgan jarayon xorijiy korxonaning zarariga ishlashi ortidan, Toshkent shahar prokuraturasi sud qarorlarini bekor qilish boʻyicha protest kiritgan. Ishning sudga koʻchishi aynan vazirlikning prokuratura protestida koʻrsatilgan noqonuniy qaror bilan bogʻliq. Vazirlik tomonidan 2023-yil 7-avgust kuni qabul qilingan 11-sonli qaror negadir ochiq manbalarda mavjud emas.
Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi sudlarda jamiyat vakili murojaatiga koʻra ruxsatnomani bekor qilish mumkin ekanligiga urgʻu qaratmoqda. Vaholanki, jamiyat vakili boʻlgan shaxsda bunday vakolat mutlaqo boʻlmagan va u jamiyat direktorining 8-sonli farmoni bilan 2-may kuni faqatgina bosh hisobchi lavozimiga tayinlangan. Ammo u oʻzini vazirlik yoki boshqa idoralarga yuqori vakolatli shaxs sifatida tanishtirgan.
Umid Zaripovning moliyaviy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarligi toʻgʻrisidagi 7-sonli farmonning asl nusxasi sudga taqdim etilmagan, sababi, hujjatning asl nusxasi mavjud emas, katta ehtimol bilan bu farmon soxtalashtirilgan boʻlishi mumkin. My.Mehnat.uz saytida ham jamiyatning moliyaviy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari vakanti hozirgacha boʻsh qolmoqda.
Ish boʻyicha Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi 28-sentyabr kuni “Mizan Ithalat ve Ihracat Turizm Pazarlama Ticaret” MCHJ foydasiga zid boʻlgan qarorni eʼlon qiladi, undan keyingi sudlar ham quyi instansiya xulosasiga tayangan. Xususan, Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi sudyasi Suhrob Yoʻldoshevning qarorini, 20-noyabr kuni Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasi sudyasi Xojiyev, hayʼat aʼzolari Talipov va Rahmudinovlar ham bir soʻz bilan qoʻllashgan.
Toshkent shahar maʼmuriy sudi taftish instansiyasida sudya Almamedov, hayʼat aʼzolari Salimov va Yusupovlarning 19-yanvardagi qarori qabul qilishidan bir kun avval Toshkent shahar prokuraturasi bungacha boʻlgan ikki instansiya qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida protest kiritgan.
Ammo shahar maʼmuriy sudi taftish instansiyasi sudyalari Toshkent tumanlararo va shahar maʼmuriy sudining qarorini kuchida qoldirgan, protestdagi yetarli asoslarni inobatga olmagan. Ushbu instansiya qarori protest kiritilgach, atigi oradan bir kun oʻtib qabul qilingan.
Ruxsatnoma “Mizan”dan 7-avgust kuni olib qoʻyilgach, 15-avgust kuni boshqa xorijiy korxonaga qaytadan rasmiylashtirilgan, vazirlik “Mizan”ning norozilik xatlariga goʻyoki ish sudda koʻrilayotgani, keyinchalik vakolatli organning tegishli qarori boʻlsa, uning ijrosini taʼminlashini bildirgan. Bungacha yoʻllangan xatlar javobida vazirlik Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qonunni asos sifatida koʻrsatgan edi, keyinchalik esa bu qaror unutilib, goʻyoki sud qarori ijrosi taʼminlangani aytilgan.
Ha, ish sudda qonuniylashtirildi ham deylik, lekin sud qarori ijrosini taʼminlashi kerak boʻlgan vazirlik bu ishlarni dastlabki sudgacha amalga oshirib boʻlgandi. Vazirlikning bu harakatini qanday holatda toʻgʻri tushunish mumkin?
Yaʼni 2023-yil 28-sentyabrda Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining hal qiluv qarori qabul qilingan boʻlsa, vazirlik ruxsatnomani sud qaroridan 45 kun avval vazir Bobir Islomov imzosi bilan jamiyat nomidan ish yuritish vakolatiga ega boʻlmagan, vakillik qilishda ishonchnomaga ega boʻlmagan shaxs – Umid Zaripov murojaatiga asosan bekor qilgan.
Maʼlumki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari” toʻgʻrisidagi qonunning 6-moddasiga koʻra, murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak. Aynan shu qonunning 29-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshiga koʻra jismoiy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud boʻlmagan taqdirda koʻrib chiqilmaydi, yoki oʻz-oʻzidan qaytariladi.
“Mizan” jamiyati direktori nomidan ishonchnomasiz ish yuritish vakolati jamiyat direktoridan boshqa hech kimda mavjud emas, lekin shunday boʻlishiga qaramasdan bosh hisobchi lavozimida boʻlgan Umid Zaripov Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga murojaat etishga jurat topgan, vazirlik esa yuqorida keltirilgan qonun talablariga zid ravishda ish koʻrgan. Sud esa ushbu holatlarni sinchkovlik bilan tekshirmagan, qonuniy baho bermagan.
Vazirlik, 11-sonli qarorni qabul qilishda katta ehtimol bilan qoʻpol xatoga yoʻl qoʻygan boʻlishi mumkin. Sudda protestni qoʻllagan prokuror bu borada shunday xulosa qilgan: Sud tomonidan nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan muhim holatlarni aniqlash chorasi koʻrilmagan.
Deylik, Zaripovning vazirlikka ariza yoʻllash vakolati bor deydigan boʻlsak ham vazirlik bu xat bilan ruxsatnomani toʻxtatish boʻyicha mulohaza qilishi, vaholanki, “Mizan”ga murojaatning haqiqiyligini tekshirishi uchun vaqt yoki imkon ham berishi ham mumkin edi.
Hatto, Vazirlikda jamiyat nomidan oʻzicha ish yuritgan “vakil”ning ruxsatnomani boshqa MCHJga qaytadan rasmiylashtirish soʻrovini, qoʻllamasdan bevosita ignor qilish varianti ham yoʻq emasdi.
Biroq, shunisi qiziqki, Geologiya vaziri Islomov vakolati boʻlmagan shaxsning noqonuniy murojaatiga labbay deya javob bergan, dastlab korxona faoliyatiga ruxsat berib, keyin negadir yana qaytarib olgan? Ustiga-ustak, ruxsatnoma muddatidan ancha avval toʻxtatilgan. Bu xuddi yosh bolaga qimmat mashina kalitini ushlatib, birozdan soʻng yana qaytarib olishdek gapdir…
Shu oʻrinda savol: Nega Bobir Islomov nizo keltirib chiqarishi ehtimol bor hujjatni imzoladi, uni bu hujjatning tasdiqlashiga qanday omillar majburlagan boʻlishi mumkin?
Vazirlik katta ehtimol bilan 11-sonli qarori sudlarda ham bekor boʻlmasligiga ishongan. Chunki, hali mavjud boʻlmagan sud qaroridan avval oʻzi xulosa qilgan.
Daʼvogar “Mizan” sudda hatto QR kod tushirilmagan, jamoatchilik nazariga koʻrsatilmagan 11-sonli qaror bekor boʻlishini soʻraydi, ammo uchta sud ham xorijiy korxona manfaatiga qarshi, qator xatolar mavjud boʻlgan qarorni qabul qildi. Prokuror protestida sudlarning ayrim holatlarga qonuniy eʼtibor qaratmagani, ishni puxta oʻrganmani bot-bot qayd etilgan.
Ha, sud prokuror tilidan aytilgan noqonuniy qarorni tan oldi, ammo nega vazirlik aynan shu konga tegishli ruxsatnomani toʻxtatgach, oradan 8 kun oʻtib, Umid Zaripov direktor etib tayinlangan MCHJga berdi, bu sizga qandaydir erish tuyulmayaptimi?
Eʼtiborlisi, sud hujjatida ruxsatnomani boshqa MCHJga qayta rasmiylashtirish koʻrsatilmagan, ammo vazirlik buni bila turib, qaysi asoslar yoki talablarga koʻra, bir korxonaning ruxsatnomasini tugatdi va boshqa bir yaʼni aynan Umid Zaripov soʻragan MCHJga shunchaki qoʻsh-qoʻllab topshirdi.
Prokuror protestida keltirilgan bir jihatga eʼtibor qaratishimiz kerak, yaʼni Umid Zaripov 8-iyun kuni vazirlik bilan bogʻlanib, ruxsatnomani toʻxtatish imkoniyatlarini koʻrib chiqqan holda, uni boshqa MCHJga rasmiylashtirishni soʻraydi. Murojaat qilingan muddatda esa aynan ushbu korxona Oʻzbekiston hududida umuman mavjud boʻlmagan. Quyi instansiya sudlari ham bu holatlarni mutloq unutgan. Boʻlib oʻtgan vaziyatlar ortida sud qarorlari shunchaki, ish materiallariga qonuniy dastak sifatida kiritilgan. Hujjat bormi, bor…
Gʻalati ishlar oqibatida manfaatlar toʻqnashuvi kuzatilgan, ikki jamiyat oʻrtasida ziddiyatlar boshlangan. Ammo shu paytgacha tegishli idoralar bu kabi qingʻir ishlarga panja ortidan qaragan, sudlar esa qaror qabul qilishda investorning himoyaviy ishonchiga putur yetkazgan.
Jamiyat bosh direktori Sobir Qurbonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda investorlarga berilgan kafolatlariga ishonch bildirishini taʼkidlaydi.
“Bu ishdan manfaatdor «kuchlar” kimligini bilamiz, qoʻlimizda yetarli maʼlumotlar mavjud. Investor sifatida Shavkat Mirziyoyevning “investorlarga hech kim toʻsiq boʻlmaydi” deya aytgan soʻzlariga ishonchimiz soʻnmagan. Sudlar va Geologiya vazirligining xorijiy korxonamizga nisbatan qilgan nohaqliklari yuzasidan, shaxsan Prezidentdan amaliy yordam soʻraymiz. Oliy sud arizamiz asosida investor foydasiga odilona va haqqoniy qaror qabul qiladi degan umiddamiz», deydi jamiyat direktori.
Qiziq, vazirlikka bemalol gapi oʻtadigan, hatto sudlarga qilgan ishlari toʻgʻri ekanligini isbotlab kelayotgan, hozirgina korxona direktori tilga olgan “kuchlar” kim boʻlishi mumkin? Bu ishlar ortida kimlar turibdi, EFFECT.UZ mazkur voqealar rivojini yoritib boradi.