Qidirish

12:36 / 2024-01-22 741 0 Maqolalar

«Hatto Brejnevga ham yozganman bu muammoni!» — Аndijonda yarim asrlik muammo hal etildi

Husanboy ota ushlagan joyini qoʼyvormaydigan odam. Bir ishni boshladimi, to yakuniga yetkazmaguncha tinchimaydi. U oʼz manfaati uchun emas, xalqni, qishloq odamlarining uzogʼini yaqin qilish uchun yelib-yuguradi. Boʼlmasa, 1968 yildan buyon bitmagan ish uchun yarim asrdan buyon idorama-idora yurmas edi.

world-news

Gap shundaki, Аndijon viloyati Izboskan tumanidagi «Katta qishloq» mahallasi oʼrtasidan oqib oʼtuvchi «Tentaksoy» daryosiga solingan eski koʼprikni bundan yarim asr muqaddam sel yuvib ketgan.

Rahbarlarning eʼtiborsizligi tufayli uni taʼmirlash shuncha yildan buyon paysalga solib kelinganligi bois, odamlar daryoning u tomoniga oʼtish uchun 14 kilometr yoʼl bosishga majbur boʼlgan.

Husanboy ota keksayu yoshning, ayniqsa ayollarning yoʼl azobini tortayotganini koʼrib, achinadi. Qanchadan-qancha idoralar eshigida sargʼayadi. Аmmo bu koʼprikni taʼmirlash uchun mablagʼ berilmaydi. Rahbarlar esa “Keyingi yil dasturiga kiritamiz” degan vaʼdani berishdan charchashmaydi.

«Hatto sobiq ittifoq davrida Leonid Brejnevga ham shu koʼprikni taʼmirlash yuzasidan ariza yozganman.  Mustaqillik yillarida ham deyarli murojaat qilmagan rahbar qolmagan. Аriza boʼyicha kelib koʼrishadi, uzunligi 73 metr, eni 10 metrlik koʼprikni qurish uchun katta mablagʼ talab etilishi bois, ishni orqaga surishadi. 

Nihoyat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatim tufayli muammo hal boʼldi. 6 milliard 734 million soʼm mablagʼ ajratildi, qurilish boshlandi va tez orada koʼprik foydalanishga topshirildi», - deydi Husanboy ota Orifjonov.

Qayd etish kerak, yangi koʼprik Izboskan va Paxtaobod tumani aholisi uchun qulaylik yaratibgina qolmasdan, transport vositalari harakati uchun ham asosiy vosita vazifasini oʼtamoqda. Natijada 500 ming nafardan ziyod aholiga qulaylik yaratilib, uzogʼi yaqin qilindi. Husanboy otaning yarim asrlik murojaati hal etildi.

Oʼzbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalarning ahamiyati beqiyos.

Mazkur tizim bevosita davlat rahbariga murojaat qilish, xalq bilan doimiy muloqot olib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni oʼz vaqtida samarali hal etishning taʼsirchan mexanizmiga aylandi.

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan ham aholini qiynayotgan muammolarni oʼrganish, ijobiy hal etish, ularning ariza, shikoyat va murojaatlarida koʼtarilgan masalalarga yechim topish borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Misol uchun Prezident Xalq qabulxonasiga Choʼrtonliq mahallasidan Tursunboy Qoʼchqorov maktub yoʼllab, oʼn yildan buyon qishloqda yangi maktab qurishni soʼrab murojaat qilayotganini, lekin biror natija boʼlmayotganini aytgan. Murojaat oʼrganib chiqilgach, koʼp oʼtmay dasturga kiritildi.

Tezkor amalga oshirilgan saʼy-harakatlar tufayli qishloq bolalari yangi maktabda qatnay boshladi. 210 oʼrinli maktab Choʼrtonliq mahalla ahliga munosib tuhfa boʼldi.

Bundan tashqari, Oybek mahallada yashovchi Boqijon Mahmudov oʼz murojaatida Izboskan tumanida xususiy shifoxona ochib, aholiga tibbiy xizmat koʼrsatib kelayotganini maʼlum qilgan.

Muammo shundaki, aholiga zamonaviy tibbiy xizmat koʼrsatish maqsadida Xitoydan olib kelinayotgan 2 milliard 400 million soʼmlik zamonaviy tibbiy jihozlar 5 oydan buyon bojxona terminali omborxonasida nomaʼlum sabablarga koʼra ushlab turilgan. Bu murojaat ham Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan ijobiy hal etildi va tibbiy jihozlar shifoxonaga keltirib oʼrnatildi. Xalq qabulxonalari tomonidan respublika miqyosida yangicha jarayonlarni amaliyotga tatbiq etilishi oʼz samarasini bera boshladi.

Yaʼni, barcha viloyatlarda tashkilot, muassasa rahbarlari bilan kelishilgan holda respublikaning eng chekka va olis hududlarida ommaviy sayyor qabullar oʼtkazila boshlandi. Natijada yuzlab murojaatlar qabul qilinib, koʼplab soʼrovlar yuzasidan ijobiy yechimga erishilyapti.

Minglab oʼzbekistonliklar oʼzlarining uzoq yillar davomida yechimini kutib turgan muammolari hal boʼlganidan xursand boʼlganligi yangi tizimga berilgan munosib bahodir.

Bir soʼz bilan aytganda, Xalq qabulxonasi instituti xalq bilan muloqotning oʼziga xos, noyob tizimi sifatida jamiyatdagi muammolarni bartaraf etishga, odamlarning oʼz hayotidan rozi boʼlib yashashini taʼminlashga yaqindan yordam bermoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish