Qidirish

18:55 / 2024-01-06 1199 1 Maqolalar

Qatagʻon qilingan adolat posbonlari – Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshevdan katta maqola…

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mustabid tuzum davrida nohaq qatagʻon qilingan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini oʻrganish, ularning pok nomlarini tiklash, xotirasini abadiylashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda yuzlab ana shunday fuqarolar, jumladan, qanchadan-qancha jadid bobolarimiz Oliy sud tomonidan oqlangani bu yoʻldagi muhim amaliy qadam boʻldi.

world-news

Bugun inson qadrini ulugʻlash gʻoyasi davlat va jamiyatimizning eng ezgu va oliy maqsadiga aylangan. Bu maqsadga erishishning hal qiluvchi omillaridan biri esa, xalqimizning tarixiy xotirasini tiklash, millatimiz va mamlakatimiz saodati yoʻlida shahid ketgan ajdodlarimizning pokiza nomlarini abadiylashtirish, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirishdir.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev doimo marhumlar, ayniqsa, el-yurt manfaatlari yoʻlida jonini tikkanlar ruhiga ehtirom koʻrsatish zarurligi haqida gapiradilar, bu borada muhim vazifalarni belgilab beradilar.

2023-yilning 31-avgust kuni Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida masʼullar va jamoatchilik vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda ham Prezidentimiz qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdilar, barchamizga koʻrsatmalar berdilar. Bizningcha, avvalo, bunday tashabbuslarning ahamiyatini chuqur tushunishimiz, qalbdan his qilishimiz zarur.

Shoʻrolar qatagʻoni davrida minglab begunohlar qatorida prokuratura tizimi vakillari ham koʻplab musibatlarga duchor etildi. Or-nomusini har narsadan ustun qoʻyib, nohaqliklarga qarshi borgan, qatʼiyat koʻrsatgan, chin maʼnoda dovyurak va vatanparvar mahalliy xodimlarning 150 nafari ustidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ulardan 30 nafari otib tashlangan.

Qatagʻonga uchraganlarning aksariyati nafaqat sud-huquq tizimining fidoyi vakillari, balki el-yurt taqdiri uchun kuyungan, uning saodati yoʻlida borini berishga tayyor boʻlgan millatimizning sadoqatli, salohiyatli, noyob isteʼdodli farzandlari edi.

Chapda – Abdurahim Yusufzoda. Oʻngda – Mirzo Qoʻqonboy Abduxoliqzoda

Jumladan, 1920-1924-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi adliya xalq noziri va Respublika prokurori boʻlib ishlagan Abdurahim Yusufzoda taraqqiyparvar “Yosh buxoroliklar”ning yetakchilaridan biri boʻlgan. Uning tashabbusi bilan Buxoro shahrida uchta sud binosi barpo etilgan, sudlov organlarida birinchi bor apellyatsiya organi – “Taniz mahkamasi” (“Arz mahkamasi”) tashkil etilgan, sudyalarni olim, fozil, naslnasabli nomzodlardan saralab tayinlash yoʻlga qoʻyilgan, tarixiy-meʼmoriy obidalardan hibsxona sifatida foyda lanish amaliyotiga barham berilib, ular qayta tiklanib, Buxoro madaniyat muzeyiga aylantirilgan.

Aynan Abdurahim Yusufzodaning saʼy-harakatlari bilan 1924-yilda Moskvada rus va oʻzbek tilida “Buxarskaya jizn” nomli jurnal hamda Oʻzbekistondagi ilk kinostudiya – “Buxoro-Rus kinojamiyati” tashkil etilgan. Abdurahim Yusufzoda 1924-yilda Rossiya havo floti – “Dobrolyot” bilan shartnoma imzolab, Buxoro – Xiva – Toshkent – Olmaota yoʻnalishlarida havo qatnovi va pochtani yoʻlga qoʻygan, “Yunkers” firmasidan 6 ta samolyot xarid qilinishiga erishgan. Afsuski, u 1936-yilda NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinib, 1937-yilda otuvga hukm qilingan.

– Qatagʻon yillarida nohaq ayblangan yana bir prokuror Mirzo Qoʻqonboy Abduxoliqzoda arab, fors, rus va turk tillarini mukammal bilgan. U 1916-yilda Jizzax qoʻzgʻoloni qatnashchilari ustidan sud jarayonida oʻttizdan ziyod jizzaxliklarni oʻlimdan saqlab qolgan. Oʻzbekiston Adliya xalq komissarligi huzuridagi prokuratura tergovchisi, Zarafshon okrug katta tergovchisi, Buxoro prokuraturasi tergovchisi lavozimlarida ishlagan Mirzo Qoʻqonboy Abduxoliqzodaning uyida jadidchilar Vadud Mahmud, Choʻlpon, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi maʼrifatparvarlar tez-tez uchrashib turishgani, ularni el-yurt qaygʻusi birlashtirgani haqida maʼlumotlar bor.

Darvoqe, Mirzo Qoʻqonboy Abduxoliqzoda yetuk olim, ziyoli ham. U “Jizzax qoʻzgʻoloni”, “Namoz shaykasi”, “Togʻ qizi”, “Istadjon”, “Qamchindan qon tomadi” kabi tarixiy voqealarga boy roman, qissa, hikoya va ocherklar yozgan. Rus tilidan biologiya, antropologiya, zoologiya, botanika darsliklarini oʻzbek va tojik tillariga tarjima qilgan. Umuman, qatagʻonga uchragan oʻnlab xodimlar davlat va siyosat arbobi darajasiga yetgan edi. Bugungi kunda ular haqida taqvim yaratildi, har biri haqida alohida monografiya va hujjatli filmlar tayyorlanmoqda.

Shuningdek, qatagʻonga uchragan xodimlarning oilasi va boshqa yaqin kishilari roʻyxati tuzildi, 10 nafarining yashagan manzillari aniqlandi. Hozirda koʻcha, mahalla va maktablarga qatagʻon qilinganlarning nomlarini berish hamda yodgorlik lavhalari oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

Bosh prokuraturaning “Oʻzbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi”da alohida burchak tashkil etilib, qatagʻon qilingan prokuratura xodimlari haqidagi maʼlumotlar va tegishli tarixiy hujjatlar joylashtirildi. Davlat rahbarining 2023-yil 31-avgustdagi topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida maxsus Farmoyish qabul qildik. Farmoyish asosida qatagʻon qurboni boʻlgan prokuratura xodimlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Bosh prokuror oʻrinbosari rahbarligida ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan va qatagʻonga uchragan xodimlarga bagʻishlangan “Tarixiy xotira beqiyos” nomli kitobning birinchi jildi nashr etilgani Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimlari bilan hamkorlikdagi ishlarning ilk natijalasidir. Kitobga 1917 – 1940-yillarda faoliyat yuritgan va qatagʻonga uchragan 40 nafar xodim haqida maʼlumotlar kiritildi.

Unda qatagʻon davrining qurboni boʻlgan prokuratura xodimlarining hayoti va faoliyati tarixiy hujjatlar va boshqa dalillar vositasida ochib berilgan. Nafaqat soha vakillari, balki keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan mazkur kitob el-yurt manfaatlari uchun jonini tikkan ajdodlarimiz ruhiga bugungi avlodning hurmat va ehtiromi ifodasidir.

Qolaversa, yoshlarimiz ongiga Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat, halollik, odillik kabi tuygʻularni yanada chuqur singdirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi, degan umiddamiz.

Xulosa sifatida Prezidentimizning quyidagi soʻzlarini keltirish oʻrinlidir: “Xalqimiz asrlar davomida ogʻir sinovlarda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib kelgan. Oʻz ozodligi, erkinligi yoʻlida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati xotiramizdan hech qachon oʻchmaydi”.

Nigʻmatilla Yoʻldoshev,

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori

Izohlar 1

Zuhra G'oziyeva
2024-Jan-06 23:32
Bu maqola bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshevning adolat posbonlariga qatagʻon qilish haqida bir necha fikr va maslahatlarni oʻz ichiga olgan maqola.
Fikr bildirish