So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Telefonga qaramlik bolalarning salomatligiga qanday taʼsir koʻrsatadi?
Bugun gadjetlar hayotimizning ajralmas qismi, turli vaziyatlarda “yordamchi”mizga aylangan. Kerakli mahsulotni xarid qilish, biron inson bilan tez bogʻlanish, zarur maʼlumot olish yoki yuborish – buning uchun telefondagi bir qancha tugmalarni bosishning oʻzi kifoya boʻlib qoldi.
Biroq, har narsaning meʼyori boʻlgani kabi gadjetlardan foydalanishda ham maʼlum talablar boʻlishi kerak. Zero, virtual olamga qattiq bogʻlanib qolish insonning fiziologik va ruhiy salomatligida jiddiy muammolar yuzaga keltirib chiqarishi mumkin.
Afsuski, koʻpchilik bunga beparvolik bilan qaraydi. Hozirgi zamonda mobil aloqa vositalarini, hatto, bogʻcha yoshidagi bolalarning qoʻlida ham koʻrish mumkin. Ayrim ota-onalar uy yumushlari bilan mashgʻul boʻlganda hali tili chiqmagan goʻdaklarga multfilm yoki videolar qoʻyib beradi, buning kelajakdagi salbiy oqibatlari haqida esa oʻylab ham koʻrmaydi...
Otabek Ikromov, Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori:
Statistik maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda 5-16 yoshdagi bolalar kuniga 3 soatdan 8 soatgacha vaqtini telefon qarshisida oʻtkazadi. Buning natijasida ularda telefonga qaramlik, undan ayrilib qolishdan qoʻrquv hissi paydo boʻladi. XXI asr epidemiyasi deya taʼriflanuvchi bu kasallik “nomofobiya” deyiladi, – taʼkidlaydi mutaxassis.
Nomofobiya bolalar orasida eng koʻp tarqalgan psixologik kasalliklardan biriga aylanishga ulgurdi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, gadjetlarga boʻlgan tobelik darajasi, ayniqsa, u kichik yoshdan shakllanib kelgan boʻlsa, hatto, narkoqaramlikdan ham kuchliroq boʻlishi mumkin ekan. Telefondan uzoq vaqt davomida betartib foydalanish insonning ham jismoniy, ham ruhiy salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi.
Birinchidan, telefonlar inson salomatligi uchun xavfli boʻlgan elektromagnit toʻlqinlar chiqaradi. Toʻlqinlardan nurlanishning zarari kichik yoshdagi bolalar uchun yanada kuchliroq boʻlib, bu ularda keyinchalik immunitetning pasayishi, asab tizimida muammolar paydo boʻlishiga sabab boʻladi.
Gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanishdan aziyat chekadigan asosiy organlardan biri – bu koʻzlar. Bolalar bir daqiqada oʻrtacha 18-20-marta mijja qoqadi. Bu koʻzlarni namlantirib, ular zoʻriqishining oldini oladi.
Aksariyat hollarda bolalar telefon ekraniga yaqin masofadan tikilib oʻyin oʻynaydi, video koʻradi. Bunda ular mijja qoqishni unutadi va natijada koʻz zoʻriqishni boshlaydi. Bu esa koʻz olmasining oʻsib ketishi, koʻrish qobiliyatining pasayishi, uzoqni yaxshi koʻra olmaslik (miopiya), gʻilaylik, koʻzning surunkali yoshlanishi yoki qizarishi, koʻz qurib qolish sindromi kabi muammolarga olib kelishi mumkin.
Ota-onalar va bolalar buni darrov payqashmaydi. Koʻpincha gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanish oqibatida kelib chiqqan koʻz kasalliklari bolalar maktabga chiqishi, ayrim hollarda esa hatto oʻsmirlik davrida, masalan harbiy xizmatga joʻnashdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayonida aniqlanadi.
Ayrim bolalar va oʻsmirlar uyqudan oldin, baʼzida esa uxlamasdan qorongʻi xonada telefonga termulib chiqadi. Bu – mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat! Bunday bedor tunlar surunkali tus olsa, keychinchalik uyqusizlik, diqqatni bir joyga jamlay olmaslik va hatto koʻrlikka olib kelishi mumkin.
Gadjetlar qarshisida koʻp vaqt oʻtkazish bolada umurtqa pogʻonasi, boʻyin bilan bogʻliq turli xastaliklar rivojlanishi xavfini ham tugʻdiradi.
Tanish olish kerak, koʻpchiligimiz telefondan yonboshlab yotib foydalanamiz yoki oʻtirganda ekranga gavdani va boʻyinni egib qaraymiz. Bu suyak tizimi rivojlanish bosqichida boʻlgan bolalarda umurtqa pogʻonasining deformatsiyasi, skolioz, boʻyin mushaklarining zoʻriqishi, spazmlar paydo boʻlishi mumkin.
Shuning uchun telefon yoki planshet ishlatganda uni kamida 40-50 sm masofada va koʻz balandligida ushlash kerak.
Telefondan uzoq vaqt davomida foydalanish bolaning ruhiy holati va ijtimoiy moslashishida ham muammolarga olib keladi.
Taʼkidlash joiz, bolalarning ijtimoiylashuvi tugʻilgandan boshlab to oʻsmirlik paytigacha davom etadi. Bunda, ayniqsa, maktabgacha va maktab davri muhim rol oʻynaydi. Sababi, ushbu davrda bola boshqalar bilan muloqot qilishni, jamiyatda oʻzini qanday tutishni, odob-axloq normalarini oʻrganadi, aqliy rivojlanadi, unda ijtimoiy koʻnikmalar shakllanadi.
Gadjetlar esa atrof-muhitni endi idrok etayotgan bolaning toʻlaqonli ijtimoiylashuviga toʻsqinlik qiladi. Telefon “ichiga kirib ketib”, tashqi dunyodan uzilib qolish tufayli unda keyinchalik boshqalar bilan kommunikatsiya qilishda jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Maktabgacha ijtimoilashuv, eng avvalo, oilada boshlanadi. Shuning uchun ushbu davrda ota-onalar farzandlari bilan koʻproq vaqt oʻtkazishi, birga turli toʻgaraklarga borishi, jamoaviy oʻyinlarda qatnashishi, ularda sportga qiziqish, kitob oʻqishga muhabbat hissini uygʻotishi muhim. Eng asosiysi, ota-onalar oʻzlari gadjetlardan imkon qadar kamroq foydalanib, farzandlariga namuna boʻlishi kerak.
Toʻgʻri, bolalarni telefondan mutlaqo ayirib qoʻyish ham notoʻgʻri. Chunki ularning zarari bilan bir qatorda foydali tomonlari ham koʻp, albatta. Zamonaviy gadjetlar taqdim eta oladigan imkoniyatlar bolalarga yangi bilim olishga yordam beradi, ularga oʻqish jarayonida as qotadi.
Muhimi, ularning salomatligiga putur yetishi va yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish uchun bolalar telefonlardan qancha vaqt va nima maqsadda foydalanayotganini nazorat qilish zarur.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.