Qidirish

14:14 / 2023-12-21 462 0 Maqolalar

“Korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlat organlarining ishi emas” — Jahongir Shirinov

world-news

Maqoladagi fikrlar tahririyat pozitsiyasi bilan toʻgʻri kelmasligi mumkin

Toshkentda oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida davlatimiz rahbari nutq soʻzladi va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Prezidentimiz oʻz nutqida “Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga toʻsqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarimizga ham jiddiy putur yetkazadi” dedi.

Taʼkidlash joizki, korrupsiya bu shunday illatki – u chegara bilmaydi, u butun dunyo mamlakatlarini doimiy eʼtiborida turadi. Birorta mamlakat men korrupsiyadan butunlay xoliman, deb ayta olmaydi. Zero, korrupsiya mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida qator salbiy oqibatlar keltirib chiqaradi.

Xususan, bu siyosiy sohada umummilliy manfaatdan, ayrim guruhlar manfaatini yuqori qoʻyilishi, xalqning davlatga ishonchi pasayishi, demokratik prinsiplar yoʻqolishi, qonun ustuvorligi buzilishi, sudlar faoliyatining samarasizligida koʻrinadi.

Iqtisodiy sohada esa investitsion muhitning buzilishi, kichik biznesning zarar koʻrishi, davlat resurslarining maqsadsiz taqsimlanishi, narxlarning soxta oshirib koʻrsatilishi, moliyaviy, iqtisodiy xavfning oshishi, yashirin iqtisodiyot, iqtisodiy raqobatning pasayishiga olib keladi.

Lekin, afsuski ayni paytda milliy qonunchiligimizda korrupsion jinoyatlar toifalari aniq emas. Biz koʻpincha pora berish va pora olish, va shu kabi boshqa jinoyatlarni korrupsion jinoyat deb kelamiz. Vaholanki, yuqorida sanab oʻtilganidek toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy manfaatdorlik bilan bogʻliq boʻlmagan jinoyatlar ham korrupsion boʻlishi mumkin.

Biz ilgari korrupsiya illatiga qarshi asosan operativ-qidiruv usullar bilan kurash olib borar edik. Preventiv usullar, yaʼni korrupsiyaning oldini olish, unga shart-sharoit yaratuvchi omillarni yoʻqotish masalasi bugungi darajadagi kabi eʼtiborda boʻlmas edi.

Oʻzbekistonning 2008-yilda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qoʻshilishi – korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini takomillashtirishga zamin yaratdi.

Mamlakatimizda “korrupsiya” soʻzi ishlatilgan 210 ta normativ-huquqiy hujjat mavjud. Albatta ularning barchasida ushbu soʻz korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida ishlatilgan. Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba «korrupsiyaga qarshi kurashish" soʻzlari Konstitutsiyaga kiritildi.

Bugungi kunda davlat organlarining xalq bilan muloqot qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari, Virtual qabulxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilyapti.

Bunday illatga qarshi tarqoq holda kurash olib borish oʻzining samarasini bermaydi. Shu sababli, bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi maxsus organ, yaʼni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.

Bu bilan davlat organlari faoliyatining ochiqligi taʼminlanmoqda, davlat xizmatchisining har bir nojoʻya xatti-harakati, uning kim boʻlishidan qatʼiy nazar OAVlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali oshkor etib borilmoqda.

Davlat xaridlarini amalga oshirish borasida sifat jihatdan yangi tizimga oʻtildi. Xususan, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi yangi Qonun qabul qilindi. Bugungi kunda jamoatchilik har bir davlat xaridlarini bemalol kuzatib boryapti. Tugri kelganda uz eʼtirozini bildiryapti. Shu asosda baʼzi davlat xaridlari bekor qilinyapti.

Bu borada yana bir muhim masala, yaqinda qabul qilingan Prezident Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining taqdimnomasiga asosan davlat xaridlarini toʻxtatib turish huquqini berish nazarda tutilyapti.

Eng katta yutuqlarimizdan biri bu albatta, davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat xizmatchilari bilan subyektiv kontaktni minimallashtirish choralaridir. Xususan, davlat xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida bu jarayonga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali amalga oshirilmoqda, huquqbuzarliklar elektron raqamli vositalar orqali qayd etilmoqda. Natijada, davlat xizmatlarini koʻrsatishda ortiqcha tartib-taomillar qisqartirildi. Masalan, 73 turdagi hujjat va maʼlumotlarning aholidan talab qilinishi bekor qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida hozir jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga intilyapmiz. Agar, yurtimiz tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, Sohibqiron Amir Temur ham oʻz saltanatida korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga intilgan.

Aholi vakillari bilan suhbatlar olib borib, ulardan joylardagi rahbarlar, miroblarning adolatsizlikka yoʻl qoʻyishi, taʼmagirlik qilishi holatlarini aniqlagan hamda ularni xolislarning koʻz oʻngida jazolagan.

Chunki, davlat ustidan davlat nazorati har doim ham samara bermasligi mumkin. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratining roli juda muhim.

Albatta, bu borada hali qilishimiz kerak boʻlgan ishlar koʻp. Afsuski, korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli unchalik sezilmayapti. Ular asosan treninglar, targʻibot ishlarida ishtirok etish bilan cheklanmoqdalar.

Professional tahlillar asosida korrupsion sxemalarni fosh etishga qodir boʻlgan, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan takliflarni tashabbus qilib chiqa oladigan, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazgan holda ulardagi korrupsion omillarni bartaraf etish borasida tavsiyalarni ishlab chiqa oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari koʻzga koʻrinmayapti.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz lavozimiga kirishgandan soʻng dastlab imzo qoʻygan (2017-yil 3-yanvar) qonunlardan biri bu aynan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonundir.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlamentning roli oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki u korrupsiyaga qarshi siyosatimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi hamda bu sohada davlat dasturlarini qabul qiladi.

Avvalo, Parlament har ikkala palatasida korrupsiyaga qarshi kurashish maslalariga masʼul boʻlgan maxsus qoʻmitalar tuzilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida parlamentning asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib 5 ta yoʻnalishda ish olib boradi.

Yaʼni, parlament korrupsiyaga qarshi kurashishning qonuniy asoslarini yaratadi, aniqrogʻi bu borada qonunlarni qabul qiladi. Masalan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi, “Maʼmuriy tartib taomillar toʻgʻrisida”gi va hokozo.

Men gapni nima uchun qonunchilikdan boshlayapman. Chunki, biz korrupsiyaga qarshi kurashish uchun, avvalambor qonunlarimizning oʻzini korrupsiyadan xoli etishimiz lozim. Qonunlardayam korrupsiya boʻladimi, degan savol tugʻiladi?

Albatta! Gap qonunchilikdagi “korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalar” haqida boryapti. Toʻgʻri, qonunchilik hujjatlari loyihalari Adliya vazirligida, endilikda mana Agentlikda ham korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilmokda.

Lekin, afsuski baribir xalq vakillari qonun loyihalarini muhokama qilish davomida korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni aniqladi. Masalan, bizning qoʻmitamiz nafaqat qoʻmita masʼul boʻlgan qonunlarda, balki boshqa qoʻmitalarning ham qonunlaridagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni aniqlaymiz hamda ularni chiqarish tashlash yoki oʻzgartirishni tashabbus qilamiz.

Bilamizki, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilinadi. Lekin bu qachon boshlangan. 2012-yildan. Ungacha qabul qilingan minglab qonun hujjatlarichi? Ularni taqdiri nima boʻladi, ular qabul qilingan paytda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilmaganku?

2021-yil 22-oktyabrda Prezidentimizning “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ham bosqichma-bosqich toʻliq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish belgilanmokda.

Qolaversa, bugungi kunda “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Mana shu qonunga asosan ham amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi belgilandi va buning uchun masʼullar qonunda koʻrsatildi.

Albatta, Parlametning ikkinchi faoliyat yoʻnalishi bu Parlament nazoratidir. Yaʼni, Parlament korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mansabdor shaxslarning axborotini eshitib boradi.

Parlament qoʻmitalari esa joylarda oʻrganishlar oʻtkazadi. Masalan, oʻtgan davr mobaynida Qoʻmitamiz sogʻliqni saqlash, taʼlim, qurilish, bojxona, davlat soliq va boshqa qator sohalarda bevosita joylarga chiqqan holda korrupsiyaning oldini olishga oid qonunlarning ijrosi oʻrgangan. Oʻrganish yakuni boʻyicha mansabdor shaxslarning axboroti eshitilib, qoʻmitaning qarori bilan tegishli vazifalar berilgan.

Natijasi boʻyicha korrupsiya sharoit yaratuvchi bir qator idoraviy hujjatlar bekor qilingan, vazirlik va idoralar tomonidan chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilgan, aybdor shaxslarni jinoiy javobgarligi masalasini hal etish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallar chiqarilgan va hok.

Qolaversa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha har yilgi milliy maʼruzasi Parlamentda koʻrib chiqiladi va uning asosida ham Parlament qarori qabul qilinib, tegishli masʼullar oldiga masala qoʻyiladi.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan taklif etilgan joylarda muloqot oʻtkazish asosida deputatlar joylarga chiqib, jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatlar bilan muloqotlar oʻtkazib kelmoqda, ular orasida anonim ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazilmoqda. Muloqot davomida hududda korrupsiyaning oldini olish, odil sudlovni taʼminlash borasida koʻtarilgan masalalar xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalarida koʻrib chiqilgan.

Yana bir faoliyat yoʻnalishimiz turli kollegial organlar ishida ishtirok etishdir. Parlament aʼzolari nafaqat parlamentni ichida, balki undan tashqarida tuzilgan turli kollegial organlar faoliyatida ham ish olib borishadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashini tuzish boʻyicha maxsus komissiya, Jinoyat va Jinoyat protsessual qonunchiligini takomillashtirish komissiyasi, Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha turli komissiyalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va boshqa kollegial organlar tarkibida faoliyat yuritishmoqda.

Bundan tashqari, Qoʻmita ilmiy hamjamiyat vakillari bilan sohaga oid ilmiy-amaliy takliflarni ham doimiy muhokama qilib boradi. Olimlar tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida Qoʻmita tomonidan turli qonun loyihalari takomillashtirilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlat organlarining emas, balki bu borada jamoatchilikning ham faol ishtirok etishini talab etadi.

Jahongir SHIRINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq

masalalari qoʻmitasi raisi

Izohlar 0

Fikr bildirish