Qidirish

20:02 / 2023-12-05 355 0 Maqolalar

“Yangi konstitutsiya – ulkan masʼuliyat demakdir” – Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev

Mustaqil Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi har yilgidan koʻra oʻzgacha shukuh bilan nishonlanishi tabiiydir. Zero, joriy yilda tubdan yangilangan Asosiy qonun umumxalq referendumi natijasida qabul qilindi va milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor barcha ustuvor qoidalari toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanadigan mukammal Konstitutsiyaga ega boʻldik.

world-news

Qayd etish oʻrinliki, konstitutsiyaviy islohot har qanday davlatdan qatʼiy siyosiy iroda, jasorat va eng muhimi, yetilgan sharoitni taqozo etadi. Konstitutsiyani, qolaversa, uning bironta qoidasini zamon va makonning xususiyati talablariga zid ravishda oʻzgartirib boʻlmaydi.

Oʻzbekistonda esa, Davlat rahbari tashabbuslari asosida keyingi 7 yilda amalga oshirilgan tarixiy oʻzgarishlar Asosiy qonunimizni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.

Bu davrda islohotlar shu qadar keng koʻlam va shiddat kasb etdiki, Konstitutsiya va qonunlardan iborat huquqiy makon ularning zalvorli yukini koʻtarolmay qoldi.

Shu bois, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Konstitutsiyani tubdan isloh qilish tashabbusi ilgari surildi.

Umumxalq referendumida xalqimiz Konstitutsiyamiz loyihasiga ovoz berish barobarida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijalariga ham oʻzining haqqoniy bahosini berdi.

Zotan, ovoz berishda ishtirok etgan qariyb 17 million nafar yurtdoshimizning 90 foizdan ziyodi referendumga qoʻyilgan   savolga   ijobiy   javob   berdi.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, nufuzli ekspertlar Davlatimiz rahbarini va u kishining timsollarida butun xalqimizni tarixiy tadbirning yuksak darajada   oʻtgani   bilan   qutladi.

Bularning barchasi Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻli naqadar toʻgʻri tanlangani, taraqqiyotning yangi bosqichi tarixiy ahamiyatga molikligidan   dalolatdir.

Oʻz navbatida, Konstitutsiyani isloh qilish davlatimizning el-yurt saodati yoʻlidagi oliy maqsadlari sari qoʻyilgan navbatdagi ulkan qadamidir va yangilangan Asosiy qonunimizning kuchga kirgani barchamizning zimmamizga favqulodda yuksak masʼuliyat yukladi.

Bu hujjatning ustuvor qoidalari asosida tamomila yangicha qiyofa va mohiyat kasb etib borayotgan jamiyatda, ulugʻvor maqsadlar koʻzlanayotgan sharoitda kechagi dunyoqarash, yondashuv va munosabat bilan yashab, ishlab boʻlmasligini yanada chuqur his qilmoqdamiz.

Davlatimiz rahbarining yangilangan Konstitutsiyani amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga oid 2023-yil 8-maydagi 67-sonli Farmonida belgilangan, umuman olganda, ushbu Konstitutsiyaning oʻzi ham taqozo etadigan vazifalar ijrosiga shu nuqtayi nazardan yondashmoqdamiz.

Jumladan, Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining uchinchi yoʻnalishi – huquqiy davlat prinsipi asosida inson qadrini ulugʻlash siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga chiqarish, uning huquq va erkinliklari ustuvorligini taʼminlash boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.

Bunda asosiy eʼtibor Konstitutsiya normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri   va   soʻzsiz   qoʻllanilishiga qaratilmoqda. Zotan, qayd etilgan dasturda koʻzda tutilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqib, amalga kiritish uchun muayyan vaqt talab etilar edi. Konstitutsiya normalari esa, joriy yil 1-maydan kuchga kirdi.

Binobarin, insonning huquq va erkinliklari ustuvorligini taʼminlash boʻyicha yangi normalarni amaliyotda bevosita oʻsha kunning oʻzidan boshlab qoʻllashga toʻgʻri keldi.

Xususan, Konstitutsiya hamda dasturga muvofiq uy-joyda tintuv oʻtkazish, shaxsning telefon soʻzlashuvlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotlarni olish faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan amalga oshirilishi belgilandi.

Bosh prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qilish va sud organlari vakillari ishtirokida ushbu muhum qoidalarning mazmun va mohiyatini tushuntirishga, avvalambor, uni qoʻllashda Konstitutsiyaviy tamoyillarga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Konstitutsiya normalarining mazmun-mohiyatini sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tushuntirish boʻyicha oʻquv kursi moduli doirasida vazirlik va idoralarning qariyb 2 500 nafardan ortiq xodimlari oʻqitilishi tashkil etildi. Bu boradagi tadbirlarning muntazam ravishda oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.

Konstitutsiya normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri, soʻzsiz va samarali qoʻllashda Oliy sud Plenumining joriy yil 23-iyun kuni qabul qilingan “Odil sudlovni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarori muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Zotan, Bosh prokuratura hamda boshqa tuzilmalar takliflari asosida ishlab chiqilgan mazkur qarordagi tushuntirishlar nafaqat sudlar, balki huquq-tartibot, nazorat organlari, vazirlik va idoralar, umuman olganda, barcha huquqni qoʻllovchilar tomonidan Konstitutsiya normalarini qoʻllash jarayonida inson huquqlari, erkinliklari, davlat hamda jamiyat manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Konstitutsiya qoidalaridan kelib chiqib, inson huquq va erkinliklarini soʻzsiz taʼminlashga xizmat qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, ularni byurokratik toʻsiqlarsiz, tezkor ravishda muhokamalardan oʻtkazishga eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi parlament muhokamasiga kiritish uchun tayyor holga keltirildi. Ushbu loyiha 5 ta qonun va 2 ta kodeksni takomillashtirishni nazarda tutadi.

Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, barcha soha va tarmoqlar qatori prokuratura organlari faoliyatining ham yangilangan Konstitutsiya asosida takomillashayotgani qisqa muddatda oʻz samaralarini bera boshladi. Bunda joriy yilning 15-iyul kuni Bosh prokuratura hayʼatining kengaytirilgan majlisida prokuratura organlarining yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarini belgilab olganimiz, faoliyatning har bir yoʻnalishida tezkor ravishda bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq koʻrsatmalar berilgani, ularning ijrosi yuzasidan kundalik nazorat oʻrnatilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Buni birgina inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini amalda taʼminlash, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, qonunlar ijrosini soʻzsiz roʻyobga chiqarish borasidagi ishlar natijalarini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar, ularning ijobiy tomonga keskin oʻzgarganida ham koʻrish mumkin.

Jumladan, prokuratura   organlari   tomonidan joriy yilning 10 oyida fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida qariyb 28 mingta tekshirish oʻtkazilib, natijasi boʻyicha jami 134 mingtaga yaqin prokuror nazorati hujjati qoʻllanildi. Eng muhimi, 321 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 2,3 trln. soʻmlik zararning undirilishi taʼminlandi.

Voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasini taʼminlash va maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish ishlari ham yangi bosqichga koʻtarildi. Shu maqsadda 9 mingga yaqin targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, qayd etilgan yoʻnalishda qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan 13,2 ming nafardan ziyod shaxs javobgarlikka tortildi, 5,2 mlrd. soʻm zarar ixtiyoriy undirildi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, tezkor-qidiruv   va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish sohasidagi faoliyat ham takomillashib bormoqda. Bu boradagi dolzarb muammolar va yechimtalab masalalarni oʻz vaqtida hal etish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 380 dan ziyod muvofiqlashtiruvchi kengashlari oʻtkazildi.

Shu oʻrinda jinoyatchilik, jumladan korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yangicha va samarali mexanizmlar joriy etilayotganini qayd etish joiz.

Birgina misol: har bir soha, tarmoq, vazirlik yoki idora tizimida korrupsiyaga sharoit yaratayotgan sabablar, omillar va boshqa jihatlar ana shu vazirlik va idoraning oʻzida mutasaddilar ishtirokida batafsil muhokama qilinmoqda, mavjud muammolar, kamchiliklar va bularga yoʻl qoʻyganlarning faoliyatiga xolis baho berilmoqda. Bunday amaliyot bir tomondan jinoyat uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga, boshqa jihatdan esa, jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Sudlarda jinoiy, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar koʻrilishida fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, sudlarda qariyb 80 mingta ishning koʻrilishida prokuror ishtiroki taʼminlandi.  

Fuqarolarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarni hal etish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Joriy yilning 10 oyida kelib tushgan jami 388 mingdan ziyod murojaatning 215 mingtasi bevosita prokuratura organlarida koʻrib chiqilib, 287 ming nafar fuqaro qabul qilindi.

Natijada 41 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Bundan tashqari, Bosh prokuraturaning “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan 91 mingga yaqin murojaatda koʻtarilgan masalalarni ham hal etish choralari koʻrildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Konstitutsiya normalarini qoʻllashga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlar koʻp vaqtdan buyon dolzarb boʻlib turgan va aholini tashvishga solayotgan muammolar yechimini topishda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, kuz-qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida qisqa muddatda prokuratura organlari aralashuvi natijasida 300 ga yaqin jiddiy muammolar bartaraf etilishiga erishildi.

Jumladan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik tarmoqlari barpo etildi, gaz taqsimlash, transformator punktlari, suv nasoslari hamda qozonxonalar yangilandi, koʻp xonadonli uylar va ularning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari taʼmirlandi.

Koʻmir mahsulotlarini joylarga barqaror yetkazib berishni taʼminlash maqsadida Bosh prokuraturada Respublika shtabi va prokurorlar ishtirokidagi hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi.

Koʻmirni talon-toroj qilishning oldini olish maqsadida hududiy ombor va mavsumiy shoxobchalarga prokuratura va boshqa tuzilmalar vakillari biriktirildi.

Talon-toroj ehtimoli mavjud boʻlgan temir yoʻl bekatlari aniqlanib, koʻmirning isteʼmolchilarga xavfsiz va toʻliq yetkazib berilishini taʼminlash uchun mazkur bekatlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari masʼul etib belgilandi va patrul avtomashinalari ajratildi.

Natijada bugungi kunda barcha isteʼmolchilarga koʻmirni oʻz vaqtida va yetarli hajmda yetkazish imkoniyati yaratildi. Qurilish sohasida qonuniylikni taʼminlash borasidagi ishlar ham yangicha talablar asosida takomillashtirilmoqda. Prokuratura organlarida joriy etilgan “Byudjet nazorati” elektron dasturini Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining tegishli tizimlari bilan integratsiya qilish orqali barcha obyektlarning loyihasini ishlab chiqishdan boshlab, u foydalanishga topshirilgunga qadar boʻlgan jarayonlar boʻyicha “tuman – viloyat –respublika” darajasida onlayn monitoring yoʻlga qoʻyildi.

Internetda ochilgan maxsus kanal va shtablarda ishga tushirilgan “ochiq telefon” orqali keng jamoatchilik uchun dasturlar ijrosining borishini muhokama qilish imkoni yaratildi. Tizimli kamchiliklar omillarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan noxolis baholash mezonlari bekor qilindi, 46 mingdan ziyod pudratchi tashkilot qayta saralanib, ularning zarur salohiyatga ega boʻlmagan 29 mingtasi reyting roʻyxatidan chiqarildi. Pudratchini tanlash jarayonida xarid komissiyasining ishtiroki ilk marotaba toʻliq bekor qilindi.

Ilgari jamoatchilik uchun yopiq boʻlgan va noroziliklar keltirib chiqargan loyiha hamda pudrat tashkilotlarining reyting ballari va ularni shakllantirgan koʻrsatkichlar oshkora yuritila boshlandi.

Natijada birgina joriy yilgi davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarda qimmat va asossiz hisoblangan 2 trln. 566,6 mlrd. soʻmlik qiymat maqbullashtirilib, byudjet mablagʻlarining asossiz sarflanishining oldi olindi, 22,2 mlrd. soʻmlik sifatsiz ishlar va 15,3 mlrd. soʻmlik qoʻshib yozish holatlari joyida bartaraf etildi.

Maʼlumki, global iqlim oʻzgarishlari, havo sifatining pasayishi va Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq vaziyatning keskin tus olishi sababli ekologik masalalar Asosiy qonunimizdan keng oʻrin oldi.

Binobarin, Prezidentimizning joriy yil 31-maydagi Farmoniga asosan prokuratura organlarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga masʼul boʻlgan tarmogʻi tashkil etildi.

Yurtni obod qilish niyati bilan yashash, bu niyat roʻyobi yoʻlida borini berish xalqimizning azaliy hayot tarzi, ezgu qadriyatidir. Bu qadriyatning taraqqiyotimiz yangi bosqichida yangi toʻlqin, yangi kuch va xayrli maqsad bilan qayta tiklangani Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek oliy maqsadimizga mosdir.

Binobarin, prokuratura organlari ham savobli va ayni paytda har jihatdan foydali boʻlgan bu ishlardan chetda turmaydi, albatta.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-dekabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi doimiy nazoratimizdadir. Jumladan, daraxtlar kesilishiga eʼlon qilingan moratoriy talablariga rioya qilinishini qatʼiy nazorat qilayapmiz.

Ekologiya bilan bogʻliq masalalarni hal qilishda aholi, davlat va nodavlat tuzilmalarga, keng jamoatchilikka amaliy yordam koʻrsatayapmiz. Biroq, eng muhimi, bu kabi loyihalar, tashabbuslar ijrosiga bevosita hissa qoʻshish ham ustuvor vazifamizdir.

Shu bois, birgina joriy kuz mavsumida 550 ming tup darxatni bevosita prokurorlar tomonidan ekishni rejalashtirdik va shu kunga qadar 456 ming tupdan ziyod daraxt ekildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida “Prokuror bogʻlari” barpo etilmoqda...

Prokurorlar rahbarlik qiladigan 2-sektorlarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ehtiyojmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ishsizlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy va boshqa obyektlardagi muammolarni bartaraf etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi koʻplab yoʻnalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, prokurorlar sektorlaridagi tegishli daftarlarga kiritilgan 163 300 ta ehtiyojmand oilaga, 321 ming 400 nafar fuqaroga zarur amaliy yordamlar koʻrsatildi.

177 ming nafardan ziyod ehtiyojmand oilaning ishsiz aʼzolari   bandligi   taʼminlandi, 8 ming nafardan ziyod yoshlar istiqbolli ish oʻrinlariga doimiy ishga joylashtirildi, 2,2 ming nafarga yaqin yoshlarga kredit, 5, 6 ming nafariga qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanishi uchun yer, 12 ming nafariga subsidiya ajratilishida koʻmak berildi.

Bundan tashqari, 86 ming nafardan ziyod xotin-qizning bandligi taʼminlandi, 13,6 ming nafardan ortigʻi kasb-hunarga oʻrgatildi, ular tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 10 605 nafariga qariyb   100 milliard soʻmlik kredit ajratilishiga amaliy yordam koʻrsatildi.

Prokurorlar tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga qonuniylik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ahvoli haqida axborotlar muntazam kiritilmoqda. Aholi va ijrochilarga yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati yetkzilmoqda, ushbu yoʻnalishda olim va ekspertlar, vakillik organlari, mahalla faollari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 31-maydagi Qarori bilan Prokuratura organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi qabul qilindi va shu tariqa tizimimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yangi bosqichga koʻtarildi.

Ayniqsa, inson qadrini ulugʻlash, Vatanimiz ozodligi yoʻlida jon fido etgan tizim xodimlarining hayoti va faoliyati haqidagi haqqoniy maʼlumotlarni yosh avlodga yetkazish orqali ularda el-yurtga sadoqat tuygʻusini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Afsuski, shoʻrolar qatagʻonlarining dahshatli davrida minglab begunohlar qatorida prokuratura tizimi vakillari ham koʻplab musibatlarga duchor boʻldi.

Ori va nomusini har narsadan ustun qoʻyib, nohaqliklarga qarshi borgan, qatʼiyat koʻrsatgan, chin maʼnoda dovyurak va vatanparvar mahalliy xodimlarning 150 nafariga jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, 30 nafari esa otib tashlangan. Bu maʼlumotlar faqat qisqa muddatda aniqlanganidir.

Nohaqlik azoblarini tortgan tizimimiz xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, ularning jasoratini yosh avlodga yetkazish boʻyicha bugun aniq ishlarni boshladik.

Xususan, joriy yil 11-sentyabrda qabul qilingan farmoyish bilan qatagʻon qurboni boʻlgan prokuratura xodimlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Bosh prokuror oʻrinbosari rahbarligida ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Ishchi guruhga prokuratura xodimlaridan tashqari, turli ilmiy muassasalar, muzeylar va boshqa tuzilmalar vakillari kiritilgani muhim ahamiyatga ega...

Xulosa sifatida qayd etish joizki, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, Konstitutsiya va qonunlarni muhofazalashdek sharafli vazifalarni zimmasiga olgan prokurorlarning masʼuliyati endi har qachongidan ham kuchaydi.

Taʼbir joiz boʻlsa, yangilangan Konstitutsiyaning amalga kiritilishi bilan prokuratura organlari ham yangi va masʼuliyatli davrga   qadam   qoʻydi.

Davlatimiz rahbarining eʼtibor va tashabbuslari samarasi oʻlaroq, har jihatdan takomillashib borayotgan tizimimiz bu davr oldimizga qoʻyayotgan ustuvor vazifalarni sharaf bilan ado etish uchun barcha imkoniyatlarga egadir.

Oʻzbekiston Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev

Izohlar 0

Fikr bildirish