So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Koʻrinmas “qotil” – Is gazi bilan kurashganda… (Katta maqola)
Is gazi – qanchadan – qancha begunohlar umriga zomin boʻlgan koʻrinmas qotil. Uning fojiaviy oqibatlari bilan kurashish har birimizning insoniy burchimizdir. Bu koʻrinmas yov bilan kurashishda ayrim soha hodimlari borki ularning qilayotgan ishlari, fidoyiliklari har qancha tahsinga sazovordir.
Shunday soha vakilaridan biri tergovchilardir. Ushbu eʼlon qilinayotgan maqolada aynan IIV tizimida faoliyat yuritayotgan tergovchining koʻrinmas “qotil” bilan kurashdagi voqealar tilga olinadi.
Is gazidan zaharlanib olamdan oʻtganlar va ularning yaqinlariga achinish va hamdardlik hissi muallifning har bir satrida sezilib turibdi. Yurtdoshlarimizni Ogohlik va extiyotkorlikka chorlovchi maqola Sizga ham manzur boʻladi degan umiddamiz. Zero, ogohligimizni qancha koʻp oshirsak shuncha talovatlar kam boʻladi.
(Tahririyatdan)
KATTA MAQOLA
Yil yakunlanib bormoqda, hisobotlarni yopishga agar hozirdan tayyorgarlik koʻrmasak, natijalarimiz yaxshi boʻlmaydi. Ishni keyingi yilga “perenos” qilaman, deb yurmalaring, hamma ishni tamomlashga ishlaydi...
Vazir oʻrinbosari, IIV huzuridagi Tergov departamenti boshligʻi polkovnik Ya.Abdulhaqov yil yakuniga yetib qolganligi sababli, videoselektor yigʻilish oʻtkazayotgan edi. Respublikaning barcha tergov boʻlinmalari rahbarlari tegishli studiyalardan qatnashmoqda. Men Urganch tumani Ichki ishlar boʻlimi huzuridagi Tergov boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelayotgandim.
Majlis hali tugamagandi. Qoʻl telefonim bezovta jiringlab qoldi. Qarasam, Tergov boʻlimi surishtiruvchisi Otaboyev Otaboy qoʻngʻiroq qilayotgan ekan. Goʻshakni koʻtardim.
- - Nima gap Otaboy, majlis tugamadi, dedim.
- - Bilaman, uzr, lekin sizga aytmasam boʻlmaydi, deb javob qildi havotir aralash surishtiruvchi Otaboyev.
- - Mayli, aytaqol, tinchlikmi?
- - Is gazidan zaharlanish holati boʻyicha habar berilgandi, ikkita yosh bolalar shifoxonaga tushishgan, bittasi vafot etgan.
Oʻzing asra Hudoyim, dedim ichimdan. Biroz jim boʻlib qoldim, bechora bolalar.
Keyin:
- - Voqea joyi qayerda ekan, deb soʻradim undan.
- - Markazda, aytishlaricha jami zaharlanganlar soni toʻrt nafar, prokuratura bilan hodisa joyidaman, prokuratura tergovchisi Dostonbek koʻzdan kechirmoqda.
- - Agar is gazidan zaharlanish holati boʻladigan boʻlsa, hodisa joyini yahshilab oʻrgan, oʻzing ham “osmotr” qilgin, ishni baribir bizga berishadi.
Ana shunda nima boʻlgan ekan oʻzi, deb yurmaymiz.
- - Tushundim boshliq.
- - Otaboy, video tasvir albatta boʻlsin, kerak desang yordamga odam joʻnataman.
- - Barcha holat video tasvirga olinyapti, deyarli barcha rahbarlar shu yerda, “dom”dagi qolgan odamlarni tashqariga chiqarishgan.
- - Mayli, men ham yetib boraman hozir, deb suhbatni yakunladim.
Toʻrt nafar insonning is gazidan zaharlanishi, buning ustiga ulardan birining vafot etishi alohida muhim ahamiyat kasb etadigan masala edi. Qish kirib kelganligi sababli, koʻpchilik gazdan notoʻgʻri foydalanishi, qoʻlbola usulda yasalgan pechkalar va isitish qozonlaridan foydalanish, kimlardir gaz plitasidan uyni isitishda foydalanishi juda koʻp yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzilishi bilan bogʻliq muammolarni yuzaga keltirar edi. Shuning uchun kunlar sovishiga yaqin favqulodda vaziyatlar boʻlinmalari aholini shunday holatlardan ogohlantirib chiqar, turli targʻibot ishlarini olib borardi.
Shu kuni majlisda ortiq oʻtirolmadim. Shaxsan voqea joyiga borishim va nazoratni qoʻlga olishim kerak edi. Shu sabab, viloyat IIB Tergov boshqarmasi rahbariyatiga boʻlgan holat boʻyicha qisqacha axborot berib, ularning ruxsati bilan majlisni tark etdim.
Navbatchilik qismi oldiga borib, holat boʻyicha ularga maʼlum boʻlgan maʼlumotlar haqida soʻradim. Katta navbatchi inspektor podpolkovnik R.Matsapayev menga xabar 11-50larda olinganligini, zaharlanganlarning barchasi bitta oila aʼzolari ekanligini, hodisa joyi Urganch tumani, Shodlik mahallasi, Mustaqillik koʻchasi 8-uy, 10-xonadon ekanligini aytdi.
Urganch tumanining markazi boʻlgan bu “Mustaqillik” koʻchasi ancha kriminal zona hisoblanadi. Barcha koʻngil ochar obyektlar, savdo shahbochalari, taʼlim dargohlari va davlat tashkilotlari joylashgan ushbu hudud yil davomida juda koʻp xilma-xil jinoyatlarni “berardi”. Zaharlanish holati ham aynan shu yerda sodir boʻlmoqda, hudud profilaktika inspektori yana malomatlar ostida qoladigan boʻldi.
Shu bilan mening oʻzim ham voqea joyiga yetib bordim. Bu paytga kelib, u yerga tuman Favqulotda vaziyatlar boʻlimi, tuman “gaz idorasi” xodimlari, tuman IIB hodimlari, prokuratura xodimlari, shifokorlar va boshqa bir qator mutasaddilar allaqachon yetib borishgan ekan.
Tuman prokuraturasi tergovchisi Matnazarov Dostonbek boʻlsa, hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirayotgandi. IIB xodimlari 8-uyda yashayotgan aholini vaqtincha tashqariga chiqib turishini iltimos qilgan. Sababi, 8-uyning birinchi qavatida joylashgan maishiy texnikalar sotish doʻkonida oʻrnatilgan isitish qozonining dud puflagichi shu uyning shamollatish kanaliga ulangan, undan shu uyning 3-qavatida joylashgan 10-xonadonga is gazi kirgan va u yerda boʻlganlar zaharlangan. IIB xodimlari shu uyda yashovchi qolgan fuqarolarning zaharlanishini oldini olish uchun ularni tashqariga chiqishlarini soʻragan.
Surishtiruvchi Otaboyev bu yerga ancha oldinroq kelganligi sababli, u menga vaziyatni tushuntirib bergandi.
- - Uy egasi, dedi u - Arslon Abdullayev, u aslida Xivalik ekan, bu yerga bugun soat 11 larda u oilasi bilan kelgan.
- - Shunda ular bu uyda doimiy yashashmaganmi?
- - Ha, ular bugun notarius bilan bogʻliq ish boʻlgani uchun kelishibdi, oilasini uyda qoldirib, shu ishi boʻyicha chiqib ketgan, koʻp oʻtmasdan kelsa uy ichkaridan yopiq, hech kim ochmagan, keyin uyni aylanib oʻtib, uy derazasiga qaragan, oynalar namlanib turganini koʻrib, narvon bilan uyga derazadan kirishgan, uydagilarning barchasi hushsiz holda ekan, darhol shifoxonaga olib borgan, xotini va ikki nafar farzandi tirik, lekin ular ham “reanimatsionnыy”da, bir bolasi oʻlgan...
Surishtiruvchi Otaboyevning ham jabrlanganlarga rahmi kelayotganligi uning ovozidan va oʻzini tutishidan maʼlum edi. Ilojimiz qancha, taqdir ekan, deb oʻyladim ichimdan. Yana suhbatni davom ettirdik.
- - Is gazi qayerdan chiqqan ekan, deb soʻradim undan?
- - Tuman “gaz idorasi” xodimlari uyga kirishib, u yerda is gazi chiqarishi mumkin boʻlgan omil topishmadi. Is gazi tashqaridan kirgan, degan taxmin bilan pastga tushishgan, birinchi qavatdagi maishiy texnika sotish doʻkonida isitish qozoni bor ekan, uning “moʻri”si uyning “vintelyatsionnыy” kanaliga ulangan holatda ekan, shundan oʻtgan boʻlishi mumkin deyishmoqda.
- - Seni oʻzing kirdingmi doʻkon ichiga?
- - Ha, men ham mutaxassislar bilan kirdim, mening oʻzim ham alohida koʻzdan kechirish bayonnomasi rasmiylashtirmoqdaman, kamera bilan hamma joyni kameraga ham olib chiqdim.
Barakalla, kameraga muhrlangan holatlar doimo tergovchiga asqotib kelgan.
Keyin Otabov bilan oʻsha maishiy doʻkon tomon ketdik. Tergovchi Matnazarov shu doʻkonni koʻzdan kechirayotgan ekan. U bilan koʻrishganimizda, menga:
- - Mana shu qoʻlbola usulda tayyorlangan isitish qozonidan is gazi 3-qavatga oʻtgan boʻlsa kerak, deb oʻylayapmiz, deb, isitish qozonini koʻrsatdi.
Men uni kuzatib turdimda:
- - Qoʻshilaman, shuning uchun ham istitish qozonini shu yerda taraflar ishtirokida muhrlash kerak, toki, ish qonuniy hal boʻlmagunga qadar uni hech kim olib tashlamasin yoki oʻzgartirmasin, dedim.
Haqiqatan ham isitish qozoni ofisga kirib, uning toʻridagi xonasining devoriga yopishtirib qurilgan. Qozonning dudpuflagichi shu devor teshilgan holda toʻgʻri ichiga kirgazilgan va atroflari loysuvoq qilingan. Shu yoʻl bilan is gazi ofis ichiga tarqalmasligi maqsad qilingan.
Ushbu isitish qozoni ish uchun oʻta muhim ashyoviy dalil hisoblanganligi sababli, uni joyidan hech qayerga qoʻzgʻash mumkin emasdi. Shuning uchun qozon shu yerda muhrlandi va undan foydalanish taqʼqiqlandi.
“Dom”ning birinchi qavatida joylashgan ushbu maishiy texnika va ofis binosi ikkiga boʻlingan boʻlib, u yerdan ikkita tadbirkor birgalashib foydalanib kelmoqda ekan. Shu yerda ishlovchi qizlar ushbu isitish qozoni kechasi yoqib ketilganligini va ertalab i gazidan zaharlanish haqidagi habar tarqalgach, uni oʻchirib qoʻyishganligini aytishdi. Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari ham allaqachon surishtiruvni boshlab yuborishganligi sababli, holat boʻyicha ancha maʼlumot toʻplashgan. Ularga koʻra, bu binoda “F I M” MCHJ va “F G G” MCHJlar ijara asosida faoliyat yuritishadi, “F I M” MCHJ rahbari M.F, “F G G” MCHJning rahbari esa S.F ismli shaxslar ekan.
Bu yerda muammo shunda ediki, isitish qozoni binoning “F G G” MCHJ foydalanuvida boʻlgan qismida joylashgan, biroq, undan “F I M” MCHJ xodimlari foydalanib kelgan, ikkala tomonda ham shu isitish qozoni orqali qiziydigan radiatorlar mavjud. Shunga koʻra, ushbu jamiyat rahbarlarining qay biri aynan mazkur holatda aybdor yoki umuman olganda, bu isitish qozonining mazkur zaharlanish holatiga aloqasi bor-yoʻqligini aniqlash lozim edi.
- Sarvar aka, materiallarni sizga oʻtkazaveramiz, oʻlim is gazidan sodir boʻlganligi deyarli aniq boʻldi, dedi koʻzdan kechirish yakunlangach prokuratura tergovchisi Dostonbek Matnazarov.
Haqiqatan ham Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
259-moddasida nazarda tutilgan yongʻin qoidalarini buzishda ifodalanadigan jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchilikka koʻra Ichki ishlar organlarining tergoviga tegishli. Shu sabab, bu holat boʻyicha tergovchi D.Matnazarov JKning 259-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatib, barcha toʻplangan hujjatlar bizga, yaʼni Urganch tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimiga joʻnatdi.
Hujjatlar bizga joʻnatilgunga qadar is gazidan jabr koʻrganlar boʻyicha sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan, ishga aloqador bir qator fuqarolardan, jumladan, jabr koʻrgan oilaning kattasi, A.Abdullayevdan ham tushuntirish xatlari olingan edi.
Materiallar bizga kelganida, hujjatlar bilan yaxshilab tanishib chiqdim. Garchi, hodisa sodir boʻlgan joyga boʻlim surishtiruvchisi Otaboyev Otaboy chiqib, koʻzdan kechirishda ishtirok etgan boʻlsa-da, uning hali yosh surishtiruvchi ekanligi, tajriba ortishi uchun vaqt zarur boʻlishini inobatga olib, ishni tergov qilishni boʻlim tergovchisi Saʼdullayev Navruzga topshirdim.
S.Navruz tizimda fidokorna xizmat qiladigan, berilgan topshiriqlarga vijdonan yondashib, har bir ishda inson taqdiri turishini chuqur his qilgan holda ishiga yondashadigan kam sonli xodimlardan biri edi. Unga topshirilayotgan ushbu ish juda koʻp mehnat talab qilardi va bu ish tergovchi katta leytenant Saʼdullayevning imkoniyatlariga juda mos edi.
Ishni unga topshirar ekanman, Navruzga zudlik bilan amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlarni, jumladan, ofisda faoliyat yuritib kelgan barcha shaxslarni soʻroq qilish, jabrlanuvchilarni soʻroq qilish, shu kuni voqeani koʻrgan va bilgan shaxslarni soʻroq qilish, uyning loyiha hujjatlarini olish, hodisa sodir boʻlgan hududga “Hududgaz Xorazm” gaz taʼminoti filialidan biriktirilgan masʼullar boʻyicha hamda Favqulotda vaziyatlar boʻlimidan birktirilgan masʼullar boʻyicha xizmat tekshiruvi tayinlashini topshirdim. Xizmat tekshiruvi tayinlashdan maqsad, nima sababdan shu kunga qadar isitish qozoni uyning shamollatish kanallariga ulangan holatda turadi-yu, masʼullar bunga eʼtibor berishmaydi, shuni aniqlash boʻlardi.
Navruz Saʼdullayev ishni yurituvga olar ekan, tergovni jabrlanuvchilarni soʻroq qilishdan boshladi.
Abdullayev Arslon doimiy ravishda Qozogʻiston yoki Rossiya Federatsiyasiga borib, yollanib ishlab kelgan. 3 nafar farzandi bor edi. Ularning biri yaʼni, 6 yoshli Anoraxon 12-dekabr kundagi fojiada is gazidan zaharlanib, vafot etgandi.
- - Urganch tumani, Mustaqillik koʻchasi 8-uy, 10-xonadonni bir necha yil oldin sotib olgan edik. Lekin u yerda doimiy yashagan emasmiz. Xotinim Marjona ushbu uyimizni vaqti-vaqti bilan kelib tozalab turardi. Yaqinda kredit asosida “Cobalt” olgandik. Shu mashinani notariuslik ishlari bor edi. 12-dekabr kuni Urganchga shu sabab kelgandik. Onam sal betobligi sabab, 3 nafar farzandimni ham oʻzimiz bilan olib chiqdik. Xotinim menga mashina olganimiz sharofati bilan tushlikda bayram qilarmiz, deb aytgandi. Soat 11larda xotinim va bolalarimni uyga tashladim. Uyga kirganimizda uyda menga boshqacha bir hidlar sezildi. Men buni juda koʻp vaqt bu yerga kelinmaganligidan boʻlsa kerak, deb oʻylabman, derazalarni ochib, oʻzim ishlarim bilan uydan chiqib ketdim. Taxminan 11 yarimlar atrofida uyga keldim. Oilamga, deb koʻchadan somsa olgandim, eshikni taqillatsam, hech kim ochmadi. Hayron boʻldim. Ichkarida jimlik, chaqirsam ham hech kim javob bermadi. Ogʻaynim Mardon ham men bilan edi. Keyin koʻnglim uydagilar bilan bogʻliq qandaydir koʻngilsizlik boʻlganligini sezdi. Pastga tushib, uyimizning derazasiga tashqaridan qaradim. Derazaning oynasi namlanib ketgan ekan. Uyda agar hech kim boʻlmasa oyna namlanmagan boʻlardi. Aniq bir gap boʻlgan, deb oʻyladim uydagilarga. Ular mening yordamimga shu mahalda juda muhtojligini sezib tutardim. Bir soniya boʻlsin kuta olmasdim. Hech bir xizmatga qoʻngʻiroq qilish xayolimga kelmadi. Darhol narvon topdim. U orqali koʻtarilib, oldin podyezdga kirish eshigi ustidagi bostirmaga, undan derazaga yetib olib, ichkariga kirdim. Qarasam bolalarim hammasi behush yotibdi, xotinim esa oshxonada hushsiz. Qaysi biriga birinchi qarashni bilmasdim. Nima qilishni tushunmay qoldim. Bor ovozim bilan baqiraman, ularning yuzlariga suv sepaman, uygʻon deyman, hech biri uygʻonmaydi. Eshiq taqillab turgan ekan, borib eshikni ochdim. Uyga kirganlar ham nimalardir qilishdi. Tez yordam deyishdi. Faqat xotinim sal gapirgandek boʻldi, lekin nima deganini hech kim tushunmadi. Shifokorlar kelganida ham ular behush edilar. Ikki uchta mashinada kelib bolalarimni olib ketishdi. Shifoxonaga bordik. Qizim Anora... shu yerga kelganida Arslon Abdullayev hoʻngrab yigʻlab yubordi. Indamasdan uni eshitib oʻtirdik. Unga dalda bermoqchi boʻlamiz-u, lekin hech narsa deyolmadik.
- - Oʻzingizga qoʻlga oling, deya oldi xolos Navruz zoʻrgʻa unga.
Biroz jim oʻtirib, Arslon aka davom etdi.
- - ... qizim Anora shifoxonadan tirik chiqmadi... Karimboy va Dilafruz ham chalajon boʻlib qolgan. Ular hozir oʻynab yurib, oʻzidan-oʻzi yiqilib qolishadi. Oʻgʻlimning xotirasi ham pasaygan. Oʻzidan-oʻzi yigʻlab yuboradi. Yiqilib qoladi. Xotinimda ham deyarli shu ahvol...
Bitta oilaning deyarli barcha aʼzolari “koʻrinmas zahar”dan vafot etishiga bir baxya qolgan ekan. Arslon Abdullayev bu holatda men kech qolib keldim, deb, oʻzini ayblardi. Keyin u is gazi qayerdan kelganini aniqladingizlarmi, deb soʻradi bizdan.
- - Ha, taxminimiz boʻyicha birinchi qavatdagi ofisda oʻrnatilgan “katyol”dan chiqqan. Ular “katyol” moʻrisini uyning shamollatish kanaliga ulashgan ekan.
Shundan keyin men Arslon Abdullayevdan sizdan shu ofisdagilardan bitta yarimtasi xabar olib borishdimi, deb soʻradim.
- - Yoʻq, hech kim kelmadi, dedi u. - Nima?
- - Ha, hech kim kelgani yoʻq. Hech kim uzr ham soʻramadi. Hech kim.
Sekin Navruzga qaradim. U ham menga qarab, hech kim bormagan ekan, nima qilay, asosiy gumondorni chaqiraymi, deb soʻradi. Zudlik bilan, deb javob berdim unga.
Tergovchi Saʼdullayev ushbu ishda asosiy gumondor sifatida “F I M” MCHJ rahbari Matyaqubov Fazliddinni koʻrayotgandi. Sababini soʻraganimda, u menga, F.Matyaqubov ushbu ofisda 2016-yildan beri ijarada oʻtiradi, istish qozonini shu kundan 3 kun oldin uning ishchilari yoqib boshlashgan, “F G G” MCHJdagilar isitish qozoni ularning hududida boʻlsa-da, undan umuman foydalanishmagan, ofisni ular konditsioner bilan qizdirib kelishgan ekan, deb javob bergandi. Shu bilan Matyaqubov Fazliddinni chaqirdik.
F.Matyaqubov advokatsiz bitta oʻzi keldi. Ozgʻindan kelgan, doim koʻzoynak taqqan holda yuradigan bu yigit, ancha oʻziga bino qoʻygan tadbirkorlardan ekan.
Uni kabinetimda qabul qilib, gaplashdim. Unga bechora bir oilaning shuncha aʼzosi jabr koʻrganligini, hatto, bittasi oʻlib ketganligini, mayli, jinoyat ishi bir chekkada tursin, lekin odamgarchilik yuzasidan ham borib ularning holidan xabar olish kerakligini tushuntirdim.
Shunda bilasizmi u nima dedi.
- - Siz nimaga asosan aynan men ulardan xabar olishim kerakligini uqtirmoqdasiz, deb savol berdi.
Jim boʻlib qoldim. Aftidan F.Matyaqubovning bu ishlarga umuman aloqasi yoʻqdek edi.
Unga qarab turib, ahir is gazi sizning ofisingizdan chiqqan-ku, desam, u menga qani isbotingiz, deya masalani koʻndalang qoʻydi.
- - Qani isbotim?
- - Ha, hali bu ishga bizni aloqamizni isbot qilmasdan kechirim soʻrab borishimizni talab qilyapsizmi? Bu ancha katta daʼvo. Hali tergovingiz endi boshlandi, shekilli?
Gap yoʻq, navbatdagi “dimogʻdor” gumonlanuvchi. Bizdan isbot talab qilyapti. Oʻylayaptiki, hech narsa qilolmaymiz uni.
Raqib qanchalik kuchli boʻlsa, shunchalik puhta tayyorgarlik koʻrish kerak. Bu hikmatni oʻqiganimdan beri unga rioya qilib kelganman.
Kabinetimda F.Matyaqubov mendan isbot talab qilib oʻtirar va goʻyoki meni boplaganligini iddao qilardi ichidan.
- - Isbot deng... mayli, taklifimizni qabul qilmadingiz, biz, is gazining qayerdan kirganligini isbot qilamiz, lekin keyin kechirim soʻrashga kech qolasiz. Hozir boʻlsa boʻshsiz, keyingi gal chaqirganimizda advokatingiz bilan kelasiz.
A.Abdullayevni ishda jabrlanuvchilarning vakili deb topgandik. F.Matyaqubov boʻlsa ularga juda boʻlmaganda hamdardlik bildirib qoʻyishni ham oʻz aybini tan olish bilan barobar deb hisoblamoqda. Balki unga shunday “aql” berishgandir. Nima boʻlganda ham, biz bu ishda aybdor boʻlgan shaxsni albatta topishimiz va qonuniy javobgarlik masalasini hal etishimiz kerak.
Boshqacha boʻlishi mumkin ham emasdi.
F.Matyaqubov idorani tark etgach, ishni olib borayotgan tergovchi N.Saʼdullayev va surishtiruvchi O.Otaboyevlar bilan ushbu ishni konsilium tarzida muhokama qildik. O.Otaboyev hodisa sodir boʻlgan kuni aynan hodisa joyiga bizdan oldin borib ishtirok etganligi sababli, undan ham ish uchun ahamiyatli maʼlumot chiqib qolishi mumkin, deb oʻylagandim.
Tergovchi Navruz Saʼdullayev “Mustaqillik” koʻchasida joylashgan 8-uyning loyiha hujjatlarini kadastr va tuman arxitektura va qurilish boʻlimlaridan soʻragan. Biroq, uy 1984-yilda qurilganligi sababli, loyiha hujjatlari saqlanib qolmaganligini maʼlum qilishgan. Lekin, mutaxassislar uyning har bitta podyezdida jami 5 tadan shamollatish kanallari mavjud ekanligini, bitta kanal boshqasiga umuman aloqasi yoʻqligini aytishgan.
- - Birinchi qavatda joylashgan ofisning shamollatish kanali toʻgʻri tepaga chiqib, uyning tepasiga oʻrnatilgan moʻrisi orqali tashqariga chiqib ketadi.
3-qavatdagi uyning shamollatish kanali boʻlsa oʻzi shu tarzda alohida tepaga chiqadi. Mening fikrimcha, bu yerda eksperiment tergov harakatini oʻtkazish yoʻli bilan masalaga oydinlik kiritish mumkin, dedi tergovchi N.Saʼdullayev.
Men Otaboyga savol bilan yuzlandim.
- - Otaboy shu kuni aynan nimaga asoslanib is gazi birinchi qavatdan kirgan boʻlishi kerak, deb taxmin qilgansizlar, shu haqida yana bir bor aytib ber-chi?
Bu savolni bejizga bermayotandim. Balki, oldin shoshilib bitta-yarimta maʼlumot esidan chiqib qolgan boʻlishi mumkin.
- - Boshliq, shu kuni hodisa joyida 8-uyning boshqa kvartiralarida yashovchi fuqarolar ham A.Abdullayevning oila aʼzolariga yordam berishgan. Ulardan Samira va Adolat ismli qoʻshni ayollar oʻzlarining yashash uyida ham biroz is gazini sezishgan. Oʻsha kuni butun bir uyning shamolatish kanaliga ulangan faqat bitta dudpuflagich boʻlgan, u ham boʻlsa, birinchi qavatdagi ofisda joylashgan. Samira va Adolat opalar devorlarning qizib ketishi izidan pastga tushishgan. Shunda birinchi qavatdagi maishiy savdo doʻkoni va ofisdagi “katyol” yonib turgan boʻlgan. Ular buni koʻrgach esa, ofisdagilar “katyol”ni oʻchirib qoʻyishgan. Men u yerni oʻzim ham alohida koʻzdan kechirganman va bu jarayonda “Urganch tuman gaz taʼminoti” boʻlimi xodimlari ham ishtirok etishgan. Ular ham aynan is gazi birinchi qavatdagi ofisdan chiqqanligini bildirishgan edilar.
- - Demak, tushundim, Otaboy sen tergov guruhiga qoʻshilasan, qoʻshnilar va gaz taʼminoti xodimlarini batafsil soʻroq qilasan. Navruz sen eksperimentning bir necha turlarini oʻtkazgin, is gazi aynan shu ofisdan kirganiga shubha yoʻq, boshqacha boʻlishi ham mumkin emas, buni lekin hujjat bilan isbot qilishimiz kerak.
Shu bilan Navruz mazkur xonadonning tomiga chiqib, tomda shamollatish kanallaridan zanjir tashlab koʻrish yoʻli bilan eksperiment tergov harakatini oʻtkazishga qaror qildi. Tomda joylashgan 5 ta shamollatish kanallarining birinchisi aynan birinchi qavatda joylashgan ofisniki edi. Buni yongʻinga qarshi jamiyat aʼzolari tasdiqlashdi.
Shu kanalga zanjir tashlandi. Bu zanjir toʻgʻri birinchi qavatdagi ofisda oʻrnatilib turgan issiqlik qozonining dud puflagichi ustidan tushdi, keyin boʻlsa, hodisa sodir boʻlgan 8-uyning 10-xonadoniga tegishli boʻlgan uchinchi shamollatish kanaliga zanjir tashlab koʻrildi. Tergovning tusmoli boʻyicha ushbu zanjir ham birinchi qvatdagi ofisga qadar tushishi va zanjir shu yerda koʻrinish berishi kerak edi. Biroq, unday boʻlib chiqmadi. Zanjir shamollatish kanaliga borib, tiqilib qoldi.
Shundan keyin Favqulotda vaziyatlar boʻlinmalari xodimlari, Yongʻinga qarshi kurashish jamiyati Xorazm viloyat boʻlinmasi xodimlari, “Urganch tumani gaz taʼminoti” boʻlimi xodimlari bilan maslahatlashuvlardan keyin shamollatish kanallariga eksperiment tariqasida 3 litr suvdan yuborib koʻrishga kelishdi. Suvni 8-uyning 10-xonadonida, yaʼni is gazi kirib, jabr koʻrganlar yashagan uyning shamollatish kanalidan yuborishga kelishildi.
Kelishilgan eksperiment tergov harakatini oʻtkazish uchun F.Matyaqubovga habar berib, eksperimentda ishtirok etishini soʻradik. U boʻlsa, jamiyat direktori oʻzi boʻlgani bilan, barcha ishlarni ogʻzaki ravishda ukasi Nodir Matyaqubovga topshirib qoʻyganligini bildirib, eksperimentda ishtirok etishdan bosh tortadi. Shundan keyin uning ukasi N.Matyaqubov bu jarayonga jalb etiladi.
Eksperimentda dastlab tergovchi birinchi qavatda joylashgan ofisda ikki nafar holis bilan istish qozonining yoniga kelib turdi. 3-qavatda joylashgan 10-xonadonga suv yuborish uchun kirgan hodimlarning yonida ham holislar bor edi. 3-qavatdagilar 3 litr suvni xonadonning yuvinish xonasida joylashgan shamollatish kanalidan yuborishganida, tergovchi birinchi qavatda qoʻliga oq qogʻozni olgan holda uni isitish qozonining dud puflagichi ustida ushlab turgan edi.
Yuqoridan yuborilgan 3 litr suvdan bir nechta tomchi suv mazkur qogʻoz ustiga tushdi. Bu holat toʻliq video tasvirga olindi va N.Matyaqubov hamda eksperimentda ishtirok etayotgan boshqalar ham bu holatni koʻrib turishgandi. Qogʻoz ustiga tomgan suv tomchilari 1-qavatda joylashgan ofis bilan 3-qavatda joylashgan xonadonlarning shamollatish kanallari alohida-alohida qurilgan boʻlsada, ularning orasida yoriqlar borligidan, suv aynan shu yoriqlardan oʻtib, bitta shamollatish kanalidan boshqasiga oʻtganligidan dalolat edi.
Ikkinchi qavatdagi uyning shamollatish kanalidan yuborilgan suv ham ofisdagi isitish qozoni ustiga tushgandi, lekin, hodisa kuni, baxtli tasodif bilan mazkur uyning ikkinchi qavatida joylashgan 6-xonadonda odamlarning yoʻqligi, u yerda koʻp vaqtdan beri hech kim yashamasdan kelayotganligi bois, ushbu xonadonda hech kim is gazidan jabrlanmagan.
Gaz havodan yengil. Biroq, is gazi boʻlsa, havodan ogʻir kimyoviy element hisoblanadi. Shunday boʻlsa-da, issiqlik qozonining dudpuflagichidan doimiy chiqib turgan issiq havo majbur tepaga harakatlanadi. Shu jarayonda suv oqib oʻtgan tirqishlardan gaz ham bemalol oʻta olishi mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi.
Shundan keyin tergovchi Navruz Saʼdullayev ishga aloqador mutaxassislar bilan gaplashib koʻrib, menga jumladan, shunday degan edi:
- - Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Xorazm viloyati boshqarmasida xonadonda is gazi bor yoki yoʻqligini aniqlay oladigan akkreditsiyalangan uskuna “UG-2” uskunasi bor ekan. Shu uskuna yordamida ofisdagi issitish qozonining is gazlari 8-uyning 10-xonasiga kirgan-kirmaganligini 100%lik aniqlikda oydinlashtirib olsak boʻladi.
- - 100 % deyapsanmi, shunchalik ishonching komilmi, deb soʻradim undan.
- - Ha, dedi Navruz, - Ishonchim komil, sababi, 12-dekabr kungi zaharlanish holatida hodisa joyida tekshirish olib borgan “Urganch tuman gaztaʼminoti” boʻlimi xodimlari 8-uyning hamma xonadonlarini tekshirishgan. Shu kuni birinchi qavatdagi ofida ishlab turgan istish qozonidan tashqari bironta uyda bunday uskuna ishlatilmagan.
10-xonadonning oʻzida boʻlgan gaz plitadan ham is gazi chiqmagan. Bu fakt. Agar biz yana shunday holatni qayta tiklasak, yaʼni 8-uyning barcha isitish uskunalarini, birinchi qavatda joylashgan ofisnikidan tashqari, oʻchirsak, “UG-2” uskunasi ish berishi aniq. Faqat ofisdagi isitish qozonini 2 soat davomida ishlatib qoʻyamiz. Fuqarolarning barchasini ogohlantiramiz. Oʻzimiz doimiy ravishda xonadonlarga kirib, aholini sogʻligini nazorat qilib turamiz. Is gazidan zaharlanish yuqori xavfi faqat 10-xonadonda mavjud. U yerga hech kimni qoʻymaymiz. 2 soatdan keyin “UG-2” uskunasi barcha xonadonlarni tekshirib chiqadi va agar is gazi aniqlansa, demak bu aynan shu ofisdan chiqqanligi 100 % tasdiqlanadi.
Tergovchining rejasi aniq hisob-kitoblarga asoslanganligi koʻrinib turgandi. Shu sabab, uni qoʻllab-quvvatladim.
- - Toʻgʻri, qoʻshilaman. Tezda tayyorgarligingni boshla.
Bu galgi eksperiment tergov harakati bir nechta insonlarning turar joy daxlsizligiga taalluqli boʻlib, bir qator tashkilotlar jalb qilinishi lozim edi. Shu sabab, bu galgi eksperiment tergov harakati prokurorning sanksiyasi bilan amalga oshirildi.
Tergovchi eksperimentni boshlashdan oldin barcha tashkilotlarga xat berib chiqib, ulardan tegishli mutaxassis ajratishini soʻradi.
Mutaxassislar bilan eksperiment oʻtkaziladigan vaqtni kelishib oldi. Bu jarayon ancha vaqt va kuch talab qilardi. Tashkiliy masalalardagi qiyinchiliklarga qaramasdan, mutaxassislarni aytilgan vaqtga yigʻa oldik.
Eksperiment boshlanishidan oldin shifokorlar, gaz taʼminoti korxonasi xodimlari, FVV boʻlinmalari xodimlari va albatta protsess ishtirokchilari ham jalb qilindi. IIBning profilaktika va jinoyat qidiruv xizmati xodimlari bizga bu borada ancha katta yordam berishdi. Odamlarning sogʻligiga shikast yetkazilishini oldini olish maqsadida 8-uyda yashovchi bir qator xonadon egalari ogohlantirilib, tashqariga chiqib turishlarini iltimos qildik. Ularning barchasi nima boʻlayotganidan xabarlari bor edi. Shu sabab, bizni toʻgʻri tushunishdi.
Shundan keyin birinchi qavatda joylashgan ofisdagi isitish qozoni SEO va JS mutaxassislarining tavsiyaga koʻra, 2 soat davomida yoqib qoʻyildi. Shu vaqt oraligʻida uy toʻliq xodimlar tomonidan nazoratga olindi. Bu paytda uyning bironta xonasida isitish uskunalari yoki gaz plitalar ishlatilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Oradan 2 soat oʻtib, mutaxassis Djumaniyazov Baxtiyar Boboxonovich oʻzining laboratoriyasi va maxsus “UG-2” apparati bilan 8-uyning barcha xonadonlarini tekshirib chiqdi. Tekshirishdan keyingi laboratoriya tahlillari natijasida aynan 8-uy ikkinchi qavatining 6-xonadonida is gazi miqdori 1.0 mg/m3 ekanligi, 10-xonadonida (Abdullayeva Anora vafot etgan xonadon) 7.0 mg/m3 ekanligi aniqlandi. Toʻrtinchi qavatdagi xonadonda is gazi aniqlanmadi.
Bu holat shundan dalolat berardiki, birinchi qavatda joylashgan isitish qozonining issiqlik chiqarish temiridan chiqayotgan is gazlari nafaqat uchinchi qavatda joylashgan 10-xonadonga, balki, ikkinchi qavatda joylashgan 6-xonadonga ham oʻziga xos tarzda kirgan. Birinchi qavatning shamollatish kanali oʻz navbatida ham ikkinchi qavatning ham uchinchi qavatning shamollatish kanallari bilan tuynuklar hosil qilgan holda bogʻlangan.
Ushbu xonalarga issiq havo chiqishi va uning tarkibida is gazi mavjudligi miqdori belgilangan SanQM №0331-16 talabidan yuqori ekanligi, bu inson salomatligi uchun oʻta xavfli daraja ekanligi maʼlum boʻldi.
Ana shu bilan jarayonlarda ishtirok etgan barcha mutaxassislar guvoh sifatida soʻroq qilingan. Ularning hammasi hech qanday shak-shubhasiz is gazi 1-qavatdagi ofisning isitish qozonidan chiqqanligini taʼqidlashgan.
Ish jarayonida surishtiruvchi Otaboyev Otaboy tomonidan soʻroq qilingan Samira Yuldasheva shunday degandi:
Men Urganch tumani, Mustaqillik koʻchasi 8-uy 7-xonadonda oʻttiz yildan buyon yashab kelaman. 2020-yil 12-dekabr kuni soat taxminan 11-30 lar atrofida biz yashaydigan yoʻlakda yaʼni 3-qavatda shovqin eshitildi. U yerga boshqa bir qoʻshnimiz Guliston opa bilan xavotir olib chiqdik. Qarasak shu yer yaʼni 10-xonadonning eshigi ochiq holatda turgan ekan. Keyin bizlar eshikning ichkarisiga kirmasdan nima boʻlib turibdi deb soʻraganimizda, uydan bir odam chiqib, yordam beringlar deb aytdi. Keyin bizlar uy ichkarisiga kirganimizda shu xonada bitta ayol va uning yonida 3 nafar yosh bolalar yerda hushsiz yotishgan ekan. Keyin men shu odamdan tez yordamni chaqirdingizmi, deb soʻraganimda, u menga chaqirdim, kelmay turibdi, deb aytdi. Keyin biz ham takroran tez yordamga qoʻngʻiroq qildik.
Bizlar shu odamga yordam berib, hushsiz yotganlarning yuzlariga suv sepib, oʻziga keltirmoqchi boʻldik. Shu vaqtda xushsiz yotgan ayol ozgina nafas olib, bir nimalarnidir gapirdi. Qolgan bolalarning esa umuman ovozi chiqmagandi. Keyin tez yordam mashinasi kelib, bitta bolani olib ketdi, keyin uning ortidan ikkinchi tez yordam mashinasi kelib, qolganlarni ham olib ketdi. Shu vaqtda uyning yuvinish xonasidan is gazi kelib turgan edi.
Shu yuvinish xonasi xam qizib ketgan boʻlib, devorni ushlab koʻrganimda devor juda ham issiq holatda ekan. Men bu yerda bolalarning hushsiz yotganini koʻrib, juda yomon boʻlib ketganman. Ularning otasi bolalarini oʻziga keltirolmasdan faryod chekardi. Norasidalar churq etishmadi. Ular chunki zaharlangan edilar. Men shu holatga aybdor boʻlgan shaxslarga qonuniy jazo berishlaringizni soʻraman...
Ish jarayonida Abdullayev Arslonning turmush oʻrtogʻi Madrimova Marjona ham biroz oʻziga kelganligi sababli, soʻroq qilganmiz. Bechora ayol qattiq iztirob chekkan. Oʻynab kulib yurgan farzandlarining bittasi yoʻq, qolgani yarim jon boʻlib qolgan. U bizga tirik qolgan farzandlari oldingiday emasligini, qachon ularning yiqilib qolishini bilmasliklarini, ularning dorilari qimmat ekanligi sababli, turmush oʻrtogʻi Abdullayev Arslon ishlab pul topish va dori olib berish maqsadida Qozogʻistonga ketganligini aytgandi.
Bu oila oʻz boshiga tushganini faqat Xudodan, deb bilishdi. Bironta tashkilotga doriga pulim yoʻq, aybdordan undirib bering, deb aytib, shikoyat qilib borishmadi. Shu voqeani shohidi boʻlganlarning barchasi aytganlarimni tasdiqlashadi. Men tergov rahbari edim. Shu insonlar moddiy qimmatlik undirib berish ilinjida biron marotaba mening oldimga kelmagan.
Fazliddin Matyaqubov tergov jarayonlariga befarqlik bilan qaradi. Lekin shuning bilan birga jamiyatda yongʻin xavfsizligiga javobgar shaxs sifatida bu vazifani boshqa hech kimga yuklamagan edi.
Ushbu holatda Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablar buzilgan edi. Eng asosiy talab, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktyabragi “Yongʻin xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 649-sonli Qarorining ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “Yongʻin xavfsizligi Qoidalari”ning 11-bobi,
122-bandida belgilangan edi. Ushbu bandning “p” kichik bandida qozonxona va boshqa issiqlik chiqaruvchi qurilmalardan foydalanishda shamollatish kanallari va boshqa kanallardan dudburon sifatida foydalanish taqiqlanadi, deyilardi.
Tergov jarayonlarida “F I M” MCHJ rahbari F.Matyaqubov yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etmasdan, isitish qozonining dud puflagichini uyning shamollatish kanaliga joylashtirib, undan dudboʻron sifatida foydalanishi oqibatida undan chiqqan is gazi sabab Abdullayeva Anoraning oʻlimiga sababchi boʻlganligi, Abdullayeva Dilafruz va Abdullayev Karimboylarning hamda Madrimova Marjonaning is gazidan zaharlanib, ogʻir tan jarohati sababchi boʻlganligi toʻla-toʻkis tasdiqlangandi. Shu sabab, endigi navbat unga edi.
Men prokurorga ish boʻyicha axborot berdim. Keyin ayblanuvchiga nisbatan oʻziga “yarasha” ehtiyot chorasini qoʻllashni soʻradim. Ular ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, boshqacha boʻlishi ham mumkin emasligini aytishgandi.
F.Matyaqubovga boʻlsa, bir qator tanishlari bu ishda tergov organi seni ayblay olmaydi deb oʻrgatgan boʻlsa kerak, biron marotaba jabrlanuvchilardan habar olmadi.
Barchasi oydinlashgach, uni tergovga chaqirdik.
Bu gal F.Matyaqubov rasman ayblanuvchi sifatida tergovchi N.Saʼdullayevga koʻrsatma berardi.
- - Men idoraning ishlariga aralashmasdan qoʻyganman, bu ishlarni ukam Nodirga topshirganman, der edi u.
- - Boʻlmasa, ayting-chi, siz oʻzingizga qarashli jamiyatda idora boʻyicha yongʻin xavfsizligi qoidalariga javobgar qilib, kimnidir biriktirganmisiz?
- - Yoʻq, unday hujjat yoʻq, hammasi ogʻzaki boʻlgan. Lekin “katyol” men ushbu yerda faoliyatimni boshlaganimdan beri shu yerda joyidan oʻzgarmasdan turgan, men uni oʻrnatganim yoʻq-ku, shu sabab, meni aybim yoʻq.
- - Bunga aniqlik kiritib boʻldik, haqiqatan ham isitish qozoni oldindan shunday holda turgan, biroq, shu kunga qadar buning oqibatida hech kim jabr koʻrmagan, aynan sizning notoʻgʻri foydalanishingiz odam oʻlimiga sabab boʻldi, siz shartnomaga koʻra yongʻin xavfsizligi uchun javobgarsiz, buning ustiga Oʻzbekiston Respublikasining “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonuning 12-moddasi 2-qismida “Tashkilotlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlash, agar tegishli shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur tashkilotlarning rahbarlari va ular vakolat bergan shaxslar zimmasiga yuklatiladi. Yongʻin xavfsizligini taʼminlashga doir vazifalarning vakolatli shaxslar zimmasiga yuklatilishi rahbarlarning zimmasidan masʼuliyatni soqit qilmaydi” deyiladi. Bunga nima deysiz?
F.Matyaqubov qonunning bu normasini eshitgach, biroz jim qoldi. Tergovchi N.Saʼdullayev unga qogʻozga oʻrab nima boʻlganda ham aybing boʻyningda, demoqda edi.
- - Men bu qonunni umuman oʻqimaganman.
Boʻldi, uning javobi shu edi. Boshqa gap ayta olmadi.
Qonunda bu jinoyat uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan. Shularni inobatga olib, F.Matyaqubov shu kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. U endi kechirim soʻrashga kech qolgandi.
F.Matyaqubov bunday boʻlishini mutlaqo kutmagan. Ishning oxirida F.Matyaqubovning advokati tomonidan tergovda F.Matyaqubovning aybi isbot qilinmaganligi haqida iltimosnoma kiritildi. Bu ishda advokat sifatida qatnashgan inson (ismini oshkor qilolmayman) juda katta hayotiy tajriba va bilimga ega inson boʻlib, uning fikricha, F.Matyaqubovning harakatlarida mutlaqo jinoyat alomatlari mavjud emas ekan. Biroq, iltimosnomani oʻrganib chiqib, uni rad etganmiz. Rad etish qarorida uning vajlari faktlarga asoslangan holda inkor etilgandi.
Sud jarayonlarida boʻlsa, F.Matyaqubov hammadan yalanib kechirim soʻragan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni toʻliq qoplab berishini maʼlum qilgan. Uning qarindoshlari “toʻdalashib” jabrlanuvchi A.Abdullayevning uyiga kechirim soʻrab borishgan. Sud jarayonlarida bechora A.Abdullayev boʻlsa, bularning bari Yaratganning bir sinovi ekan, deb, F.Matyaqubovni kechirgan.
F.Matyaqubovning aybdorligi, is gazi aynan uning ofisidan chiqib, bechora norasidalar xonasiga kirganligini ana shu tarzda isbot qilib bergan edik. Bunda tergovchi N.Saʼdullayev bilan bir qatorda Urganch tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimining deyarli barcha xodimlari sidqidildan xizmat qilishdi.
Mazkur jinoyat ishi boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun juda koʻplab tashkilotlarning yordamiga, mutaxassislarning maslahatlariga quloq tutdik. Juda koʻpchilik F.Matyaqubovga qamalmasidan oldin kechirim soʻrab borishini tushuntirgan. Lekin u oqibati bu tarzda oʻziga yomon boʻlib ketishini bilmagan. Sud unga qanday jazo berganini toʻgʻrisi bilmayman.
Amaliyotda is gazidan oʻlim hollari juda koʻplab kuzatiladi. Bu “koʻrinmas ajal” juda koʻp odamlarning yostigʻini quritgan. Shuning uchun ham undan juda ehtiyot boʻlishni soʻrab qolgan boʻlardim.
Alloh is gazidan zaharlanib vafot etganlarni oʻz rahmatiga olgan boʻlsin!
Jamoatchilik faoli Qadam oʻgʻli Sarvar