So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Konstitutsiya gʻamimi yoki populizm avjimi?
Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlarining u yoki bu qarori yoxud harakatiga nisbatan Konstitutsiyani roʻkach qilib, oʻz fikrini asosli yoki asossiz ekanligini oʻylamasdan bong urish, tushunib-tushunmay populistik chiqishlar, afsuski, odat tarziga aylanib bormoqda.
(Maqoladagi fikrlar tahririyat pozitsiyasi bilan toʻgʻri kelmasligi mumkin)
Bir qarashda Konstitutsiyaviy sud tugatilib, uning vakolati shularga ulashib berildimikin, deb oʻylab qolasan, beixtiyor. Ijtimoiy tarmoqlardagi uchrayotgan, goʻyoki Konstitutsiya buzilayotganligi haqidagi ayrim iddaolarni oʻqir ekanman Konstitutsiyaviy huquq sohasi boʻyicha koʻp yillik oʻqituvchi, shu soha boʻyicha olim sifatida jim qarab oʻtira olmadim. Ushbu masala yuzasidan huquqshunos professor-oʻqituvchilar jamoasi vakili sifatida munosabat bildirishga qaror qildim.
Mazkur maqolamda Advokatlar palatasi va uning raisi boʻyicha Adliya vazirligi tomonidan taqdimnoma kiritilishini Konstitutsiyaga zid ekanligi haqidagi hech bir jiddiy asosi yoʻq fikrlar haqida soʻz boradi.
Maqola avvalida, Advokatlar palatasi raisi Adliya vazirligi taqdimnomasiga binoan saylanishi tartibi shaxsan menga ham yoqmasligini, koʻpgina rivojlangan davlatlarda boshqa muqobil mexanizmlar joriy etilganligini, shulardan kelib chiqib, ushbu tartibni bekor qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblashimni aytmoqchiman.
Lekin qonunosti hujjati yoki qandaydir nizomda emas, balki Oʻzbekiston Respublikasi qonunida toʻgʻridan-toʻgʻri belgilangan ushbu tartibni Konstitutsiyaga zid deb qatʼiy fikr bildirishga qarshiman. Fikrimni quyidagi dalillar bilan asoslab berishga harakat qilaman:
Birinchidan, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi konstitutsiyaviy norma davlat ushbu tashkilotlar faoliyatini tartibga solmaydi yoki bu borada umuman aralashmaydi, degani emas.
Har qanday jamiyatda barcha, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar uchun ham “oʻyin qoidalari”ni aynan davlat oʻz qonunlarida belgilab beradi, buni aralashuv deb baholash juda bahsli masala.
Davlatning tartibga solish funksiyasi barcha nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) uchun qoʻllaniladi. Masalan, NNT oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida adliya organlarini xabardor qiladi yoki xorijiy davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan, chet el fuqarolaridan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni kelishadi. Yoki boʻlmasa, xorijiy xodimlarni akkreditatsiyadan oʻtkazish majburiyati amal qiladi.
Davlatning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan oʻzaro munosabatlaridagi taʼsir koʻrsatuvchi bunday institutlar haqida misollarni koʻplab keltirish mumkin. Bu singari institutlar aksariyat xorijiy, shu jumladan, rivojlangan mamlakatlarda ham keng qoʻllaniladi.
Ushbu choralardan qaysi biri davlatning NNT faoliyatiga aralashuvi sanaladi? Masalan, litsenziya bermaslik, akkreditatsiyadan oʻtkazishni rad qilish, mol-mulk olishga ruxsat bermaslik yoki hattoki u yoki bu shaxsni NNT ishlashiga ruxsat bermaslik ham NNT faoliyatiga bevosita taʼsir qiladi.
Adliya vazirligining Advokatlar palatasi raisligiga nomzod koʻrsatishida esa, vazirlik oʻzi xohlagan shaxsni emas, balki palata Boshqaruvi aʼzolari orasidan nomzod koʻrsatadi, aʼzolar esa bevosita advokatlar tomonidan saylanadi. Qolaversa, yakuniy qaror, advokatlar (Advokatlar palatasi Konferensiyasi timsolida) tomonidan qabul qilinadi (nomzod yetarli ovoz olmasligi mumkin). Guvohi boʻlyapmizki, NNT faoliyatini tartibga solish va uning faoliyatiga aralashish oʻrtasidagi nozik chegara mavjud.
Yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish kerakki, Advokatlar palatasi oddiy NNT emas, uning faoliyati alohida qonun bilan tartibga solingan, davlat tomonidan bir qator funksiyalarni bajarish vakolati berilgan, majburiy aʼzolik tartibi joriy qilingan, litsenziya berish masalasini, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va tugatish jarayonida, advokatlarning harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda bevosita ishtirok etish kabi ommaviy-huquqiy vakolatlar berilgan.
Bu ham bejiz emas, chunki ushbu institut fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan odil sudlovga, malakali yuridik yordam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Bu borada advokatura zimmasida alohida masʼuliyat bor va bu funksiyalarni jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazmay bajarilishini tartibga solishda davlatning hamkorligiga zarurat tugʻiladi.
Konstitutsiyaviy huquqdan “aʼlochi” ekanligiga daʼvo qilayotgan ayrim shaxslar balkim ushbu masalalarni ham Konstitutsiyaga zid, davlat tomonidan NNT faoliyatiga aralashuv sifatida baholashlari mumkindir, lekin davlat NNT bilan oʻzaro munosabatlarida tartibga soluvchi, regulyator vazifasini bajarishi ijtimoiy zarurat ekanligini inkor etib boʻlmaydi va bu umumqabul qilingan huquqiy standartlardir.
Shunday ekan, alohida insonlarning, ayniqsa, huquqshunos diplomiga va advokat litsenziyasiga ega ayrim shaxslarning amaldagi qonunni Konstitutsiyaga zid, deb oʻz bilimlari, saviyalaridan kelib chiqib, sharh berishlari, qatʼiy toʻxtamga kelishlari va uni baralla aytib, populizmga berilishlari notoʻgʻri, deb hisoblayman. Bu – ushbu shaxslarning huquqshunoslik masʼuliyatini unutib qoʻyganliklaridan dalolat.
Ikkinchidan, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 72-moddasi ikkinchi qismi yangi norma emas.
Ushbu norma Konstitutsiyaning referendumdan oldingi 1992-yilgi tahririning 58-moddasi ikkinchi qismida ham belgilangan edi. Ikkala norma mazmunan bir xil, faqatgina “jamoat birlashmalari” tushunchasi “nodavlat notijorat tashkilotlari” deb oʻzgartirilgan. 1991-yilgi “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi hamda 1999-yilgi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlar boʻyicha Advokatlar palatasini jamoat birlashmasi deb hisoblanadi (2008-yilga qadar “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonunda respublika advokatlar jamoat birlashmasi deb yuritilgan).
Taʼkidlash lozimki, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunga Advokatlar palatasiga oid qoʻshimchalar 2008-yil 31-dekabrda kiritilgan hamda shu kunga qadar palata raisi Adliya vazirligi taqdimnomasi asosida saylanib kelingan. Vaholanki, 2008-yildan keyingi davrda ham Konstitutsiya, “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi va “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq davlatning NNTlar (jamoat birlashmalari) faoliyatiga aralashmasligi toʻgʻrisidagi qoidalar amalda boʻlgan.
Demak, boshqacha aytganda, Advokatlar palatasi raisi lavozimiga nomzod koʻrsatish tartibi boʻyicha masala yangilangan Konstitutsiya bilan bogʻliq holda vujudga kelmagan. Oldin ham Konstitutsiyada va amaldagi qonunlarda xuddi shu tarzdagi normalar mavjud boʻlgan. Endi, ushbu masalani yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga bogʻlab jar solishni shaxsan men Asosiy qonunni obroʻsizlantirish, populizm, soxta obroʻ orttirishga urinish vositasi deb hisoblayman.
Advokatlar mustaqilligi uchun “jon kuydirib” jar solayotgan ayrim sobiq deputatlarimizga esa, eski tahrirdagi Konstitutsiya amalda boʻlgan davrda, xalq vakili maqomida boʻlganligini inobatga olib, oʻsha paytda ushbu muammoni koʻtarib, oʻz vakolatidan foydalanib, qonunchilik tashabbusi huquqi orqali hal qilishga qadamlar bosilsa boʻlmasmidi, degan haqli savol ham tugʻiladi.
Uchinchidan, huquqiy davlatda u yoki bu qonun, qonunosti hujjati yoki uning alohida normasini Konstitutsiyaga muvofiqligini baholash Konstitutsiyaviy sudning mutlaq vakolati hisoblanadi. Mamlakatimizda hali Konstitutsiyaviy sud tarqatilib, uning vakolati bir guruh “populizm” ustalariga boʻlib berilgani yoʻq. Shunday ekan, xalqimizda “chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin”, degan maqol bor. Bir inson hamma soha boʻyicha universal mutaxassis boʻlolmaydi. Bir kuni huquqdan, boshqa kuni ekologiyadan, yana boshqa kuni siyosat yoki iqtisodiyotdan masala koʻtarib, ular boʻyicha, qatʼiy, professional xulosa berish imkoni yoʻq narsa. Bu masalada biroz kamtarroq boʻlish zarar qilmaydi, deb hisoblayman.
Umuman olganda, yuqorida taʼkidlaganimdek, meni bu masala boʻyicha yozishga undagan holat – ijtimoiy tarmoqlarda turli-tuman mavzularni Konstitutsiyaga zid ekanligi haqida tushunib-tushunmay postlar qoʻyish holatlari urchiyotganligi boʻldi. Masalan, shu oyning boshida yana bir elektron OAVda Jinoyat kodeksidagi jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish haqidagi norma jabrlanuvching huquqlariga oid konstitutsiyaviy normaga zid ekanligi haqida yozib chiqdi. Muammo yoʻq emas, bor, shubhasiz, odamlarning eʼtirozlari ham oʻrinli. Lekin, ushbu masalani Konstitutsiyaga umuman aloqasi yoʻq. Uni Konstitutsiya bilan bogʻlab siyosiylashtirishga qarshiman.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu maqolaning bosh gʻoyasi bu – qonundagi u yoki bu normani Konstitutsiyaga zid, deb oʻzboshimchalik bilan baho bermaslik kerak. Masalaga mohiyatan, professional yondashish zarur. Albatta, muammoni aytish, keng muhokama qilish, unga yechim taklif etish juda muhim va zarur. Lekin har qanday muammoga siyosiy tus berib, populizmga aylantirish notoʻgʻri. Buni savodsizlik deb boʻlmaydi, balki oʻziga obroʻ orttirishga, auditoriyani kengaytirib, eʼtiborga tushishga urinish, desak toʻgʻri boʻlsa kerak.
Eshmuhammad Qodirov, yuridik fanlar doktori, Toshkent davlat yuridik universiteti, Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi professori