Favqulotda vaziyatlar vazirligi sabab tadbirkorlar inqirozda!
Favqulotda vaziyatlar vazirligi xodimlari yaqin do‘stimizga o‘xshashadi...
Favqulotda vaziyatlar vazirligi xodimlari yaqin do‘stimizga o‘xshashadi. Eng qiyin paytda — sel bosganda, yer qimirlaganda, yong‘in chiqqanda, xatto tog‘-adirda qolib ketganimizda ham minnatsiz va ginasiz yordamga oshiqishadi.
Favqulotda vaziyatlar vazirligi Onamizga o‘xshaydi. Kun-kun ora SMS-xabar jo‘natib, “falonchi kuni qor ko‘chishi mumkin, ehtiyot bo‘lgin, bolam”, “Qattiq shamol bo‘larkan, mashinangni daraxt, simyog‘och ostiga qo‘ymagin-a” deb xavotir olib turadi. Qarindoshlarimiz ham bizni bunchalar ko‘p yo‘qlashmasa kerak.
Eng ahamiyatlisi, millatimizning FVV xodimlariga nisbatan bu muhabbati matbuotda olib borilgan sun’iy tashviqotlar bilan singdirilmagan. Hammamiz ularning nimaga qodirligini amalda ko‘rganmiz va bu mehr sinovlardan o‘tgan, mashaqqatlarda toblangan. Boshimizga ish tushganda darrov yetib keladigan qadrdonimiz timsoliga aylanib qolgani uchun ham ular ustidan shikoyat qilishsa biroz erish tuyularkan.
Harqalay, tahririyatimizga Chirchiqda bo‘layotgan voqealar yuzasidan murojaat kelib tushganida o‘zimizni shunday his qildik. Shu kungacha o‘n, balki yuz minglab insonlarga ko‘magi tekkan FVV va uning Toshkent viloyati boshqarmasi “sharofati” bilan bir tadbirkorning moliyaviy inqiroz yoqasiga kelib qolganidan dilimiz og‘ridi. Hujjatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib ham Favqulotda vaziyatlar vazirligining nima istayotganini haligacha anglolmay halakmiz. Ularning hatti-harakatlaridan mantiq topolmayapmiz.
“Effekt.uz” tahririyati ushbu holat bo‘yicha Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati hamda Chirchiq shahar hokimligi, Qurilish Bosh boshqarmasi, Kadastr agentligi va boshqa mas’ul, shuningdek, vakolatli tashkilotlarning rasmiy munosabatini kutib qoladi.
JARAYON BOSHLANDI...
21 fevral 2020 yili “Hamkor Petrol” mas’uliyati cheklangan jamiyati Chirchiq shahrining Tiklanish ko‘chasida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchasi binosini onlayn auksion orqali sotib olgan. Jamiyat rahbari A. Alimjanov qurilganiga yigirma yildan oshgan bu zapravkani texnologik hamda ma’naviy jihatdan eskirgani, O‘zbekistondagi aksariyat avtomobillar siqilgan gazda yurishini inobatga olib, qayta rekonstruksiyalashga qaror qilgan.
Benzin sotadigan ob’yektni metan gazi quyishga ixtisoslashgan maskanga aylantirish oson ish emas. Buning uchun texnologik jarayonni tubdan o‘zgartirish, shuningdek, kompressor binosi, akkumulyator bloki, yo‘lovchilar uchun kutish xonasi kabi yangi qurilmalar barpo qilish, ayvon ostiga siqilgan gaz haydaydigan kolonkalar o‘rnatish, ko‘plab davlat tashkilotlaridan ruxsat va xulosalar olish talab qilinadi. Bu esa juda katta miqdorda sarmoya ham kiritish kerak deganidir. Tadbirkorni bu mashaqqatlar cho‘chitmadi va yeng shimarib ishga kirishib ketdi.
... VA TO‘XTADI
Chirchiq shahar qurilish bo‘limi hujjatlar bilan tanishib chiqib, 29 dekabr 2021 yili AYOQSHni zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilishga ruxsat berdi.
Tadbirkor, shuningdek, Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan ijobiy xulosa oldi, avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi, Chirchiq shahar elektr ta’minoti korxonasi, “Hududgaz Toshkent” GTF, “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ Chirchiq shahar bo‘limi, viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi kabi idoralarning texnik shart va talablarini bajardi, ular ko‘rsatgan kamchiliklarni bartaraf qildi.
Faqat Toshkent viloyati favqulotda vaziyatlar boshqarmasi AYOQSH (ASGTKS) qurilishiga rozi bo‘lmay, oyoq tirab turib oldi. Mazkur idora va FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish Bosh boshqarmasi o‘z qarorini AYOQSH va uning yaqinida joylashgan chala imorat oralig‘idagi masofa shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilanganidan qisqa ekani bilan izohladi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu qurilma fuqaro Dilorom Tapilovaga tegishli bo‘lib, u davlat zahirasidagi yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy imorat qurishni boshlab yuborgan, AYOQSH bilan oradagi masofa shuning uchun qisqarib ketgan ekan.
Lekin Favqulotda vaziyatlar vazirligi ham, uning Toshkent viloyati boshqarmasi ham bu binoning davlat ro‘yxatidan o‘tmagani, amaldagi qonun talablariga ko‘ra rasmiylashtirib bo‘lmasligi, ya’ni bu imoratning amalda mavjud emasligini necha yildirki tan olmay, tadbirkorga katta zarar yetkazib kelyapti.
“Hamkor Petrol” MCHJ qonun talablarini mensimagan fuqaro D. Tapilova va uning ruxsatsiz qurgan chala binosini tan olib turgan FVV boshqarmasi aybi bilan moliyaviy jarlik yoqasiga kelib qoldi.
Korxona AYOQSH loyihasini amalga oshirish uchun bankdan juda katta miqdorda kredit olgan. Tadbirkor FVVning qonunga ko‘ra asoslanmagan fikri bilan uch yildan beri faoliyatini boshlolmayapti. Bankdan ko‘targan qarzini to‘lashga ham qiynalib qolgan. U AYOQSH uchun zamonaviy uskunalar olib kelish maqsadida Xitoy kompaniyasi bilan tuzgan qariyb 500 ming dollarlik shartnomasini bekor qilishga ham majbur bo‘lgan.
“Hamkor Petrol” MCHJ noqonuniy qurilgan bino bilan o‘rtadagi masofani ta’minlash uchun AYOQSH akkumulyatorlar blokini yer ostiga ko‘chirishga ham rozi bo‘ldi. Buning uchun loyiha yana qaytadan ishlab chiqildi va juda ko‘p vaqt, mablag‘ sarflandi. Lekin Toshkent viloyati favqulotda vaziyatlar boshqarmasi halicha qaysarlik qilib turibdi.
BOSHQA IDORALAR QANDAY FIKRDA?
“Hamkor Petrol” MCHJ, aslini olganda, bu ishlarni qilishga majbur ham emasdi. Chunki Dilorom Tapilovaning imoratni davlat zahirasidagi yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, hech bir ruxsat va hujjatlarsiz qurib olgani barcha vakolatli idoralar tomonidan bir emas, bir necha marta isbotlangan.
Xususan, Kadastr agentligi Chirchiq shahar bo‘limi, Toshkent viloyati Qurilish Bosh boshqarmasi xulosalarida ham bu qayta-qayta ta’kidlangan. Kadastr agentligi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydoni qaytarib olinishi va noqonuniy binoni sud orqali buzib tashlash choralari ko‘rilishini e’tirof qilgan.
Agentlik chiqargan xatga ko‘ra, bu binoning turar joy sifatidagi mulk huquqi tan olinmagan va u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, ya’ni FVV masofa o‘lchashda foydalanayotgan bunday ob’yekt mavjud emas.
Toshkent Bosh plani loyihalash va ilmiy tadqiqot instituti bergan rasmiy xulosada Chirchiq shahrining 2035 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Bosh rejasida ham ushbu AYOQSH (ASGTKS) faoliyati saqlanib qolishi bildirilgan.
Toshkent viloyati Qurilish Bosh boshqarmasi Chirchiq shahar Bosh rejasiga ko‘ra bu nizoli hudud sanoat zonasi hisoblanishi va u yerda yakka tartibda turar joy qurilishi nazarda tutilmaganini aytgan. Uning fikricha, D. Tapilova tomonidan ruxsatsiz qurib olingan bino shahar Bosh rejasiga mutlaqo ziddir.
O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining 20-21-moddalariga ko‘ra, Qurilish vazirligi va uning viloyat bosh boshqarmalari ekspert xulosasi berish vakolatiga ega yagona organdir.
Bosh boshqarmaning o‘z vakolatlari doirasida chiqargan qarorlari barcha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Toshkent viloyati favqulotda vaziyatlar boshqarmasi uchun na maxsus vakolatli organ xulosasi, na sud hujjatlari, na qonun talablari ahamiyat kasb etmaydiganga o‘xshaydi.
Yo‘qsa, Toshkent viloyati Qurilish Bosh boshqarmasi boshlig‘i tomonidan imzolangan va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha oraliq masofani o‘lchashda AYOQSH (ASGTKS) hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’yekt o‘rtasidagi masofadan kelib chiqilmasligi haqidagi xulosasini FVV nazarga ilmayotganini qanday tushunish mumkin?!
Qolaversa, D. Tapilova turar joyining loyiha-smetasi Chirchiq shahar bosh arxitektori tomonidan imzolangan. Vaholanki, yuridik shaxs hisoblanmaydigan bo‘limlar va bo‘linmalardan o‘tgan, lekin Bosh boshqarma tasdiqlamagan hujjatlar hech qanday huquqiy kuchga ega emas.
FVV Toshkent viloyati Qurilish Bosh boshqarmasi o‘z xulosasida D. Tapilova binoni o‘z chegarasidan tashqarida, ya’ni davlat yerida qurgani, bu esa AYOQSH sanitariya normalari, shuningdek, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq emasligiga alohida urg‘u berganiga e’tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi.
HOKIMLIK NIMA DEYDI?
Chirchiq shahar hokimligi ham bu noqonuniy harakatga jimgina qarab turgani yo‘q. Uning vakillari ruxsatsiz qurayotgan binosini o‘z ixtiyori bilan buzib tashlashni talab qilib D. Tapilovani bir emas, bir necha marta ogohlantirishgan. Gap kor qilmagach, 25 mart 2022 yili fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga Dilorom Tapilova ustidan da’vo arizasi kiritilgan. 16 sentyabr 2022 yili sud Chirchiq shahar hokimligi da’vosini to‘liq qanoatlantirgan va fuqaro tomonidan noqonuniy egallab olingan davlat zahirasidagi yerda qurilayotgan binoni buzish va yer maydonini avvalgi holiga keltirish to‘g‘risida hal qiluvchi qarorini e’lon qilgan.
D.Tapilova arizasiga muvofiq bu masalani qayta ko‘rib chiqqan Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha appelyasiya sudlov hay’ati Chirchiq tumanlararo sudining hal qiluvchi qarorini o‘zgartirishsiz, o‘z kuchida qoldirgan.
QONUNBUZARGA SHAHAR KENGMI?
O‘zining noqonuniy harakatlari bilan bir tadbirkorning uch yillik umrini o‘margan D. Tapilova “Eng yaxshi himoya – hujum” naqli bo‘yicha ish ko‘ryapti. U har qanday yo‘ldan foydalanib vaqtni cho‘zish payida.
Davlat yeriga ruxsatsiz molxona qurib olgan xonim hijolat chekishni xayoliga ham keltirmayapti. U avval Chirchiq shahar hokimligi ogohlantirishlarini pisand qilmagandi. Keyin sudning noqonuniy qurilmani buzish to‘g‘risida chiqargan hal qiluvchi qarori ustidan appelyasiya shikoyati kiritdi. Shu orqali kamida bir-ikki oy qo‘shimcha vaqtga ega bo‘ldi.
Viloyat appelyasiya hay’atida ham yutqazgach, D. Tapilova o‘z vakili M. Zufarova orqali Oliy Sudga kassasiya tartibida da’vo arizasi yubordi. Yana vaqtdan yutdi, tadbirkor esa faoliyatini boshlolmay zarar ko‘rishda davom etdi.
Oliy Sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 2 iyun 2023 yilda bo‘lib o‘tgan majlisida Chirchiq shahar hokimligi zahirasidagi yer maydonining D. Tapilova tomonidan noqonuniy egallab olingan yer maydoni hajmini aniqlashni ekspertiza zimmasiga yukladi.
Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi Oliy Sud tomonidan qo‘yilgan savollarga javob berish uchun bir qator hujjatlar kerak bo‘lishi hamda Adliya Vazirining 29 yanvar 2021 yildagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan tarifga ko‘ra 10.263.000 so‘m to‘lanishi lozimligi, bunga qadar ekspertiza o‘tkazish muddati 19 iyun 2023 yildan e’tiboran to‘xtatib turilishini ma’lum qildi.
Oliy Sud Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ajrimiga ko‘ra ekspertiza harajatlari, ya’ni 10.263.000 so‘m D. Tapilova zimmasiga yuklatilgan.U esa bu pulni to‘lamoqchi emas shekilli, haligacha jim.
D. Tapilova va uning vakili M. Zufarova “Hamkor Petrol” MCHJ rahbari A. Alimjanovga chala imoratni sotib olib, keyin bilganini qilishi mumkinligini taklif etishdi. Har xasdan najot kutayotgan tadbirkor shu qurilmani qarz-qavola qilib bo‘lsa ham, ular aytgan narxda xarid qilishga rozi bo‘lgandi. Keyin bo‘ynida suyakdek tiqilib turgan noqonuniy qurilmani tag-tugi bilan buzib tashlashni rejalashtirgandi.
Mutaxassislar bilan maslahatlashgach, bu fikridan qaytishga majbur bo‘ldi. Chunki D. Tapilova binosining umuman hujjatlari yo‘q, davlat ro‘yxatiga olinmagan, demak, uni o‘z nomiga rasmiylashtirish to‘g‘risida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Bino turgan yer maydoni esa davlatniki. Xullas, sal yiltillagan umid uchquni alanga olmay so‘ndi.
D. Tapilova, ayniqsa, Favqulotda vaziyatlar vazirligining hech bir qonun hujjatlari bilan asoslanmagan qaysarligidan rosa quvonayotgan bo‘lsa kerak?! Chunki, butun boshli vazirlik va uning ikki qudratli boshqarmasi noqonuniy imoratni o‘zi bilmagan holda jon-jahdi bilan himoya qilib kelyapti. Uning xali bitmagan molxonasini turar joy maqomida ko‘ryapti.
FVV AYTADIGAN VA QAYTADIGAN TUZILMAMI?
Favqulotda vaziyatlar vazirligi va uning tarkibidagi boshqarmalar “Hamkor Petrol” MCHJdan nima istayotganini o‘zlari ham bilmayapti shekilli. Har qalay ularning xatlari bilan tanishgan odamda shunday taassurot shakllanadi.
Xususan, boshqarma 30 sentyabr 2022 yildagi xatida AYOQSH va turar joy deb hisoblanayotgan uy (vaholanki, FVVning bir xatida bu odam bolasi yashamaydigan molxona ekani aytilgan) orasidagi masofa shaharsozlik normalari va qoidalarining (SHNQ) 2.2.4-bandi talablariga javob bermasligi ta’kidlangandi.
“Hamkor Petrol” FVV istagan 35 metrlik masofani ta’minlash uchun yaqindagina juda katta mablag‘ hisobiga qurilgan akkumulyator blokini buzib, boshqa joyga — yer ostiga ko‘chirgan. Loyihani qayta chizdirgan va ijobiy xulosa olish uchun yana FVVga murojaat qilgan.
Uning Toshkent viloyati boshqarmasi esa 31 may 2023 yildagi, ya’ni qariyb 9 oydan keyingi xatida, xuddi tadbirkorni mazax qilgandek, yong‘in xavfsizligi oraliq masofasi avvalgi safar aytilgan 2.2.4-modda emas, balki 2.1.3-modda talablariga javob bermasligini ta’kidlab, qurilishga ruxsat bermagan.
Yana bir misol. Ikki boshqarma ishidan norozi bo‘lgan “Hamkor Petrol” MCHJ rahbari A. Alimjanov bevosita FVV vaziri nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Vazirlik masalaga oydinlik kiritish uchun tarkibidagi boshqarma vakillari va tadbirkor ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan.
Unda raislik qilgan Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish Bosh boshqarmasi boshlig‘i U. Muzafarov bu masalani Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi huzuridagi shaharsozlik kengashida kollegial tartibda, ya’ni barcha vakolatli idoralar mutasaddilari bilan bahamjihat ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Bu haqida A. Alimjanov nomiga alohida xat ham chiqargan.
U. Muzafarov muloqot paytida shaharsozlik kengashi ishtirokchilari ko‘p ovoz bilan "Hamkor Petrol" MCHJ haq ekanini e’tirof qilishsa, FVV ham shu qarorni ma’qullashini aytgan.
Qarangki, shaharsozlik kengashi yig‘ilishida qatnashgan 12 tashkilotning 11 tasi (!) “Hamkor Petrol” MCHJning AYOQSH faoliyatini boshlash uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini ta’kidlab, ijobiy xulosa bergan. Faqat Toshkent viloyati favqulotda vaziyatlar boshqarmasi yana qarshilik qilgan.
Vakolatlari ko‘p bo‘lsa ko‘pki, kam bo‘lmagan boshqa rasmiy idoralarning fikrini inobatga olmas ekan, FVV nima uchun kollegial tartibda yig‘ilish o‘tkazish va “Hamkor Petrol” MCHJ masalasini muhokama qilishni taklif qilgani umuman tushunarsiz. Yoki Favqulotda vaziyatlar vazirligi va uning boshqarmalari Shaharsozlik normalari va qoidalari faqat biz uchun yaratilgan, boshqalar esa bunaqa jiddiy hujjatlarni tushunishga ojizlik qiladi deb o‘ylarmikan?!
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i E. Po‘latov “Hamkor Petrol” MCHJ masalasi shaharsozlik kengashi komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgani, uning 12 a’zosidan 11 nafari ijobiy xulosa berganini o‘z xatida tasdiqlagan. Tadbirkorga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 20 aprel 2022 yilda imzolangan “Qurilish sohasiga oid yagona qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 200-sonli qarorning 4-ilovasiga ko‘ra, davlat xizmatlari orqali murojaat qilishni tavsiya qilgan.
Lekin Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi Bosh boshqarmasi xatidagi bir jumla odamni sergak torttiradi. Unda shunday deyilgan: “davlat xizmatlari orqali shaharsozlik kengashiga mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilgan holda, murojaat qilish maqsadga muvofiqligini ma’lum qilamiz” (xat uslubi aynan saqlab qolindi – Tahr.).
Bu xat bilan Bosh boshqarma “Sizning masalangiz shaharsozlik kengashida mutasaddi tashkilotlar tomonidan 11 ijobiy va 1 qarshi (FVV) ovoz bilan foydangizga hal qilindi, endi bemalol davlat xizmatlari orqali murojaat qiling hamda faoliyatingizni boshlang” degan mazmun bormi? Yoki “11 ijobiy xulosangiz bor, qolgan bittasining (FVV) ham roziligini oling va keyin harakatingizni qiling” deyilganmi?
Shaharsozlik kengashi yakuniy qarorga kelishda ko‘p ovozlilik tamoyiliga tayanadimi yoki hamma ishtirokchilar yakdil rozi bo‘lgandagina masala ijobiy hal bo‘ldi deb hisoblanadimi? Shunisi bizga qorong‘u.
Favqulotda vaziyatlar vazirligi hamda uning ikki boshqarmasi o‘z so‘zida qaysarlik bilan turib olishi 80 yoshga kirgan Afandidan yoshini so‘rashganda, “Men 18 yoshdaman, bundan keyin ham shunday qolaman, chunki bir so‘zliman” deb bergan javobidek mantiqsiz.
O‘ZBOSHIMCHALIK — DAVR TALABIMI?
FVV va uning Toshkent viloyati boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasining qaysi qonun hujjatlari, me’yoriy normalariga tayanayotganini ham isbotlab berolmayapti. Ular dastak qilib olgan shaharsozlik normalari va qoidalarida oraliq masofani o‘lchash uchun noqonuniy qurilgan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bino va inshootlar mezon sifatida xizmat qilishi mumkinligi ko‘rsatilmagan. Ko‘rsatilmaydi ham.
Favqulotda vaziyatlar vazirligi suyanayotgan SHNK (shaxarsizlik normativ qoidasi) bilan tanishib chiqaylik, SHNKning 2.09.20-08ning 2.2.4-bandida Ko‘p yoqilg‘ili AYOQS, AGTKS va AGQS (bir devorli rezervuarli AGQSdan tashqari)lardan ularga tegishli bo‘lmagan ob’yektlargacha bo‘lgan minimal masofa 4-jadvalga muvofiq qabul qilinadi. Ushbu jadvalda Oraliq masofasi aniqlanishi zarur bo‘lgan ob’yektlar nomi ko‘rsatilgan bo‘lib, (xujjatda aynan shunday yozilgan) uy-joy va jamoat binolari masofalari belgilangan. SHNK talabiga ko‘ra avvalo ushbu ob’yekt uy joy sifatida davlat ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim. Ayni vaqtda davlat tomonidan uy-joy sifatida tan olinmagan ob’yektga Boshqarma yong‘in xavfsizligi masofalarini qo‘yib berishi SHNK norma talabiga zid xisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, Qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.
Vazirlar Mahkamasining 29 dekabr 2018 yildagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga yoki huquqni belgilovchi hujjatlarsiz foydalanilayotgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi”. Bu tamoyil Yer Kodeksi, Fuqarolik Kodeksida ham mustahkamlab qo‘yilgan.
“Hamkor Petrol” MCHJ vakillarining aytishicha, FVV va uning viloyat boshqarmasi mutasaddilari o‘zaro suhbatda bu qarorlarini “D. Tapilovaning shu noqonuniy qurilgan imorati qachonlardir ro‘yxatga olib qolinsa-chi” deya xaspo‘shlashyapti ekan. Bu esa “qiyomat bo‘lib qolsa, nima qilaman”, deb uyi yerto‘lasini chuqurroq qaziyotgan odamning ishiga o‘xshaydi.
Favqulotda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari o‘z kelajagidan shunchalar xavotirdamilar? Shu gapda jon bo‘lsa, nima uchun ular sudning hal qiluvchi qarori, Kadastr Agentligi, Qurilish Bosh boshqarmasi xulosalaridan o‘zlariga qo‘rg‘on yasab olmayaptilar?! Bu idoralarning malakali mutaxassislari “Hamkor Petrol” MCHJ haq ekanini qonun talablari va me’yoriy hujjatlar bilan asoslab qo‘yishgan-ku?!
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasida qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi. Lekin ham shahar, ham viloyat sudi tomonidan chiqarilgan qaror hamda ajrimlar Toshkent viloyati favqulotda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan mutlaqo inobatga olinmayotgani jumboq.
TADBIRKORNING AYBI NIMADA?
Ochig‘i, hujjatlarni qayta-qayta o‘rganib chiqib ham shu savolga javob topolmadik. Chunki AYOQSH egasi birorta noqonuniy bino qurmagan bo‘lsa, yaqinida joylashgan qurilma bilan masofani o‘zicha qisqartirmagan bo‘lsa, nima uchun FVV unga e’tiroz bildiryapti?!
Nima uchun Toshkent viloyati favqulotda vaziyatlar boshqarmasi D. Tapilovaga “Siz qurayotgan noqonuniy imorat AYOQSHgacha bo‘lgan oraliq masofaning qisqarishiga olib kelyapti, bu esa yong‘in xavfsizligi nuqtai nazaridan noto‘g‘ri” deb aytmayapti?! Nima uchun shu paytgacha aytmagan?!
Favqulotda vaziyatlar vazirligi Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish Bosh boshqarmasi boshlig‘i U. Muzafarov tomonidan imzolangan xatda “o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda ularni bartaraf qilish (buzib tashlash)” u rahbarlik qilayotgan tuzilma vakolatiga kirmasligi aytilgan.
Balkim shundaydir?! Vaholanki, Bosh boshqarma yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalarida shunchalar sergak va qat’iyatli ekan, unda shundoqqina AYOQSH biqinida shaharsozlik normalari va qoidalariga zid ravishda bino qurilayotganiga nima uchun yillar mobaynida e’tibor qaratmadi?
Nimaga Chirchiq shahar hokimligi, viloyat Qurilish Bosh boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlarni bu haqida ogohlantirmadi? Nima uchun ularga taqdimnoma kiritmadi?
D. Tapilova noqonuniy qurilishi bilan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzmayaptimi? U AYOQSH binosigacha bo‘lgan masofani qisqartirib, yong‘in xavfi tug‘dirmayaptimi? Balki o‘zboshimchalik bilan barpo qilinayotgan qurilishlarni aniqlash FVV vakolati emasdir, lekin AYOQSH tomon ilgarilab borayotgan binoga hech bo‘lmaganda yong‘in xavfsizligi nuqtai nazaridan e’tibor qaratish kerak emasmi? Yoki bu ham FVV vakolatiga kirmaydimi?
Bu masalada “Hamkor Petrol” mas’uliyati cheklangan jamiyatining aybi yoki xatosi yo‘qligi shundoq ham ko‘rinib turibdi-ku?! Nima uchun tadbirkor boshqa fuqaroning qilgan, qilayotgan noqonuniy harakati badalini to‘lashi kerak?
Korxona D. Tapilova va Toshkent viloyati favqulotda vaziyatlar boshqarmasi tufayli faoliyatini boshlolmayapti va buning ortidan kuniga juda katta miqdorda zarar ko‘ryapti, daromad ololmayapti, qarzini to‘lolmayapti. Bu aziyat va yo‘qotishlar o‘rnini kim qoplab beradi?
VAZIRLIKKA TAVSIYA
Favqulotda vaziyatlar vazirligi dastak qilib olgan shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqishda uning tarkibidagi Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish Bosh boshqarmasi, Yong‘in xavfsizligi oliy texnika maktabi ham bevosita qatnashgan (u paytda bu tuzilmalar ichki ishlar vazirligiga qarardi). Demakki, hujjatni tayyorlashda bu idora va muassasalar o‘z fikrini aytgan, takliflar kiritgan, talablarini qo‘ygan. Hali ham kech emas.
Agarki, Favqulotda vaziyatlar vazirligiga O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, xususan, Fuqarolik Kodeksi, Sudlar to‘g‘risidagi Qonun, Yer Kodeksi, Vazirlar Mahkamasi qarorlari ahamiyatsiz bo‘lsa, shaharsozlik normalari va qoidalariga “FVV va uning boshqarmalari belgilangan tartibda ruxsat olmasdan noqonuniy qurilgan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bino va inshootlardan masofani o‘lchash mezoni sifatida foydalanish huquqiga ega” deb bir band kiritsin.
Na sud, na boshqa davlat tashkilotlarining qaror va xulosalarini mutlaqo tan olmayotgan FVV xodimlarining aytishicha, bu borada vazirlikning o‘z fikri bor emish. Lekin bu fikr qaysi qonun va me’yoriy hujjatlarga asoslangani noma’lumligicha qolyapti.
O‘nlab idoralar va ularning malakali xodimlari “Paxtaning rangi oq bo‘ladi” deb turishgan bo‘lsa, “Yo‘q, qora bo‘ladi” deb oyoq tirash ilm-fanda nima deb atalishini bilmaymiz, lekin FVV qaysarligi mavjud qonun hujjatlarini ko‘r-ko‘rona talqin qilishdan suv ichayotgandek.
IDORA MINGTA, FVV BITTAMI?
“Hamkor Petrol” MCHJ barpo qilayotgan avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi (ASGTKS) nihoyatda muhim ahamiyatga ega loyiha. Chunki u yo‘l yoqasida — Toshkent-Chirchiq-Chimyon yo‘nalishida joylashgan. Qolaversa, tadbirkor A. Alimjanov g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11 oktyabr 2017 yildagi “Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish va avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichma-bosqich o‘tkazish hamda ularda gazballon uskunalaridan xavfsiz foydalanishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 815-sonli qarori ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga hamohangdir.
Bu loyiha Chirchiq shahrida yangi ish o‘rinlari tashkil qilish va mahalliy byudjetga qo‘shimcha daromadlar jalb etishga imkon yaratadi. Yuqorida aytganimizdek, “Hamkor Petrol” MCHJ loyihasi Chirchiq shahrining 2035 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasidan ham o‘rin olgan.
Uning shahar hamda viloyat aholisi va mehmonlari uchun qanchalik katta ahamiyat kasb etishini yaxshi anglagan Chirchiq shahar va Toshkent viloyati hokimliklari tashabbusi bilan “Hamkor Petrol” MCHJ loyihasi mamlakat miqyosida tan olingan qurilishlar ro‘yxatiga kiritildi.
Energetika vazirligining 2020 yilda O‘zbekiston mintaqalari bo‘yicha ASGTKS qurish maqsadli parametrlari qatoriga Chirchiq shahridan faqat “Hamkor Petrol” MCHJ loyihasi jalb qilingan.
Qolaversa, bu ASGTKS masalasi “O‘zneftgaznazorat”davlat inspeksiyasi, “O‘ztransgaz” AJ, Transport, Qurilish vazirliklari bilan kelishilgan.
Shunday nufuzli idoralar qo‘llab-quvvatlayotgan va 2020 yilda ishga tushirilishi belgilangan loyiha nima uchun haligacha faoliyatini boshlamagani sababini esa shu maqolada batafsil yoritdik.
Faqat Favqulotda vaziyatlar vazirligi mahalliy hokimliklar, shahar hamda viloyat miqyosidagi boshqarmalar, sudlar va ularning xulosa, qaror, ajrimlarini mutlaqo tan olmasligi sabablarini anglab yetolmadik. Ulardagi bu jur’at, kibr manbasini topolmadik.
Balki FVV vazn toifasi o‘zinikiga yaqin idoralarni nazariga ilar? Unday bo‘lsa, FVV mutasaddilariga “Hamkor Petrol” MCHJ tomonidan barpo qilinadigan ASGTKS masalasida Energetika vazirligi, “O‘zneftgaznazorat”davlat inspeksiyasi, “O‘ztransgaz” AJ, Transport, Qurilish vazirliklari fikrini ham eshitib ko‘rishni tavsiya qilgan bo‘lardik?!
Ishonchimiz komilki, bu nufuzli organlarda shaharsozlik normalari va qoidalarini Favqulotda vaziyatlar vazirligi va uning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlaridan ko‘ra yaxshiroq biladigan va to‘g‘ri talqin qiladigan mutaxassislar albatta topiladi.
SO‘NGGI SO‘Z O‘RNIDA
Yaqinda “Hamkor Petrol” MCHJ direktori A. Alimjanov 26 iyun 2023 yil sanasi bilan qayd qilingan va Favqulotda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari M. Muxitdinov tomonidan shaxsan imzolangan xat oldi. Unda AYOQSH hamda qo‘shni yer uchastkasida joylashgan fuqaro D. Tapilovaga (xatda Talipova deb xato yozilgan. Tahr.) tegishli qurilishi tugallanmagan imoratgacha bo‘lgan masofa masalasi Davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan bir necha marta ko‘rib, o‘rganib chiqilgani va “Hamkor Petrol” MCHJga asoslantirilgan javob berilgani ta’kidlangan.
Shuningdek, xatda bu mavzu muhokamasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 30-moddasiga muvofiq tugatilgani ma’lum qilingan. Tushunishimizcha, FVV o‘z fikrida qolmoqchi va “Hamkor Petrol” MCHJ masalasini yopmoqchi. Lekin bu rasmiy javob qator savol va fikrlar tug‘diryapti.
FVV va qonunbuzar D. Tapilova tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, bor mablag‘ini, yetmaganiga qarz ko‘tarib bo‘lsa ham, AYOQSH loyihasiga tikkan “Hamkor Petrol” MCHJ rahbari A. Alimjanov nima qilsin? U qonunni buzmadiku! Bu masalada uning zarracha aybi yo‘q-ku! A. Alimjanovning xatosi mamlakatimizda qonun ustivor ekaniga ishonganimi?
Nima uchun tadbirkor boshqa fuqaroning AYOQSH atrofida sodir etayotgan qonunbuzarlik holati uchun aziyat chekishi kerak? Yoki vazirlikning D. Tapilovaga yong‘in xavfsizligi talablarini buzayotganini aytib, chora ko‘rishga jur’ati yetmaydimi?
Nahotki, Favqulotda vaziyatlar vazirligi bu masalada biror aybi bo‘lmagan o‘zbek tadbirkorining tom ma’noda sinib ketishiga jimgina qarab tursa?! Uning vazifasi “Hamkor Petrol” MCHJni inqirozga yetaklash emas, sohasining yetuk mutaxassisi sifatida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash emasmi?!
Xatda AYOQSHga qo‘shni imorat “D. Tapilovaga tegishli” deb aytilgan. Vazirlik mulk huquqini keltirib chiqaruvchi qaysi hujjatlarga tayanib bunday da’vo qilyapti? Nimaga xatda Kadastr Agentligi Chirchiq shahar bo‘limi, Toshkent viloyati Qurilish Bosh boshqarmasi xulosalari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining hal qiluvchi qarorida aytilganidek, “D. Tapilovaning davlat zahirasidagi yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, ruxsatsiz va hujjatlarsiz qurilgan imorati” deyilmayapti?
Nima uchun asoslantirilgan javob xatlari taqdim qilinganini ta’kidlayotgan FVV bu xulosaga kelishda qaysi qonun va me’yoriy hujjatlarga tayanganiga oydinlik kiritmayapti? Yoki xatda asos sifatida keltirilgan SHNQ 2.09.20-08 ning 4-jadvalida masofani belgilash uchun noqonuniy bino va inshootlardan o‘lchash mezoni sifatida foydalanishga ruxsat berilganmi?
Vazir o‘rinbosari M. Muxitdinov 2022-2023 yillar davomida shu masala bo‘yicha “Hamkor Petrol” MCHJga bevosita vazirlik tomonidan beshta, Toshkent viloyati boshqarmasi nomidan to‘rtta javob xati chiqarilganini ta’kidlagan. Shunday obro‘li vazirlik uchun aholisi soni 200 ming nafarga ham yetmaydigan kichkina shaharchadagi moʻjazgina AYOQSH muammosini o‘rganish uchun ikki yil zarur bo‘ldimi?! Bu isnod emasmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yildayoq “Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat qilish demakdir” demaganmidi? Nahotki, davlat rahbarining yurak tubidan chiqqan shu buyuk hikmatni unutish uchun besh yilgina kifoya qilsa?!
Gapimiz Favqulotda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalari mutasaddilari uchun kulgili tuyulsa ham aytamiz: har qanday qonun, me’yoriy hujjatlar, birinchi navbatda, insonlar hayotini yengillashtirish uchun qabul qilinadi, ularni jar yoqasiga yetaklash uchun emas.
“Effect.uz”ни “Telegram”да кузатинг
“Effect.uz”ни “Facebook”да кузатинг
“Effect.uz”ни “YouTube”да кузатинг
Effect.uz'ни Инстаграмда кузатинг