Qidirish

12:07 / 2023-06-22 736 0 Maqolalar

Turkiyada dengiz tubiga shoʻngʻigancha suv osti ajoyibotlarini kashf qilishingiz mumkin boʻlgan eng goʻzal manzillar…

Turkiya, suv ostiga gʻarq boʻlgan kemalar va oʻtmish sirlarini saqlovchi dengiz osti hayoti, boy suv osti flora va faunasi bilan yil boʻyi moviy chuqurliklarda oʻtmish izlarini kashf qilish imkoniyatlarini shoʻngʻish ixlosmandlariga taqdim etadi.

world-news

8500 kvadrat kilometrlik qirgʻoq chizigʻi boʻylab, Turkiya suv osti arxeologiyasi va tabiatga oid qiziqarli tajribalari bilan shoʻngʻish turizmi ixlosmandlarini kutib oladi. Bundan tashqari, Turkiyaning musaffo suvlarida shoʻngʻish tajribalari eng qadimiy sivilizatsiyalarga guvoh boʻlgan tarixiy shaharlar, Egey va Oʻrta Yer dengizining oʻziga xos taomlari va uzumzorlari bilan chambarchas bogʻliq.

Bodrum: Egeyning yuragidagi sarguzasht

Bodrum Turkiyaning suv osti boyliklarini kashf qilishni istaganlar uchun Turkegeydagi asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Yarim orolning shaffof suvlarida baliq, sakkizoyoq, dengiz oʻtlari, suv oʻtlari va dengiz mochalkalari kabi koʻplab jonzotlar yashaydi.

Mintaqada shuningdek, qadimgi davrga tegishli boʻlishi mumkin boʻlgan kema halokatlari kuzatish mumkin boʻlgan 20 ta shoʻngʻish joyi mavjud. Bodrumning eng mashhur shoʻngʻish manzillari katta va kichik riflardan iborat boʻlib, u yerda barcha fasllarning iliq suvlarida shoʻngʻishingiz mumkin.

Bodrumdagi yana bir ajoyib shoʻngʻish manzili bu Orak oroli va Delikli gʻoridir. Turkiyadagi suv osti topilmalari namoyish etiladigan Bodrum suv osti muzeyini ziyorat qilish suv osti ishqibozlari uchun muhim tajribalarni vaʼda qilmoqda. Turkiyaning eng muhim dam olish maskanlaridan biri boʻlgan Bodrumda qilinishi kerak boʻlgan ishlar roʻyxati ham ancha uzun.

Aholi orasida jannat shaharchasi deb ataluvchi Mugʻlada siz goʻzal koʻrfazlarda quyoshdan bahramand boʻlishingiz, shaharning mashhur restoranlarida turk va jahon oshxonasiga tegishli eng yaxshi namunalarini tatib koʻrishingiz mumkin. “Qadimgi dunyoning yetti moʻjizasidan” biri hisoblangan Mavsol (Mausolus) maqbarasi qoldiqlari joylashgan Bodrumda ham koʻplab arxeologik kashfiyotlar qilishingiz mumkin.

Fethiye: Haqiqiy suv osti jannati

Betakror koʻrfazlari, mukofotga sazovor boʻlgan sohillari va koʻzni qamashtiruvchi manzaralari bilan yozgi taʼtilning sevimli markazlaridan biri boʻlgan Fethiye, Turkiyaning eng yaxshi shoʻngʻish nuqtalaridan biri Akvarium koʻrfaziga mezbonlik qiladi. Oʻz nomini suvining tiniqligidan olgan koʻrfaz tajribali va yangi boshlovchilar uchun mos keladigan joydir.

Soʻnggi yillarda qoʻriqlanadigan hudud sifatida eʼlon qilingan koʻrfaz tungi shoʻngʻishlar uchun ham mukammal tanlovdir. Suv osti hayotining xilma-xilligi bilan mashhur boʻlgan Akvarium koʻrfazida moviy chuqurlikda yashovchi mavjudotlarni koʻrib hayratlanishingiz mumkin.

Fethiyedagi yana bir mashhur shoʻngʻish marshruti bu - Afkule. Koʻplab yer osti gʻorlari, rang-barang baliqlari va dengiz oʻsimliklariga ega boʻlgan, shoʻngʻish ishqibozlari tez-tez tashrif buyuradigan Afkule, shuningdek, ilgʻor gʻavvoslar uchun ham mos keladi. Shuningdek, bu mintaqada Caretta Caretta toshbaqalarini ham uchratishingiz mumkin.

Kash: Dunyodagi eng yaxshi 10 ta shoʻngʻish manzillaridan biri

Turk Riviyerasining durdonasi boʻlgan Antaliyaga yoʻl olganingizda, Turkiyaning eng mashhur shoʻngʻish manzillari bilan qarshilashasiz. Mintaqadagi oʻn besh shoʻngʻish nuqtasi rang-barang suv osti faunasi bilan ajralib turadi. Suv osti riflari, toshloq joylari va kema halokatlari bilan Kash endemik turlarni kuzatish uchun turli xil noyob tajribalarni taqdim etadi.

Mintaqaning eng oʻziga xos shoʻngʻish zonalaridan biri boʻlgan Kash nafaqat Turkiyada, balki dunyoda eng yaxshi 10 shoʻngʻish nuqtalari qatorida. Kashning mashhur shoʻngʻish markazi Kanyon deb nomlangan mintaqadadir. Kanyondagi baliqlar bilan raqobatlashish orqali suvning sirli dunyosini oʻrganish - bu ajoyib sarguzasht. Sizni suv ostiga chorlovchi Kash klassikasi “Uchar baliq” Ikkinchi jahon urushi paytida urib tushirilgan Savoia-Marchetti SM79 rusumli italyan bombardimon uchogʻining halokatidir.

Chanoqqalʼa: ertaknamo suv osti sayohati

Gelibolu tarixiy suv osti parki dunyodagi eng muhim shoʻngʻish markazlaridan biri boʻlib, Chanoqqalʼa urushlari izlarini suv ostida koʻrish imkonini beradi. 150 kvadrat kilometrlik suv osti parkida 14 xil nuqtada turli xil chuqurliklarda shoʻngʻish mumkin.

Dunyoning eng yaxshi saqlanib qolgan jang maydoni boʻlgan mintaqada siz Layter, Ariburnu Barch, Helles Barch, Bone Barch, HMS Louis, Lundy, HMS Majestic, Massena kema halokatlari bilan bir asrdan oshiq tarixga sayohat qilishingiz mumkin. Ushbu halokatlarning eng mashhurlari Lundy yuk kemasi va HMS Majestis zirhli harbiy kemasidir. Chanoqqalʼa haqida gap ketganda, yana bir shoʻngʻish yoʻli boʻlgan Saros koʻrfazini unutmasligimiz lozim. Kuchli oqimlar bilan oʻzini tozalaydigan Egey dengizining eng yaxshi saqlangan joylari orasida 200 dan ortiq dengiz jonivorlari yashaydi.

YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan Troya qadimiy shahri va Yevropaning muzeyshunoslik sohasidagi eng nufuzli mukofotlari sohibi boʻlgan Troya muzeyiga tashrif buyurib, Chanoqqalʼadagi shoʻngʻish sarguzashtlaringizni boyitishingiz mumkin. Chanoqqalʼa yaqinidagi ikkita moʻjizaviy orol Bozjaada va Goʻkcheadaga ham kirib oʻtishingiz hamda u yerning zaytun moyi bilan pishirilgan unutilmas lazzatlarinidan tatib koʻrishingiz tavsiya etiladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish