Qidirish

23:01 / 2023-06-13 551 0 Maqolalar

“Turmush o‘rtog‘imni nohaq ayblashmoqda”

Effect.uz tahririyatiga Buxoro viloyati Kogon tumanidan murojaat kelib tushdi.  Jamoamiz mazkur murojaat yuzasidan jurnalistik surishtiruv ishlarini boshlagani haqida ma’lum qilamiz. 

world-news

Buxoro viloyati investisiya va tashqi savdo boshqarmasi Kogon shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ixtiyor Hafizov 22 maydan buyon tergov hisbxonasida saqlanmoqda. Kogon shahar prokuraturasi uni Jinoyat Kodeksining bir necha moddalari bilan bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlar ishtirokchisi sifatida ko‘ryapti.

“Effect.uz” tahririyatiga kelib tushgan hujjatlar esa Kogon shahar prokurori yordamchisi, 1-darajali yurist Sh. Rahimov tomonidan imzolangan bu qaror yuzasidan bir qator savollar tug‘dirmoqda. Bugun ana shu masalalarga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

9 mart 2023 yili Kogon shahar prokurori Sodiqjon Jo‘rayev “1-son bosh tiklash poyezdi” davlat unitar korxonasi, “TEMUR–IKROM – QAHRAMON QURULISH TA’MIRLASH” hamda “FUTURE DEVELOPMENT” mas’uliyat cheklangan jamiyatlari mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Prokuror Kogon shahar hokimligi huzuridagi “1-son bosh tiklash poyezdi” DUK rahbarlarini mol-mulkni juda katta miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (167-modda), mansab soxtakorligi (209-modda), xo‘jalik yurituvchi sub’yektni qasddan soxta bankrotlikka olib kelishda (180-modda) ayblagan. Qolgan ikki MCHJ mansabdorlari esa, 167-moddadan tashqari, 228-modda, ya’ni hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanishga doir jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan. 
22 may 2023 yili dastlabki tergov ishlarini olib borayotgan prokuror yordamchisi Sh. Rahimov Buxoro viloyati investisiya va tashqi savdo boshqarmasi Kogon shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ixtiyor Hafizovni ham gumondor sifatida jalb qilish va ushlab turish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. 
Ertasiga, ya’ni 23 may kuni Ixtiyor Hafizovga gumondor emas, ayblanuvchi maqomi berilgan va shu xususda tegishli qaror imzolangan. 
Endi voqealar tafsilotiga biroz to‘xtalsak. Kogon shahar prokuraturasi qarorida aytilishicha, Ixtiyor Hafizov bir guruh sheriklari, xususan, shahar hokimi o‘rinbosari Furqat Tursunov,  “TEMUR–IKROM–QAHRAMON QURULISH TA’MIRLASH” MCHJ rahbari Po‘lat Ikromov bilan til biriktirib, “1-son bosh tiklash poyezdi” DUKga “o‘z odamining” rahbar etib tayinlanishiga erishishgan va korxonaga norasmiy tarzda yetakchilik qilib kelishgan. Keyinchalik “1-son bosh tiklash poyezdi” DUK ixtiyoridagi teplovozni elektron savdo platformasiga kiritmasdan, soxta oldi-sotdi shartnomasi bilan sotishgan. So‘ngra teplovoz “FUTURE DEVELOPMENT” mas’uliyat cheklangan jamiyati orqali Qozog‘istonga sotilgan. 
Shu orqali jinoiy guruh davlat unitar korxonasi manfaatlariga juda katta miqdorda zarar yetkazgan. Voqealarning Kogon shahar prokuraturasi talqinidagi qisqacha tafsiloti shunday.  
Prokuraturaning mart oyidagi hujjatlarida bu jinoyatlar  “1-son bosh tiklash poyezdi” DUK mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgani aytilgandi. Oradan bir necha oy o‘tar-o‘tmas, korxonaga bevosita yoki bilvosita aloqasi bo‘lmagan Ixtiyor Hafizov ham jinoiy guruh a’zolari qatoriga kiritilgan. 
Kogon shahar prokuraturasi hujjatlarida Ixtiyor Hafizov o‘ziga ishonib topshirilgan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan shug‘ullangani aytilgan.

Ayblanuvchining ta’kidlashicha, “1-son bosh tiklash poyezdi” DUK Kogon shahar hokimligi huzuridagi tuzilma, o‘zi esa esa egallab turgan lavozimiga ko‘ra, hokimlikka daxldor shaxs emas. Uning  Kogon shahar hokimligi balansidagi mol-mulkka egalik qilish, ularni tasarruf etish yoki begonalashtirish, korxonaning mol-mulkini ijaraga berish yoki ijaraga berishni rad qilish, korxonaning mustaqil harakatlarni olib borishiga to‘sqinlik qilish, korxona nomidan sudda da’vogar bo‘lish kabi vakolatlari bo‘lmagan. Ixtiyor Hafizovning  e’tirof qilishicha, mutlaqo begona tashkilot vakilini boshqa korxonada sodir etilgan deb gumon qilinayotgan jinoyatlarda aylash mantiqsizlikdir.

“Effect.uz” tahririyatining norasmiy eksperti e’tirofiga ko‘ra, Turkiyadagi zilzilada qush va hasharotlarni, Afrikaning ayrim mamlakatlaridagi ochlik va nochorlikda Oy hamda yulduzlarni ham xuddi shunday muvaffaqiyat bilan ayblash mumkin. Prokuraturaning bu da’vosi Sardoba fojiasida baliqlarni aybdor sifatida ko‘rsatishni istaganlarning gaplariga o‘xshab ketyapti.

Kogon shahar prokuraturasi hujjatlarida Ixtiyor Hafizovning bu jinoyatlarga norasmiy rahbarlik qilib kelgani ta’kidlanadi. Albatta, ayrim mansabdor shaxslarning bosim, qo‘rqitish yo‘li bilan qo‘l ostidagi bo‘linmalar rahbarlarini jinoyatga yetaklagani va maqsadiga erishganini o‘qiganmiz, eshitganmiz. Ixtiyor Hafizovning esa na  “1-son bosh tiklash poyezdi” DUK, na hokimlikka ta’sir ko‘rsatishga qodir tazyiq quroli bo‘lmagan. Korxonaning sotilib ketgan teplovozi xususida ham xuddi shunday fikrlarni aytish mumkin. 
Muayyan shaxsning rasmiy rahbarligi chegarasi uning lavozim yo‘riqnomasi yoki boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan belgilab qo‘yiladi. Vakolatlar doirasidan chiqishni ana shu manbalarga tayanib osongina isbotlash mumkin. Lekin norasmiy rahbarlik juda umumiy tushuncha bo‘lib, bu aybni asoslash uchun po‘latdek mustahkam dalillar talab qilinadi. 
Qolaversa, biz ochiq manbalardan Ixtiyor Hafizovning mazkur jinoyat ishiga jalb qilingan “TEMUR-IKROM-QAHRAMON QURULISH TA’MIRLASH” hamda “FUTURE DEVELOPMENT” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga ta’sischi, ulushdor maqomida yoki boshqa ko‘rinishda daxldor bo‘lgani xususida ma’lumot topolmadik.  
Shunday ekan, unga davlat unitar korxonasining juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini kim, qachon va nimaga topshirib qo‘ygan?! Prokuraturaning bu savolga tayinli javobi bor degan umiddamiz.   
Ixtiyor Hafizovning ta’kidlashicha, dastlabki tergov jarayonida guvohlardan olingan ko‘rsatmalar va yuzlashtirishda ham o‘ziga qo‘yilgan ayblar tasdig‘ini topmagan. So‘roq qilingan fuqaroviy da’vogarlar ham unga nisbatan biron-bir e’tiroz bildirishmagan, aksincha, uni hisbxonadan ozod qilishni so‘rashgan.
Kogon shahar prokuraturasining mazkur  jinoyat ishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlarida g‘alati bir voqea keltirilgan.
Unga ko‘ra, Ixtiyor Hafizov “1-son bosh tiklash poyezdi” DUKning balansida bo‘lgan teplovozni “TEMUR-IKROM-QAHRAMON QURULISH TA’MIRLASH” MCHJga har oyda 100.000.000 so‘mdan to‘lash sharti bilan ijaraga berishni rad etgan va korxonani daromad olishdan mahrum qilgan. Shu orqali DUKni iqtisodiy nochorlikka (bankrotlikka) olib kelish va Kogon tumanlararo iqtisodiy sudining korxonani bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorini chiqarishga erishgan.

Vaholanki, Ixtiyor Hafizov “1-son bosh tiklash poyezdi” davlat unitar korxonasi direktori lavozimida hech qachon ishlamagan va uning ho‘jalik yuritish faoliyatiga aralashishga vakolati bo‘lmagan. Kogon shahar hokimligi tayinloviga ko‘ra korxonaga 23 sentyabr 2020 yildan beri T.Qurbonov rahbarlik qilib kelgan.

Har oyda 100.000.000 so‘mdan daromad keltiradigan ijara shartnomasiga kelsak. Hech qachon tadbirkorlik bilan bevosita shug‘ullanmagan va uning ichki olamini yaxshi bilmaydigan prokuratura xodimlari masalaning bir jihatini yoddan chiqargan ko‘rinishadi. Shartnoma  100.000.000 so‘m emas, 100 mlrd so‘mga tuzilganda ham, uning aynan shuncha daromad keltirishiga hech kim kafolat berolmaydi. Chunki tadbirkorlik tavakkal asosiga qurilgan faoliyat bo‘lib, shartnoma summasi va real hayotdagi vaziyat turlicha kechishi mumkin. Shunday ekan, anchadan beri nochor tashkilotlar qatorida zo‘rg‘a nafas olib kelayotgan “1-son bosh tiklash poyezdi” davlat unitar korxonasining bitta ijara shartnomasi evaziga koma holatidan chiqib ketardi deb hisoblash, juda yumshoq qilib aytganda, ajablanarli.
Prokuratura fikricha, Ixtiyor Hafizov Kogon tumanlararo iqtisodiy sudining korxonani bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorini chiqarishga erishgan. Bir kichik shaharning investisiyalar va tashqi savdo bo‘limi deb ataladigan, lekin nomi jarangdor bo‘lgani bilan, vakolatlari chegaralangan tashkiloti rahbari o‘rinbosarining butun boshli sud qarorini chiqartirishga erishganini da’vo qilish   Kogon tumanlararo iqtisodiy sudiga ishonchsizlik va shu ishni bevosita ko‘rgan  sudya M. Boltayevning xolisligiga nisbatan hurmatsizlik emasmi? 
Zero,  Kogon tumanlararo iqtisodiy sudining shahar hokimligi huzuridagi “1-son bosh tiklash poyezdi” davlat unitar korxonasini bankrot deb topish to‘g‘risidagi hal qiluvchi qarori Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Buxoro viloyat boshqarmasining arizasi, shuningdek, Buxoro viloyati Davlat soliq boshqarmasi, korxonaga xizmat ko‘rsatgan “Mikrokreditbank” ATB Buxoro viloyati mintaqaviy filiali va boshqalar tomonidan taqdim qilingan hujjatlarga tayanib chiqarilgan. 
Qolaversa, “1-son bosh tiklash poyezdi” davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 03.06.2021 yilda imzolangan  “Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-ilovasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladigan istiqbolsiz, faoliyat ko‘rsatmayotgan, zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan. 
Mavjud tartibga ko‘ra, ayblanuvchi (gumondor) o‘ziga taqdim etilgan hujjatlarni o‘qib chiqib, keyin ostiga imzo chekishi kerak. Ixtiyor Hafizov Kogon shahar prokuraturasi tomonidan rasmiylashtirilgan qog‘ozlarga imzo qo‘yarkan,  o‘zining bu jinoyat ishlariga mutlaqo aloqasi yo‘qligi va aybini umuman tan olmasligini ham yozma ravishda ta’kidlab o‘tgan. Uning aytishicha, aybini isbotlovchi tayinli birorta dalil taqdim qilolmayotgan prokuraturaning barcha da’volari taxmin, faraz asosiga qurilgan.

Vaholanki, O‘zbekistonning amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Ayblov hukmi ham taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas, yig‘ilgan dalillarning esa mutlaqo ishonchli bo‘lishi talab qilinadi.

“Effect.uz” tahririyati Kogon shahar prokuraturasidan ushbu maqola yuzasidan rasmiy munosabat kutib qoladi. 

 

Izohlar 0

Fikr bildirish