So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Klaster – bu fermerning burnini qonatish degani emas – Denovda chorvadorlar masalasi ochiqligicha qolyapti, viloyatda qonun ustuvorligini kim taʼminlaydi?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil fevral oyida Buxoro viloyatiga qilgan safarida birinchi marta klaster islohoti toʻgʻrisidagi tashabbusini ilgari surgandi.
Bu erkin nafas yetishmayotgan milliy iqtisodiyot uchun, tom maʼnoda, inqilobiy taklif edi. Oradan oʻtgan olti yil mobaynida bu borada muayyan yutuqlarga erishildi.
Lekin Prezidentning eng yaxshi niyatlar bilan boshlagan tashabbusi tuman, viloyat hokimlarining noqonuniy va mantiqsiz qarorlari ostida boʻgʻilib qolyapti. Ularning bu harakatini nima deb taʼriflashga ham qiynaladi kishi. Bilimsizlikmi? Prezident irodasini mensimaslikmi? Yoki davlat rahbarining siyosatiga xiyonatmi?
Fikrimizni Surxondaryo viloyati va Denov tumani hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining ajabtovur qarorlari va buning ortidan xonavayron boʻlayotgan chorvador fermerlar misolida izohlaymiz.
2020-yilning 30-sentyabrida Surxondaryo viloyati hokimi “Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi bilan yer maydoni ajratish toʻgʻrisida”gi Q492-sonli qarorini imzolagan.
Unga asoslanib, Denov tuman hokimi 2020-yilning 19-oktyabrida xuddi shu mazmunda qaror qabul qilgan. Hujjatda Denov tumanidagi 30.100 gektar yerni Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasiga berish koʻrsatilgan.
Afsuski, hokim faoliyat koʻrsatayotgan fermer xoʻjaliklari yerini ham, hech bir asosiz yoki sud qarorisiz, tortib olishni yoqlagan va amaldagi qonun talablarini qoʻpol ravishda buzgan. Hokim qarori chiqqandan keyin, oradan uch yil oʻtib, toʻsatdan denovlik chorvadorlarni yaylovlardan haydash kompaniyasi boshlangan.
Doʻstmurod Bobomurodov, “Mohidil-Shabnam” fermer xoʻjaligi rahbari:
- Biz 2007-yilgi tanlovda gʻolib chiqib, shu yerlarni ijaraga olganmiz. Oilamiz, ishchi-xodimlarimiz bilan yilqi, yirik shoxli mol, qoʻy, echki boqamiz. Denov tuman hokimining 837-sonli qarorini noqonuniy deb hisoblaymiz Chunki bizning hokimlik bilan tuzgan uzoq muddatli yer ijara shartnomamiz bor, u kuchida. Shartnomani esa faqat sud orqali bekor qilish mumkin.
Oʻzim fermer xoʻjaligi rahbari sifatida yer maydonlaridan ixtiyoriy voz chekish yoki faoliyatimni tugatish toʻgʻrisida murojaat qilmaganman.
Biz klaster tuzilishiga qarshi emasmiz, lekin hech kim hech qachon yonimizga kelib, yo bizni chaqirib, u bilan shartnoma tuzishni taklif ham qilmagan. Bizga zoʻravonlik qilishyapti. Qoʻylarimizni bu yerlardan haydashyapti. Ichki ishlar boʻlimi xodimlari choʻponimizning qoʻliga kishan urib, olib ham ketishdi.
Shu yer maydonlarida 35 gektarlik bodomzor ham qilmoqchi edim. Shunga qaror ham chiqartirganman. Endi esa nima qilishniyam bilmayapman.
Baxtiyor Boboyev, “Navroʻz” fermer xoʻjaligi rahbari:
- 1995-yildan beri chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligini yuritib kelamiz. Oxirgi paytlarda Zokir polvon degan shaxs va bir necha kishi kelib, “bu yer menga oʻtdi, boringni yigʻitirib, buzib, olib ketlaring” deb yaylovdan quvishyapti. Negadir “bizning qoʻlimizda prokuror yoʻllanmasi bor” ham deyishyapti.
Tuman hokimligi va fermer xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan yer ijara shartnomasining bekor qilinishiga prokuraturaning nima aloqasi bor?!
Vaholanki, Yer kodeksi hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi-ku?!
Biz mol-qoʻylarimizni qayerga olib borishni ham bilmay qoldik. Necha yildan beri hamma soligʻini toʻlab kelayotgan yaylovimizga ham chiqarolmayapmiz.
Hech kim bizga klaster atrofida birlashamiz ham demadi, shartnoma tuzishniyam taklif qilmadi. Yerdan ixtiyoriy voz kechish toʻgʻrisida ham ariza bermaganman. Chorvadorlar Denov tuman hokimligining yerni bizga berish toʻgʻrisidagi qaroriga ishonganmiz. Shu paytgacha “qoʻlimizda qaror bor”, deb xotirjam ishlab kelganmiz.
Surxondaryo viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining maʼlumotiga koʻra, Denov tumanida jami 35.750 gektar yaylov maydonlari bor.
Tuman hokimi esa 30.100 gektar yerni Pillachilik va qoraqoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasiga DOIMIY foydalanish uchun berib yuborgan. Butun boshli Denov tumani fermerlariga 5650 gektar yer maydoni qoldirilgan xolos. Balki qoʻmita yaylov yerlardan qorakoʻlchilikni rivojlantirish yoʻlida foydalanar, deb oʻylasangiz xato qilasiz.
Ajablanarlisi, Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi va uning raisi Bahrom Sharipov shuncha yerni “ona suti ogʻzidan ketmagan” “Oq oltin voxa chorva” MCHJ klasteriga qoʻsh-qoʻllab topshirgan.
Chunki 31-mart 2021-yilda roʻyxatdan oʻtgan “Oq oltin voxa chorvachilik” MCHJ iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichida (IFUT) “Qorakoʻl zotlilardan TASHQARI qoʻylarni koʻpaytirish” bilan shugʻullanishi koʻrsatilgan.
Qorakoʻlchilikka (pillachilikka ham) umuman aloqasi boʻlmagan bu jamiyat 30.100 gektar yerni qaysi xizmatlari yoki muvaffaqiyatlari uchun qoʻlga kiritdi? Surxondaryo viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining taʼkidlashicha, “Oq oltin voxa chorvachilik” MCHJ hisobida biror qoramol borligi toʻgʻrisida ham maʼlumot yoʻq.
“Oq oltin voxa chorvachilik” MCHJ taʼsischisi Shokirjon Salamov esa koʻp qirrali tadbirkorga oʻxshaydi.
U yem-xashak ekinlari va ularning urugʻlarini koʻpaytirish bilan ham (“Mega Village Duoba” MCHJ, 100% ulushi bor), meʼmorchilik bilan ham (“Surxon Qurilish Loyiha Eksperti” unitar korxonasiga rahbarlik qilgan, MCHJ tugatilgan) shugʻullangan.
Endi esa Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining yordami bilan butun boshli Denov tumanidagi yaylov va lalmi yerlarning kamida 95% qismini egallab olyapti. Vaholanki, “Oq oltin voxa chorvachilik” MCHJning na pillachilik, na qorakoʻlchilikka mutlaqo aloqasi yoʻq. Omadli inson!
Biz u rahbarlik qilayotgan hamda biror bosh qoramoli bor yoki yoʻqligi nomaʼlum “Oq oltin voxa chorvachilik” MCHJning Surxondaryo viloyati hokimi tomonidan 2022-yilda soliq imtiyozlari berilgan tadbirkorlik suyektlari qatoridan oʻrin olganidan ham ajablanmadik.
Suratda: Surxondaryo viloyati hokimining biz aniqlolmagan qarori 10-ilovasidan koʻchirma.
Xalq deputatlari Denov tuman kengashi sobiq hokim Baxtiyor Ibatovning 2020-yil 19-oktyabrda chiqargan va mahalliy fermerlarning xonavayron boʻlishiga olib kelayotgan Q-837-sonli qarorini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishgan.
Bu masala yuzasidan deputatlar kengash qarori loyihasini ham tayyorlab qoʻyishgan. Afususki, kimdir yoki kimlardir bu qarorning imzolanishi va mahalliy chorvadorlarning koʻkragiga yana oftob tegishini istamayapti chogʻi?!
Chunki qaror matni 2023-yil 1-martda tayyor boʻlgan, lekin uni imzolash choʻzilib ketyapti. Xalq deputatlari Denov tuman kengashining adolat va qonuniylikni taʼminlash yoʻlidagi bu jurʼati soʻnib qolmasligiga umid qilamiz.
29-martdagi maʼlumotlarga koʻra, Xalq kengashi deputatlarining mazkur qarori hali hamon E-Qaror tizimida osilib turibdi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati prokurori Yusupovning klaster bilan 30 yillik ijara shartnoma imzolagan “Ramziddin Baraka chorvadori” xususiy korxonasi rahbarining murojaatiga yoʻllagan javob xatida qonun buzilish holatlari sodir etilmagani aytilgan.
Oʻrinli savol: Prokuror oʻrinbosari nima uchun bu javob xatini berishda chorvador-fermerlarning yerlari avvalo zahiraga olinib, keyinchalik boshqa shaxslarga berilishi toʻgʻrisida hech narsa demagan? Bunga sabab nima? Prokuratura bu borada qonun ustuvorligini taʼminlashi kerak emasmidi. Masalaga baribir jiddiy tarzda qaytamiz.
2020-yilning 15-sentyabrida Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi rahbari lavozimiga, shaxsan Prezident tomonidan ishonch bildirilib, tayinlangan Bahrom Sharipovning oʻzi ham Sherobodda tugʻilib, Surxondaryo viloyati davlat tashkilotlarida tajriba orttirgan va poytaxtga yetuk rahbar sifatida “uchirma” boʻlgan.
Demak, uning suyagi ham vohaning dangal va mard xalqi orasida qotgan. Oʻzi ham shunday fazilatlarga egaligiga ishonamiz. Ana shu tantilik unga Denov tuman chorvadorlariga nisbatan boʻlayotgan adolatsizliklarni bartaraf qilishda koʻmakdosh boʻlishini istardik. Chunki, bu masalaning oʻq ildizlari unga ham borib taqalyapti. Qolaversa, Bahrom Sharipov tajribali rahbar sifatida qonun ustivorligini taʼminlash oliy maqsad ekanini yaxshi biladi.
Vaholanki, viloyatga yangi tayinlangan hokim Ulugʻbek Qosimov bilan shaxsan koʻrishib, mazkur masala yuzasidan suhbatlashganimda, sobiq Toshkent prokurori bizga tez orada qonun ustuvorligi taʼminlanishini aytgan edi.
Hurmatli, Ulugʻbek Qosimov Denovda Qonun ustuvorligini taʼminlash uchun komandangizga qancha vaqt kerak boʻladi? Savolga javobni ijobiy holatda kutib qolamiz...
Akmal Eshonxonov