Qidirish

20:41 / 2023-04-02 635 0 Maqolalar

500 ming pora olgan shifokorga besh yil qamoq, firibgar va pedofil mansabdorlarga uy qamogʻi: Sudyalar hukm chiqarish imkoniyatlaridan notoʻgʻri foydalangan

Advokat Abdumalik Abdullayev shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha jinoyat ishlari eʼtirozli muhokamalarga sabab boʻlgan sud hukmlariga eʼtibor qaratdi.

world-news

Xususan, advokat Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan Asaka sobiq hokimi Mansur Alixonovga nisbatan 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani, Qashqadaryoda 500 ming soʻm pora olgan shifokor 5 yilga qamalgani va nihoyat Xorazm viloyati Yangiariq tumanida oilaviy mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchi qizlarini zoʻrlagan kamida ikki mansabdorga nisbatan sud hukmlariga toʻxtalib oʻtgan.

Sobiq Asaka tuman hokimiga oid ish boʻyicha: sudning hukmiga koʻra, sobiq Asaka tuman xokimi bir guruh shaxslar bilan jinoiy til biriktirib,

– 11 ta holatda 31,86 ga sugʻoriladigan yer maydonlarini noqonuniy ajratib 12 mlrd.460 mln. 478 ming soʻm davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi boʻlganlikda;

– 35 ta holatda 242,65 ga ekin yerlarini noqonuniy ajratganlikda;

– 3 ta holatda 2,35 ga ekin yerlarni noqonuniy ajratganlikda;

– 70 ta holatda noqonuniy qarorlar chiqarib, davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sababchi boʻlganlikda;

– 5 ta holatda 0,52 ga yer maydonlarini noqonuniy ajratganlikda;

– 1 ta holatda noqonuniy 1,10 ga yer maydonini ortiqcha ajratganlikda;

– 58 nafar fuqarolarga 229.472.000 soʻm pullarni ortiqcha toʻlab yuborganlikda;

– va yana boshqa holatlarda JKning 167-m 3-q “a” bandi, 205-m 2-q “a” bandi, 209-m 2-q “a” bandi, 229-4-m 2-q “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni (jinoyatlar majmui) sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 3 yil 1 oy muddatga u yoki bu sabab bilan sutkaning 22:00 daqiqasidan 06:00 daqiqasiga qadar yashash joyidan chiqishni cheklash tariqasidagi ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga asosan, ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat.

Shifokorga oid ish boʻyicha: sudning hukmiga koʻra, E.Bozorov tibbiyot birlashmasi boshligʻining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari va tumandagi 16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish komissiyasi raisi lavozimida ishlab kelib, nogironlik nafaqasi chiqarib berish evaziga 600.000 soʻm pul talab qilib, 500.000 soʻmini olgan vaqtida ushlangan.

Sudlanuvchi aybiga toʻliq iqrorlik bildirib, tergov bilan hamkorlik qilgan, qilmishidan pushaymondaligini, koʻp yillik xizmatlarini eʼtiborga olib, suddan yengilik berishni soʻragan.

Sud uni JKning 210-m 2-q “v” bandi bilan aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish - asosiy jazo, JKning 45-m qoʻllab, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish - qoʻshimcha jazolarini tayinlagan. 

Jinoyat kodeksining 50-moddasiga asosan, ozodlikdan mahrum qilish mahkumni jamiyatdan ajratib jazoni ijro etish koloniyasi yoki turmaga joylashtirishdan iboratdir.

Mazkur ikki jinoyat ishi boʻyicha ijtimoiy adolat prinsipi taʼminlanganligi yuzasidan berilgan savolga Adliya vaziri Akbar Toshqulov tomonidan berilgan javob koʻplab eʼtirozlarni keltirib chiqardi.

Xorazmdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga oid ish boʻyicha: sudning hukmiga koʻra, Yu.Xudoyberganova Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari boʻlib, JKning 135-m 3-q “a” bandi, 167-m 2-q “g” bandi va 209-m 1-q.da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 1 yilga muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

A.Masharipov Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida,

A.Kuryazov Yangiariq tumani Favqulotda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan,  JK 128-m 1-q va JK 128-1-m.da nazarda tutilgan jinoyatlarni (jinoyatlar majmui) sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yil 6 oydan muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Ish apellyatsiya instansiyasida koʻrilgan. Bosh prokuratura sud qarorlariga yengil jazo berilganligi va boshqa holatlar yuzasidan protest keltirgan.  Biroq boshqa holatlar nima ekanligi ochiqlanmagan.

“Tahlillar shuni koʻrsatdiki, yuqoridagi har uchala jinoyat ishi boʻyicha sudyalar hukm chiqarish imkoniyatlaridan notoʻgʻri foydalanishgan”, deydi advokat.

Izohlar 0

Fikr bildirish