So`ngi yangiliklar
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
OAVga kim dushman yohud uyushmaning asl yuzi endi fosh boʻldimi?!
Bizningcha bunday uyushma shu bugun yopilsa ham jamiyat hech narsani yoʻqotmaydi. Bosimlar yoʻqligi haqida bong urish uchun bu tashkilot kamida “koʻr” yoki “kar” boʻlishi darkor va ular buni amalda isbotladi.
Xabaringiz bor, oʻzbekistonlik bir guruh jurnalistlar va jamoatchilik faollari Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqishgan edi.
Ushbu murojaatnomada Prezidentdan jurnalistlarga, matbuotga, blogerlarga boʻlayotgan bosimlarni toʻxtatish boʻyicha yordam soʻralgan.
“Muhtaram Prezident! 2016-yilda siz davlat rahbari boʻlishingiz bilan Oʻzbekistonda katta oʻzgarishlar boshlandi. Jumladan, xalqimiz uzoq vaqt va intiqlik bilan kutgan soʻz erkinligi, fikr erkinligi paydo boʻla boshladi. Bu orqali oʻtgan yillarda Oʻzbekistonda matbuot erkinligi muhiti sezilarli darajada shakllanib ulgurdi.
Ayni paytda, biz jurnalistlar va jamoatchilik vakillarini hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura ham bezovta qilyapti. Tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy toʻsiqlar, bosimlar, qoʻrqitishlar saqlanib qolyapti.
Matbuot oʻzi istagan mavzuni koʻtara olmayapti. Jurnalistlar oʻzlari istagan ohangda vaziyatni koʻrsata olmayapti. Davlatning axborotni nazorat qilishga masʼul boʻlgan muassasasi tahririyat va blogerlarga muttasil ravishda bosim qilib, axborot ohangi, shakli, mohiyatini oʻzgartirish yoki bu axborotning toʻliq chiqmasligini talab qilishda davom etmoqda.
Janob prezident! Biz soʻz va fikr erkinligi orqali Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdor emasmiz. Biz xavfsizlikni soʻz va fikr erkinligining poydevori sifatida koʻramiz. Lekin soʻz va fikr erkinligisiz taʼminlangan xavfsizlikni – noqis, zaif va vaqtinchalik xavfsizlik deb bilamiz.
Hurmatli Prezident, biz sizdan iltimos qilib, Oʻzbekistonda soʻz va fikr erkinligini kuchliroq himoya qilishingizni, bu borada konstitutsiya va amaldagi qonun normalari toʻliq ishlashini, maʼlum davlat muassasalarining jurnalistlarga, matbuotga, blogerlarga bosimlarini toʻxtatishda yordam berishingizni soʻraymiz!
Biz Oʻzbekistonni kuchli, raqobatbardosh, halqaro maydonda obroʻli davlat sifatida koʻrishni istaymiz. Buning uchun, Oʻzbekistonda matbuot va soʻz erkinligi muttasil kuchayib borishi lozim. Ammo haligacha Oʻzbekiston matbuoti koʻrinmas, lekin jiddiy nazorat ostida ekanini achinarli va kelajak uchun xavfli vaziyat deb bilamiz.
Muhtaram Prezident, Oʻzbekistonda matbuotning tom maʼnodagi mustaqilligini taʼminlashda tarixiy yordam berishingizni iltimos qilamiz”, — deb yozilgandi murojaatnomada.
Murojaatnoma eʼlon qilinganidan koʻp oʻtmay negadir Jurnalistlar uyushmasi “gʻalati” bayonot berdi:
“Oʻtgan hafta yakunida ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh jurnalistlar va jamoat vakillaridan deb nomlangan murojaatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yoʻllanganiga guvoh boʻldik.
“Avvalo, shuni aytish joizki, keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab boʻlgan ushbu “murojaatnoma”da oʻtgan yillar mobaynida Oʻzbekistonda matbuot erkinligi muhiti sezilarli darajada shakllangani taʼkidlangan holda “hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura” bezovta qilishi, “tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy toʻsiqlar, bosimlar, qoʻrqitishlar saqlanib qolgani” aytiladi. Yana “matbuot oʻzi istagan mavzuni koʻtara olmayotgani” va “davlatning axborotni nazorat qilishga masʼul boʻlgan muassasasi tahririyat va blogerlarga mutassil ravishda bosim qilayotgani”ni iddao etilgan.
Ochigʻi, ushbu murojaat bundan 7-8 yil avval eʼlon qilinganda edi, ehtimol biror fikr bildirishga hojat boʻlmas edi. Negaki, bugun yurtimizda ochiklik siyosati, soʻz va matbuot erkinligi ustuvordir. Yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim oʻtkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini oʻzgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh boʻlmadik.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning soʻz erkinligi taʼminlanishida sobitligi, ochiqlik siyosati bu boradagi islohotlarning ortga qaytmas tus olgani, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha qoʻyilgan qadamlar matbuot sohasida keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Jumladan, uzoq yillar davomida yopib qoʻyilgan qator internet nashrlari ochildi, OAVda erkin faoliyat yuritish muhiti shakllandi, turfa “qora roʻyxatlar”ga barham berilganiga barchamiz shohidmiz. OAV vakillariga hech kim, biron-bir davlat tashkiloti “uni yozma, buni yoz” deyayotgani yoʻq. Jurnalist va blogerlarimiz mavjud muammolarni dadil koʻtarib chiqmoqda. Birgina 2023-yilning yanvar oyida matbuotda va internet nashrlarida hukumat va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga daxldor 1300 dan ziyod tanqidiy materiallar eʼlon qilinganining oʻzi yuqoridagi fikrimizning dalilidir.
Ammo ming afsuski, ayrim jurnalist va blogerlar tomonidan soʻz erkinligini suisteʼmol qilish, matbuotdek muqaddas minbardan shaxsiy manfaat, soxta obroʻ-eʼtibor yoki boshqa gʻarazli maqsadlarda foydalanish hollari uchrab turibdi. Ularga qonuniy choralar koʻrilayotgani esa baʼzi bir jurnalist va blogerlar tomonidan bilib-bilmay noxolis talqin qilinmoqda.
Oʻzbekiston jurnalistlarining kasb etika kodeksiga, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga rioya etmasligi kabi salbiy holatlarni albatta, oqlab boʻlmaydi. Biroq ularni tartibga chaqirish, qonun asosida faoliyat olib borishga chorlash soʻz erkinligiga tajovuz, bosim yoxud senzura hisoblanmaydi!
Ommaviy axborot vositalari vakillarini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelayotgan davlatimiz rahbari “Men haqiqat va adolatni oʻz eʼtiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni islohotlarning faol ishtirokchilari deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida boʻladi” deya alohida taʼkidlagan.
Qolaversa, ayni kunlarda ham mamlakatimizda matbuot va soʻz erkinligi taʼminlanishini yanada kuchaytirish, bu borada qonuniylikni taʼminlash, jurnalist va blogerlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi belgilab qoʻyilayotgani, Axborot kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani bunga yana bir yorqin misoldir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytishimiz mumkinki, bir guruh jurnalist va blogerlarning davlatimiz rahbariga murojaat yoʻllaganining oʻzi ham mamlakatimizda soʻz erkinligining ochiq ekanligidan dalolat beradi. Lekin murojaatda bildirilgan koʻpgina fikrlarga qoʻshilishning iloji yoʻq. Sababi, toʻgʻri va xolislik bilan soʻz aytayotgan, tanqid qilayotgan hech bir insonga biron-bir toʻsiq va bosimlar boʻlayotgani shunchaki uydirma, haqiqatdan yiroq deb hisoblaymiz”, — deyiladi bayonotda.
Uyushma tomonidan eʼlon qilingan “ertak” OAV xodimlari va blogerlarning gʻazabini keltirdi. Tanqid “toshlari”dan qayerga qochishni bilmagan Jurnalistlar uyushmasi bayonotidan maʼlum bir qismni olib tashlashga qaror qildi. Ammo bu ham ish bermadi...
Ilyos Safarov (Kun.uz jurnalisti):
Bundan ikki yil avval Jurnalistlar ijodiy uyushmasi sobiq raisi Olimjon Oʻsarov tahririyatimizga kelib men va yana bir necha hamkasbimga uyushma aʼzolik guvohnomasini topshirib ketgandi. Sal avval uyushma mana bu munosabatni eʼlon qilarkan, oʻsha voqea esimga tushdi. Oʻtgan vaqt davomida bu guvohnomani biror joyda ishlatganim yoʻq, aʼzolik nishoni hozir uyimning qaysi burchagida yotganini ham bilmayman.
Men bugun oʻz xohishimga koʻra oʻsha paytda aʼzo boʻlganim Jurnalistlar ijodiy uyushmasi aʼzoligidan chiqqanimni eʼlon qilmoqchiman.
Jurnalistlarni himoya qilolmaydigan, haqiqiy nohukumat boʻlmagan tashkilotga aʼzolikdan maʼni yoʻq. Siz ham roʻyxatingizdan oʻchiring, Xolmurod Salimov. Guvohnoma va aʼzolik nishonini qaytarish kerak boʻlsa, topib, chiqartirib yuboraman.
Qobul Dusov (Sobiq deputat, sotsiolog):
Jurnalist Ilyos Safarov Jurnalistlar Uyushmasi aʼzoligidan chiqibdi. Toʻgʻri qilibdi. Bu ikkiyuzlamachi tashkilot ham xuddi Kasaba Uyushmalari kabi bir pulga qimmat, maddohlar makoniga aylangan bir tashkilot ekanligini oʻz bayonotida isbotladi.
Faqat Yozuvchilar Uyushmasining nepotizm taʼlimotiga amal qiluvchi raisi kabi “mangu toju taxt kerak”- deb sheʼr yozmagani qolgan xolos.
Omad sizlarga “zahmatkash qalam ahli”. Sizlarga ham oson emas, tushunamiz, yaxshi qolinglar. Sizlar bilan yaqinda yangi Oʻzbekiston emas, yangi Stalingrad quramiz.
Anora Sodiqova (Rost24.uz jurnalisti):
Uyushmaga aʼzo emasman, afsus. Agar aʼzo boʻlganimda aʼzolik guvohnomani mayda- mayda qilib tashlagan boʻlardim. Bugun uyushma yana bir bor haqiqiy nohukumat uyushma emasligini isbot qildi. Uyushma jurnalistlarga tahdid boʻlayotganiga guvoh boʻlmaganmish.
Shuhrat Shokirjonov (Kun.uz jurnalisti):
“Toʻgʻri va xolislik bilan soʻz aytayotgan, tanqid qilayotgan hech bir insonga biron-bir toʻsiq va bosimlar boʻlayotganini shunchaki uydurma, haqiqatdan yiroq deb hisoblaymiz”. — bu gap OʻzJU murojaatnomasidan gʻoyib boʻldi. Oʻzlari ham hatto “shu yerini oshirvordig-ov” deb oʻylashdi shekilli.
Qiziq. Bu jurnalistlarni himoya qiluvchi uyushmami yoki jurnalistlarni ayblovchi? Bularning haqiqati boshqacha shekilli. Oʻylab-oʻylab shuni yozishdimi endi, tavba..?
Abdurahmon Tashanov (Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi):
Jurnalistlar uyushmasi senzura mutlaqo yoʻq desa, ajablanmayman. Ombudsman inson huquqlari boʻyicha hammasi joyida, desa ham ajablanmayman. Blogerni doʻxtirlar oʻldirib qoʻyganiga ham hayron boʻlmadim.
Yana nimadir boʻlsa, ajablanmayman. Men oʻzi umuman ajablanmaydigan boʻlib qoldim! Men yaqin yillarda hayratlanmasam kerak.
Kamoliddin Rabbimov (siyosatshunos)
Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi bayonot chiqaribdi. Maʼnosi “Oʻzbekistonda hech qanday senzura yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”.
Yaʼni, Oʻzbekistonda matbuot toʻliq erkin ekan. Demak, yaqinda Prezident Mirziyoyev “Mendan baʼzilar erkin matbuotni yopishni soʻraydi. Men bunga qarshiman” deb, mutlaq yolgʻon gapirgan. Demak, hech kim Prezidentdan matbuotni yopishni soʻramagan. Matbuot erkin va u hammaga yoqadi.
Matbuot erkin, aslida esa butun Oʻzbekiston xalqi ruhiy kasal. Chunki, matbuot erkin boʻla turib, Ukraina urushi haqida TV kanallarda, rasmiy matbuotda hech narsa gapirilmaydi.
Chunki odamlarni bunga aqli yetmaydi yoki, monopoliyalar, korrupsiyalar, boshqa katta illatlar haqida jonli efirlar, tok-shoular boʻlmaydi. Chunki, xalqni bunga qurbi yetmaydi. Matbuot esa, toʻliq erkin.
Abror Zohidov (Kun.uz jurnalisti)
Darvoqe, men birorta “oʻyishmaning “chlenibasman”!
Toshpulat Raxmatullayev (jurnalist)
Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi kimlarga xizmat qilayotganligini, qanchalik noxolis ekanligini isbotladi. Agar bizda hammasi ochiq boʻlsa, nega mening blogim bloklangan? Nega blog Oʻzbekistonda faqat VPN bilan ochiladi? Ishonmasa, uyushmadagilar ochishga urinib koʻrsin.
Sanjar Said (jurnalist):
Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasining bayonotidan:
“Yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim oʻtkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini oʻzgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh boʻlmadik”.
Agar imkoni boʻlganida edi, men adminkamizdagi yopib qoʻyilgan va oʻchirtirib yuborilgan materiallar roʻyxatini mana shu matnni yozgan “ichimizdagi dushman”ning peshonasiga urardim.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifida OAV haqida shundan degan edi:
“Yopiq davlat boʻlib, OAVni qoʻllab-quvvatlamaganimiz uchun xalqning ovozini eshitmadik. Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi! Koʻpchilik menga ommaviy axborot vositalarini yopishni taklif qilmoqda, lekin men buni hech qachon qilmayman.
Yana oldingidek, prokuror, SNBlar tekshiruvchi boʻlaversinmi? Niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki boʻldimi? Shuning uchun OAV doʻst bilib, tanqid qilsin, toʻgʻri tanqid qilsin. Shu qishloqqa, maktabga taʼlimga foydasi boʻlsa nur ustiga aʼlo nur. Men har kuni internetni oʻqiyman. Vaqtim boricha bir-ikki soat qoʻlimga qalam olib, oʻzimga yozib olaman. 10 ta fikrdan 9 tasi toʻgʻri chiqadi. Agar bizda yopiq boʻlsa sizlarni (oʻqituvchilarni — tahr) ham hech kim eshitmaydi”.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, bizningcha bunday uyushma shu bugun yopilsa ham jamiyat hech narsani yoʻqotmaydi. Bosimlar yoʻqligi haqida bong urish uchun bu tashkilot kamida “koʻr” yoki “kar” boʻlishi darkor va ular buni amalda isbotladi.
Darvoqe Prezidentga qilingan murojaatga uyushma “suqma qoshiq” boʻlishi qanchalik oʻrinli? Degan savol ham bizni qiziqtirmoqda. Ahir murojaat sizlarga emas! Prezidentga qilingandi.
Oxirgi jumlalarni qoʻrqmay, barrala ayta olamiz. Chunki oʻzingiz munosabatingizda aytganingizdek jurnalistlarga senzura va hech qanday bosim boʻlmaydigan mamlakatda yashayapmiz. Shuning uchun, ham tilimiz ancha biyron va “duximiz” baland.