So`ngi yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi
Toshkentda giyohvandlik moddalari muomalasi bilan shug‘ullangan ikki talaba qo‘lga olindi
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Davlat oliy ta’lim muassasalari uchun to‘rt yillik qabul kvotalari belgilandi
O‘zbekistonda davlat OTMlariga 2025–2029 yillar uchun qabul kvotalari tasdiqlandi. Endi bakalavriat va magistratura uchun o‘rinlar to‘rt yil oldindan belgilanadi. Qo‘shimcha grantlar xotin-qizlar, vatandoshlar va nodavlat OTMlar uchun ham ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan 43-sonli farmoyishga muvofiq, davlat oliy ta’lim muassasalariga 2025/2026 — 2028/2029 yillar uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi. Ushbu tartibga asosan, avvalgidek har yili emas, balki to‘rt yilga mo‘ljallangan umumiy qabul kvotalari belgilab berildi.
Qabul kvotalari hozircha faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun tasdiqlangan. Bakalavriat bo‘yicha yillar kesimidagi qabul parametrlari quyidagicha belgilandi:
2025/2026 o‘quv yili — 35 500 nafar;
2026/2027 o‘quv yili — 36 023 nafar;
2027/2028 o‘quv yili — 36 460 nafar;
2028/2029 o‘quv yili — 36 761 nafar.
Magistratura yo‘nalishi bo‘yicha esa quyidagi qabul parametrlari tasdiqlangan:
2025/2026 o‘quv yili — 9 922 nafar;
2026/2027 o‘quv yili — 10 191 nafar;
2027/2028 o‘quv yili — 10 477 nafar;
2028/2029 o‘quv yili — 10 784 nafar.
Farmoyishda shuningdek, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari uchun ham davlat grantlari ajratilishi belgilangan. Jumladan:
Respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat va xorijiy OTMlar hamda ularning filiallari uchun — 1 320 ta davlat granti;
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun — 30 ta davlat granti;
Xotin-qizlar uchun — 4 000 ta davlat granti ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, davlat oliy ta’lim muassasalarida xalqaro reytinglarda yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy OTMlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.
Hozircha qabul parametrlaridan qanchasi davlat granti, qanchasi to‘lov-kontrakt asosida bo‘lishi aniq emas. Bu haqdagi ma’lumotlar 1 hafta ichida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.
Komissiya tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda ham qaror qabul qilinishi lozim:
oliygohlar, ta’lim shakllari va tillar kesimida umumiy qabul parametrlari;
imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlari;
o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda belgilanadigan minimal o‘tish ballari;
maqsadli qabul parametrlarining hududlar va sohalar kesimida taqsimoti;
davlat granti ulushining oliygohlar kesimidagi hissasi;
sohalar bo‘yicha ixtisoslashuv talab etiladigan bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarining alohida qabul parametrlari;
magistratura yo‘nalishlari uchun tillar va OTMlar kesimidagi qabul parametrlari.
Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilida imtiyozga ega abituriyentlar o‘zlari tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish balli va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, ular ball natijalariga qarab qo‘shimcha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari olib borilmoqda va jarayon 24 iyulgacha davom etadi.