So`ngi yangiliklar
Samarqandda harakatlanayotgan Tracker-2 yonib ketdi
Ertaga qanday ob-havo boʻladi?
“Toshshahartransxizmat”ning sobiq rahbari qamoqdan ozod etildi
Davlat oliygohlari uchun kvotalar tasdiqlandi
Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik maosh 6 mln soʻmga yaqinlashdi
Ikki viloyatda oʻqishga kiritib qoʻyish uchun pora olganlar ushlandi
Avtosugʻurta narxi kamida 4 barobar oshiriladi
Toshkentdagi avariyada 20 yoshli haydovchi halok boʻldi
Feruza Muhammadjonova: «Pivo festivali — milliy qadriyatlarga nisbatan tahqir»
Toshkentda o‘tkazilgan pivo festivali “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakili Feruza Muhammadjonova tomonidan tanqid ostiga olindi. U mazkur tadbirni milliy va ma’naviy qadriyatlarga zid, jamiyat ongiga salbiy ta’sir etuvchi holat sifatida baholadi. Deputat fikricha, bunday festivallar xavfli ijtimoiy tendensiyaga aylanishi mumkin.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova Toshkent shahrida o‘tkazilgan pivo festivali yuzasidan tanqidiy bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi tadbirlar jamiyatda keng norozilik uyg‘otishi lozim, zero ular milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni inkor etishga xizmat qiladi.
Muhammadjonova ta’kidlashicha, festival ommaviy tarzda va ochiq joyda tashkil etilgan, ishtirokchilarning katta qismi esa yoshlar bo‘lgan. U ayniqsa, ushbu tadbirni rusiyzabon OAV keng yoritgani, o‘zbekzabon OAV va jamoatchilik esa deyarli sukut saqlaganini alohida e’tirof etdi:
«Toshkentdagi maydon odamlar bilan gavjum bo‘ldi. Ishtirokchilarning aksariyati yoshlar. Rusiyzabon OAVlar buni keng yoritdi, o‘zbekzabon ziyolilar esa jim. Shaharning ikkinchi chekkasida esa Islom sivilizatsiyasi markazi qurilmoqda...»
U bunday festivallarga faqat iqtisodiy yoki sayyohlik jihatidan qarash noto‘g‘ri ekanini, ortida milliy o‘zlikka nisbatan loqaydlik va bee’tiborlik yashiringanini bildirdi. Ayniqsa, bu kabi tadbirlarning an’anaga aylanib borayotgani partiya vakilida jiddiy xavotir uyg‘otgan:
«Pivo festivali birinchi marta o‘tkazilmayapti. Endi buni har yili o‘tkaziladigan tadbir sifatida ko‘z oldiga keltirayapmiz. Bu esa xavfli tendensiya.»
Feruza Muhammadjonova bu kabi tadbirlar orqali jamiyat ma’naviy jihatdan bosqichma-bosqich o‘zgarishga yuz tutayotganini va bu o‘zgarishlar jiddiy oqibatlarga olib kelishini qayd etdi:
«Bugun pivo, ertaga vino, keyin esa hech qanday madaniy cheklovsiz spirtli ichimliklar barchasi bo‘lgan festivallar. Bu orqali jamiyat ongini o‘zgartirish — murakkab, ammo izchil jarayon.»
Partiya vakili erkinlik tushunchasini madaniyat va ma’naviyat bilan chegaralash zarurligini uqtirdi. Uning fikricha, erkinlik madaniyatsizlik bilan aralashib ketsa, bu jamiyat o‘zligini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi:
«Erkinlik — ma’naviyatsizlik emas. Erkinlik madaniyat, an’ana va jamiyat ehtiyojlari bilan uyg‘unlashgandagina haqiqiy qiymat kasb etadi.»
Muhammadjonova ijtimoiy munosabatlarda ikki yuzlamachilikka ham e’tibor qaratib, ayrim holatlardagi jamoaviy e’tirozlar bilan bunday festivallar atrofidagi sukutni taqqosladi:
«Bir daraxt kesilsa, jamoatchilik shovqin ko‘taradi. Ammo pivo festivali o‘tkazilsa — hamma jim. Bu — ikki yuzlamachilik!»
U Toshkentdagi har qanday tadbir mamlakat yuragidagi voqea sifatida qabul qilinishini ta’kidlab, jamoatchilikni befarq qolmaslikka chaqiradi:
«Toshkent — yurak. Unda bo‘layotgan har qanday voqea — butun mamlakat uchun ko‘zgudir. Shu bois, befarqlik — milliy o‘zlikdan uzilish demakdir.»
So‘nggi so‘z sifatida u «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirovning quyidagi fikrini keltiradi:
«Daraxt himoyasiga birlashgandek, suv, yer, energiya, oziq-ovqat va vaqt — qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi…»



