Qidirish

13:57 / 2025-07-25 77 0 Jamiyat

Sog‘liqni saqlash vaziri: “Korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik faol ishtirok etishi shart”

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tibbiyot sohasida korrupsiya, byurokratiya va manfaatlar to‘qnashuviga qarshi keskin kurash olib borilishini ma’lum qildi. U jamoatchilikni ushbu jarayonda faol ishtirok etishga, tizimdagi salbiy holatlarga nisbatan murosasizlik tamoyilini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Korrupsiyaviy holatlarga guvoh bo‘lgan fuqarolardan “1203” ishonch telefoni, @ssvantikor_bot telegram boti yoki [email protected] elektron pochtasi orqali xabar berish so‘raldi.

world-news

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov jamoatchilikka murojaat yo‘llab, tibbiyot sohasidagi korrupsiya, byurokratiya va manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurashishda aholi va soha xodimlarining faol ishtiroki zarurligini ta’kidladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiya davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishiga tahdid soluvchi jiddiy muammo hisoblanadi. Shu sababli, uning oldini olish bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, inson omiliga bog‘liq holatlarni cheklash, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash kabi choralar shular jumlasidandir.

“Korrupsiyaga qarshi kurashda faqat davlat idoralari emas, balki butun jamiyat bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishi lozim. Hech bir islohot jamoatchilik nazoratisiz to‘liq samara bermaydi. Shu bois har bir fuqaroni, soha xodimini bu jarayonda faol ishtirok etishga chaqiraman”, — dedi Asilbek Xudayarov.

Vazir ta’kidlaganidek, tizimda ochiqlikni ta’minlash va hisobdorlikni kuchaytirish maqsadida Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) amaliyotga joriy qilindi. Shuningdek, “Situatsion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi, bu esa mablag‘lardan samarali foydalanishni nazorat qilish imkonini beradi.

Qolaversa, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish jarayonlari raqamlashtirildi, Buxoro viloyatida bu borada tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda. Mutaxassislarning malakasini oshirish, moliyaviy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, vazir aholiga murojaat qilib, tibbiyot tizimida korrupsiyaviy holatlarga duch kelgan fuqarolardan tezkor ravishda xabar berishlarini so‘radi. Buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining “1203” qisqa raqamli ishonch telefoni, @ssvantikor_bot telegram boti hamda [email protected] elektron manzili orqali murojaat yo‘llash mumkin.

“Sohani yaxshilash yo‘lida har bir fikr, har bir taklif biz uchun muhim. Sizning murojaatlaringiz befarq qolmaydi, har biri diqqat bilan o‘rganilib, zarur choralar ko‘riladi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurash — har bir vatanparvar fuqaroning vijdon ishidir va jamiyat bu illatni saratonday qabul qilishi lozim.

Izohlar 0

Fikr bildirish