So`ngi yangiliklar
Tarix va tabiat uygʻunlashgan shahar: Egey mintaqasining sirli xazinasi Didim haqida
Qoraqalpogʻistonda bir oilaning 3 nafar aʼzosi koʻlda choʻkib ketdi
Buxorocha "davleniya": Sudning mustaqilligi qayerda qoldi?
Ҳафта бошида баъзи жойларда чанг-тўзонлар кузатилади
Namanganda yuk mashinasi savdo doʻkoniga borib urildi
“Salimboyvachcha” Toshkentda koʻrinish berdi
Oʻzbekistonda tugʻilish kamayib, oʻlim holati koʻpaymoqda
Turkiyada oʻrmon yongʻinlari avj olmoqda
Tarix va tabiat uygʻunlashgan shahar: Egey mintaqasining sirli xazinasi Didim haqida
Didim shahri Turkiyaning Egey sohilidagi haqiqiy yashirin marvariddir.

Bu sokin shahar oʻzining oltin qumli plyajlari, hayratlanarli tabiati va boy tarixi bilan “jannat” hissini uygʻotadi. Didimga Bodrum, Mugʻla va Izmir aeroportlaridan osongina borish mumkin, u yerda hashamatli besh yulduzli mehmonxonalardan yoqimli butiklargacha boʻlgan turli xil turar joy tanlovlari bor.
Shaffof suvlar, orzudagi plyajlar
Didim oʻzining ozoda sohillari, osoyishta plyajlari bilan ajralib turadi. Didimning “oltin qum” maʼnosini anglatuvchi Altinkum plyaji mayin va toza qumlari hamda musaffo dengizi bilan mashhur. Biroq, Sarikum, Huzur va Akbuk plyajlari ham sakinatda boshqa plyajlardan qolishmaydi. Sarguzasht izlayotganlar uchun Didim qirgʻoqlaridan joʻnab ketadigan kundalik qayiq sayohatlari ayni muddao. Jennet Akvaryum va Sapli Ada kabi koʻplab yashirin qoʻltiqlarni va koʻrfazlarni kashf qilish mumkin, qolaversa, Egey suv osti dunyosi dengiz hayotini oʻrganish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Bu yerda qayiqlardan sakrab turli xil baliqlarni, son-sanoqsiz sayoz riflarni va qadimiy amforalarni kashf etish, shuningdek, suv ostidagi eski sohil xavfsizligi kemasini ham koʻrish mumkin.
Qadimgi moʻjizalar darvozasi
Qadimgi Didim yoki Didyma — Ioniyaning eng muhim shaharlaridan biri boʻlgan Miletning qadimiy ziyoratgohi edi. Didim Apollon ibodatxonasi bilan mashhur. Qadimgi dunyoning eng katta ibodatxonalardan biri boʻlgan ushbu ziyoratgoh oʻz davrida kohinlik markazi boʻlib xizmat qilgan. Gerodot Didimdagi Apollon ibodatxonasini ham tilga olib, ibodatxonaning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi. Bugungi kunda ibodatxonada Ioniya uslubidagi ustun qoldiqlari va mashhur toshga oʻyilgan Meduza haykaltaroshlik bezaklari nisbatan yaxshi saqlanib qolgan. Tabiat ixlosmandlari qadimiy muqaddas yoʻl boʻylab yurishlari yoki faylasuflar shahri boʻlgan Miletni ziyorat qilish uchun yarim soatlik avtomobil sayohatini tanlashlari mumkin.
Qoʻl tegmagan tabiiy goʻzallik
Didimning koʻzni qamashtiruvchi tabiiy manzaralari tabiatsevarlarning koʻnglidan joy olishiga shak-shubha yoʻq. Eng goʻzal tabiat moʻjizalaridan biri — Egey mintaqasidagi eng katta koʻl va Turkiyaning asosiy ekologik turizm obyektlaridan biri boʻlgan Bafa koʻli. Bafa tabiat bogʻida koʻplab piyoda yurish yoʻllari va qushlarni kuzatish uchun ajoyib imkoniyatlar mavjud. Mazkur koʻlning atrofida koʻplab koʻchib yuruvchi qushlar yashab, koʻpaygani uchun qush kuzatuvchilari orasida ham mashhurdir. Koʻlda uchta orol mavjud. Koʻl orollarini, qoyali manzaralarni, zaytunzorlarni, tarixiy monastirlar va cherkovlarni kashf qilish uchun qayiq ijaraga olish mumkin.
Didimning mahalliy ruhi: organik bozorlar
Didim turli xil haqiqiy mahalliy va organik bozorlarga ega boʻlib, u yerda oʻzingiz yoki yaqinlaringiz uchun esdalik sovgʻalarni topishingiz mumkin. Organik bozorlar mavsumiy Egey meva va sabzavotlarining xilma-xillarini namoyish etadi, mahalliy bozorlar esa toʻqimachilikdan kulolchilikka qadar qoʻl mehnatiga asoslangan mahsulotlarni taklif qiladi. Ushbu mahalliy bozorlardan xarid qilish — anʼanaviy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, mahalliy madaniyatni bevosita his qilish va haqiqiy Egey dengizining mahalliy taomlaridan bahramand boʻlishning ajoyib usulidir. Ayniqsa, organik zaytun moyi va asal sotib olishini unutmang!
Didim dasturxonlarida Egey taʼmi
Taomlar haqida gap ketar ekan, Didim – Egey oshxonasining betakror lazzatlarini tatib koʻrish uchun ideal joy hisoblanadi. Tong anʼanaviy nonushta bilan boshlanadi, unda yangi sabzavot, koʻkatlar, zaytun mevalari, qarsildoq mahalliy nonlar, shuningdek, mahalliy mevalardan – anjir va uzumdan tayyorlangan qoʻlbola murabbolar asosiy oʻrinni egallaydi. Tushlik va kechki ovqatlarda mavsumiy sabzavotlardan hamda dengiz oʻtlari va qushqoʻnmas kabi mintaqaga xos yovvoyi oʻtlardan tayyorlangan zaytun moyli taomlar tortiladi. Egey mintaqasining barakasi tufayli dasturxonlar levrek, dorado (chibura), sakkizoyoq, kalmar va qisqichbaqalar bilan toʻlib-toshadi. Bularning barchasi Didimdagi taʼtilingizni unutilmas sayohat tajribasiga aylantirishiga ishonamiz!



