Qidirish

22:57 / 2023-01-11 471 0 Biznes

“Sayohat qil va keshbek ishla!”: Oʻzbekiston fuqarolariga turizm sohasida yana bir qulaylik yaratildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 232-sonli qaroriga muvofiq Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi hamkorligida “Keshbek” tizimi taqdim etiladi.

world-news

Mazkur tizimga koʻra 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida “Sayohat qil va keshbek ishla” shiori asosida respublika hududlari boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan Oʻzbekiston fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi!

“Sayohat uchun keshbek” platformasi bilan ishlash juda oson. Buning uchun Siz:

– Soliq.uz mobil ilovasini yuklab olasiz;

– mobil ilova xizmatidan foydalanish uchun FaceID orqali shaxsingizni tizimda tasdiqlaysiz;

– sayohat yoʻnalishini va boshlanish sanasini tanlaysiz;

– keshbeklarni yigʻish uchun fiskal cheklarni skanerlash orqali avia, temir yoʻl yoki avtobus biletlarini ilovaga kiritasiz;

– maroqli sayohatdan soʻng “Sayohatni tugatish” tugmasini bosasiz va yigʻilgan keshbek summalarini shaxsiy mahalliy bank plastik kartasiga oʻtkazasiz.

Keshbek tizimi Davlat soliq qoʻmitasining maxsus mobil ilovasi (Soliq.uz) bilan integratsiya qilingan boʻlib, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini koʻrsatish orqali sayohatlar roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning oʻzida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:
– avia, temir yoʻl va avtobusdan foydalanish;

– joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;

– madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

– aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

– temir yoʻlda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

– joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

– teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming soʻmdan oshmagan miqdorda.

Maʼlumot uchun, sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish