So`ngi yangiliklar
Navoiyda qishloq xo‘jaligi xodimlari taqdirlandi
Ayrim hududlarda davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi
Andijon viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Humans ilovasida yuz bergan ruxsatsiz pul yechish holatlari bo‘yicha Markaziy bank rasmiy bayonot berdi
Fuqarolar va tadbirkorlar uchun ijtimoiy nafaqa va sug‘urta tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi
“Tamakini emas, hayotni tanlang!” – "Toshkent-AERO" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi
Toshkentda xususiy klinikada burun operatsiyasi vaqtida 31 yoshli erkak vafot etdi
Sirdaryo viloyati hokimiga o‘rinbosar tayinlandi
Majburiy mehnat: javobgarlik kuchaytiriladi
Bugungi kunda pedagoglarni ularning kasbiy faoliyati bilan bogʼliq bo'lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari uchrayotgani achinarlidir. Bunday holatlarning davom etayotgani har qanday ongli kishini oʼylantiradi, mushohadaga chorlaydi.
Tahlillarga ko'ra, so'nggi uch yilda 350 nafarga yaqin pedagog majburiy mehnatga jalb etilgan. Bu esa maktablarda pedagoglarning taʼlim berish jarayonlariga to'liq tayyorlanish, o'quvchilarga sifatli taʼlim berish ishlariga salbiy taʼsir ko'rsatmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko'rib chiqilgan “O'zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga hamda O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasida yuqoridagi muammolar yechimi o'z ifodasini topgani eʼtiborga molik.
Xususan, qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasida va Jinoyat kodeksining 1482-moddasida taʼlim muassasasining pedagog xodimini majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 1975-moddasiga taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qilish uchun belgilangan maʼmuriy jazo choralari kuchaytirilyapti. Jumladan, taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qilganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o'n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o'n baravaridan o'n besh baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanyapti.
Ushbu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo'lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o'n baravaridan o'n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o'n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o'n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish kabi jazolar qo'llanishi belgilanyapti.
Bir so'z bilan aytganda, o'qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati yuksak eʼtirofga munosib. Zero, ustoz — bilim bilan birga chin insoniylik darsini beruvchi zot. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi shubhasiz, taʼlim muassasasining pedagog xodimini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bogʼliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirib, ustozlarning barkamol avlod tarbiyasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishi, ayni chog'da, jamiyatda qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlashi bilan ahamiyatlidir.
Gʼayrat АBDIEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati