Qidirish

03:22 / 2023-01-11 895 0 Maqolalar

Ham aytadigan ham qaytadiganlar...

Yangi yilning 11 kuni boshlandi, yangilangan hukumat odamlari esa hali yanvar tugamasdan “qovun” tushirishga ulgurdi.

world-news

Oʻzbekistondagi ayrim OTM va maktablarda qoʻshimcha taʼtil bekor qilinib, darslar 11-yanvardan boshlanishi belgilandi. Favqulodda qaror qabul qilindi. Oxirgi soʻzni aytish yana hokimlarga qoldi, ular esa yana yomon otliqqa chiqdi.

“Tepadagi odamlar”ning “chizgan chizigʻidan” chiqmaydigan hokimlar xalqning xohishiga qarshi borib, maktablardagi sharoitni bila turib, oʻqish boshlanishiga ruxsat berdi. Taʼtildan yaqinda qaytgan Prezident esa yigʻilishni shu mavzudan boshladi, ammo xalq kutgan mavzuga toʻxtalib oʻtmadi.

Issiqqina joyida yotgan bolajonlar ertaga ularni nima kutayotganidan bexabar... Ota-onalar esa bolalaridan xavotir.

Nega taʼtil uzaytirilgan edi?

Gap shundaki, joriy yilning 5-yanvar kuni “Oʻzgidrometrologiya” markazi Oʻzbekiston hududiga Volgaboʻyi hududlaridan Rossiya Yevropa qismi shimoliy hududlarida shakllangan sovuq havo massasi kirib kelishi haqida eʼlon qildi. Oʻzbekistonliklar bunday qahraton qishni birinchi marotaba boshlaridan oʻtkazishayotgani yoʻq. 

Masalan, 2008-yilning yanvar oyida Respublika boʻyicha eng past havo harorati kuzatilgan (17-22 daraja sovuq), Qoraqalpogʻistonning choʻli hududlari 30-33 darajasigacha sovuqqacha pasayish kuzatilgan.

Anomal sovuq fonida “Uzgidromet” bizni kutayotgan yana besh kun davomida, yaʼni 11-16-yanvar kunlari Respublikaning 7 ta viloyatida qor koʻchish xavfi borligini maʼlum qildi.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev anomal sovuq ob-havoning kirib kelishi sababli Oʻzbekistondagi taʼlim muassasalarida qishki taʼtil muddatini uzaytirishni taklif qildi.

Shu kunning oʻzida-yoq barcha boʻgʻindagi taʼlim muassasalarida qishki taʼtil muddati 17-yanvarga qadar uzaytirildi. Oʻqish jarayonlari 18-yanvar, chorshanba kunidan boshlanishi belgilandi.

Bu xabar oʻqishga oldinroq tayyorgarlik koʻrgan, poyezd va samolyotlarga chipta sotib olgan talabalarni jazavaga soldi.

Chiptaga kuyib qolishdan qoʻrqigan talabalar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning saytini ishdan “chiqarishdi”, yotoqxonaga oldinroq kelib olganlarga esa “sharoit” yaratib berilishga vaʼda berildi.

Ham aytadigan ham qaytadiganlar...

Kutilganidek Oʻzbekistonning deyarli barcha hududida qor yogʻdi. Taʼtil uzaytirilishi haqidagi eʼlondan besh kun oʻtib, Vazirlar Mahkamasi 2023-yil 11-yanvardan boshlab universitetlar, texnikum, kollej va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashgʻulotlari boshlanishi toʻgʻrisida xabar berdi. Ushbu xabar jamoatchilik tomonidan keskin tanqid qilinganidan soʻng, “27-modda” asosiy sahnaga chiqdi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasida Mahalliy davlat hokimiyati organlariga taʼlim sohasidagi tegishli vakolatlar berilgan.

Hokimlarga berilgan “vlast” yuqoridan yana bir karra eslatilgach, “sallani olib kel” desa “kala”ni olib keladigan, undan tashqari “Mehnat kodeksi”ni umrida biror marotaba ham ochib ham koʻrmagan hokimlar yarim kechasi majlis oʻtkazdi.

Xususan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 10-yanvar kuni yigʻilish oʻtkazishiga qaror qildi. Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan majlis, hokim istagan vaqtda boshlanib, soat 22:30gacha boʻlib oʻtgan. Masʼullar Abdurahmonovning masʼuliyatsizligidan Kun.uzʻga shikoyat qilgan.

Maktablarda darslar qachon boshlanadi?

Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga asosan hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda hokimliklariga taʼlim tashkilotlarida qishki taʼtil davrini uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolati berilganidan soʻng, quyidagi hududlarda 11-12-16-yanvardan darslar boshlanadi:

Toshkent shahrida 11-yanvardan sharoitga qarab bosqichma-bosqich —23:19 da eʼlon qilindi;

Jizzax viloyatida  11-yanvardan sharoitga qarab bosqichma-bosqich — 23:07 da eʼlon qilindi ;

Surxondaryo viloyatida 11-yanvardan — 21:40da eʼlon qilindi;

Xorazm viloyatida 11-yanvardan — 12:10 da eʼlon qilindi;

Andijon viloyatida 11-yanvardan — 12:46da eʼlon qilindi;

Buxoro viloyatida 11-yanvardan — 17:04da eʼlon qilindi;

Samarqand viloyatida 11-yanvardan — 21:23da eʼlon qilindi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 12-yanvardan — 18:21da eʼlon qilindi;

Fargʻona viloyatida 16-yanvardan — 15:02da eʼlon qilindi;

Qashqadaryo viloyatida 11-yanvardan bosqichma-bosqich — 22:07da eʼlon qilindi;

Namangan viloyatida  11-yanvardan bosqichma-bosqich boshlanadi — 23:25da eʼlon qilindi.

“Soqov” viloyat hokimliklari

11-yanvar ham boʻldi, ammo quyidagi viloyat hokimliklari maktablarda oʻqish boshlanish yoki boshlanmasligi haqida hech qanday maʼlumot bermadi:

1) Sirdaryo viloyati;

2) Navoiy viloyati;

3) Toshkent viloyati;

4) Jizzax viloyati (viloyat XTB eʼlon qildi);

5) Namangan viloyati (Namangan shahar hokimligi eʼlon qildi).

“Gap aynan viloyat hokimligi haqida ketmoqda, qanaqadir guruhlar yoki boshqa kanallarda berilgan maʼlumotlar hisobmas. Agar shu viloyatlardagi maktablarda bugun oʻqish boʻlsa, unda ushbu viloyat hokimliklari masʼullarida 1 gramm masʼuliyat yoʻq ekan. Uyalinglar”, — deb yozdi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Jamoatchilik fikri

“Safari” Telegram kanali (Nozim Safarov)

“Hokimliklar bugungi kun yakuniga yetishiga 1,5 soat qolganda maktablar ertadan boshlanishi eʼlon qilyapti. Yuqorida eslab oʻtganimiz — "anomal sovuqda yigʻilish oʻtkazmaydigan” hokimga qarashli tumanlar ayniqsa.

Bolalar uxlab boʻlgan, hoynahoy hozir bolasini uygʻotib, “ertaga maktabga borasan”, deyayotgandir. Baʼzi viloyatlarda shu ham eʼlon qilinmadi. Suv quygandek jim-jit.

Hokimlarda na qadriyat, na oʻlchov, na qarorga hurmat bor. Bolalar qiynaladi ertaga. “Oʻqish qachon?”, deganda 12 xil javob berilmasligi kerak. Tizimning holatini koʻrsatib qoʻymoqda bu. Zudlik bilan zarur chora kerak.

Janob hokimlar, tushunamiz, sizning farzandingiz “inomarka”da eng qimmat maktabga boradi. U yerda issiq va qordan tozalangandir.

Lekin oddiy aholining juda koʻpchiligida unday emas. Maktabiga yarim soat piyoda yuradigan insonlar bor, issiq kiyimi bormi, yoʻqmi, maktabga eltuvchi yoʻl tozalanganmi, maktab issiqmi, xabaringiz bormi oʻzi? Sal chiqib ommaga maʼlumot bering. Tilga kiring. Tongda yerlar muzlab, maktabga ketayotib bola yiqilib, jarohatlansa siz javob berasizmi?

Sal aqlni ishlating, salgina. Bilasiz, taʼtil uzaytirilgan, ertadan boshlab nima qilasiz? Oʻqituvchilarni ham, oʻquvchilarni ham qiynayapsiz".

Troll.uz

“Nasini emsin. Bir kun qor yogʻdi bularni mazasi qochdi. 1 oy yogʻsa nima boʻladi? 18 gacha taʼtil dedingmi, gapingda tur endi. Nima qilasan oʻyinchoq qilib? Shuncha vazirliklar nima kerak edi? Bari bir u yerda kallasi joyida boʻlmaganlar ishlayotgan boʻlsa. Soʻksang xafa boʻladi yana”

Shahnoza Soatova

“Qanaqasiga kech soat 23 ga oʻtganda «ertalabdan maktab”deb eʼlon qilishadi? Bolalar uxlab ham qolgan ayrimlari, baʼzilari choʻmilmagan, yana ayrimlariga bunaqa sovuq va qor uchun kiyim ham olinmagandir (taʼtil uzaydi, amallab turasan yengil kurtkangni degandir).

Toshkent maktablari guruhlari “portlayapti”, hali Toshkentda rasman oʻqish qachon boshlanishi eʼlon qilinmadi, lekin ayrim maktablar direktorlari “ertadan oʻqish” deb guruhlarga yozib boʻlishdi.

Ertaga bunaqa havoda bunaqa shoshilinchda bari bir koʻpchilik maktabga bormaydi, qonun-tartiblar jimgina ignor qilinadi. Odamlar nima qilsin, yuqorida oʻzi beqarorlik boʻlsa? Ertalab turgunicha yo maktabgacha yoʻlning yarmiga yetganda oʻqish yana bekor boʻpqosachi, birpas kutaylik deydi. Avgustdagi maktab formasi bilan boʻlgan holat esga tushyapti. Bolalar buni koʻrib qanday xulosa, tarbiya, ibrat olyapti?"

Xushnudbek Xudoyberdiyev

"Surxondaryo viloyati hokimligining qoʻshimcha xabar qilishicha, togʻli, olis hududlaridagi maktablarda dars mashgʻulotlari boshlanmaydi.

Lekin aynan qaysi maktablarda dars boshlanmasligini hozircha oʻzlari ham bilishmaydi. Tumanlar hokimliklari togʻli, olis hududlarda joylashgan maktablar roʻyxatini endi shakllantirar ekan.

Menga bir narsa juda qiziq, hali hududlar tashkiliy jarayonlarga tayyormas ekan, hali hal qilinishi kerak boʻlgan masalalar koʻp ekan, unda balo bormidi ertadan maktablarni ochib?

Xuddi orqadan yov quvib kelayotganday, shosha-pisha taʼlim muassasalarini ochmasdan, shuni avval puxta tayyorlab, hammani oldindan ogohlantirib, keyin maktablarni ochish kerakmasmidi? 1 kun ming kun boʻlarmidi.

Mana, soat salkam tungi 11 boʻldi, lekin hududlarning yarmida ertaga nima boʻlishi nomaʼlum. Ota-onalarning boshi qotgan. Turli Telegram guruhlarda “ertaga dars, kelinglar” deb sinf rahbarlari, murabbiylar yozishyaptiyu, lekin oʻsha hudud uchun birorta rasmiy maʼlumot yoʻq. Ota-onalar na ishonishni, na ishonmaslikni bilishmayapti.

Taʼlimga, ayniqsa bolalar taʼlimiga ham shunaqa masʼuliyatsizlik bilan yondashish mumkinmi? Ha, bizda mumkin", — deb yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Izohlar 0

Fikr bildirish