Qidirish

17:56 / 2023-01-10 2128 0 Siyosat

“Toʻrtta viloyatdagi ishlar menga maʼqul emas” – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatda ishlab chiqarish hajmining oʻsish surʼatlarini taʼminlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida sanoatda qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash va investitsiyalarni koʻpaytirish boʻyicha 2023-yil uchun rejalar muhokama qilindi.

world-news

Soʻnggi yillarda:

- qoʻshimcha 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularning infratuzilmasiga 10 trillion soʻm yoʻnaltirildi;

- toʻqimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektrotexnika kabi sohalarni “drayver”ga aylantirish uchun 3 milliard dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi;

- sanoatni zarur xomashyo bilan taʼminlash maqsadida geologiya-qidiruv ishlari 3 barobarga koʻpaytirilib, 600 tadan ziyod yangi kon aniqlandi.

Natijada, oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar koʻpayib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga koʻpaygan.

Yigʻilishda hududlarga sanoat jadal kirib kelayotgani taʼkidlandi. Masalan, Jizzaxda ilgari boʻlmagan qurilish materiallari, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo boʻlgan

Yoki, Samarqand, Sirdaryo, Namangan va boshqa hududlarda metallni qayta ishlash boʻyicha 19 ta yirik loyihalar amalga oshirilgan

Namanganda yangi tashkil etilgan 54 ta kichik sanoat zonalari 2022-yilda 3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqargan Kimyo sanoatida oxirgi uch yilda ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga, eksport esa 2 baravarga oshgan. Shunga qaramasdan, hudud va tarmoqlarning ishlatilmagan imkoniyat va salohiyati hali kattaligi koʻrsatib oʻtilgan.

Misol uchun, Xorazm hududiy sanoat hajmini 8,7 trillion soʻm reja qilgan boʻlsa-da, mahalliylashtirishni kengaytirish hisobiga buni 10 trillion soʻmga yetkazish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar mavjud.

Yoki, Fargʻonada past quvvatda ishlayotgan 22 ta korxonani aylanma mablagʻlar bilan taʼminlab, qoʻshimcha 1,1 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish imkoni bor.

Shu kabi, Qashqadaryoda 8 ta yirik loyihaga infratuzilma masalasi tezroq hal qilib berilsa, 800 milliard soʻmlik qoʻshimcha zaxira yaratiladi.

Namanganda toʻliq quvvatda ishlayotgan va qoʻshimcha bozori bor 51 ta korxonani kengaytirib, qoʻshimcha 290 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish mumkin.

Yoki, 2023-yilda 100 ta mikro-GES qurish boʻyicha loyihalar boshlanadi. Bu loyihalar uchun 10 million dollarlik uskuna zarur boʻlib, ularni mahalliy korxonalarda bemalol ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

“Navoiy, Buxoro Toshkent viloyati va Samarqandda sanoatdagi oʻsish menga maʼqul emas”, - dedi Prezident.

Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Fargʻona va Xorazmda ip-kalavani qayta ishlash darajasi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Namangan, Samarqand va Navoiyda oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel ishlab chiqarish salohiyati yetarlicha ishga solinmagan. Umuman, 20 ta tuman va shaharda sanoat ishlab chiqarish hajmi 2021-yilga nisbatan kamaygan. Farmatsevtikada ishlab chiqarish 6 foizga kamaygan, import 2 milliard dollarga yaqinlashdi.

Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot eksporti bor-yoʻgʻi 68 million dollarni tashkil etib, bu tarmoq salohiyatiga umuman toʻgʻri kelmaydi. Oziq-ovqat sanoatida oʻtgan yilda ishlab chiqarish hajmi atigi 4,5 foizga oʻsgan. Xorazm, Sirdaryo va Qashqadaryoda qayta ishlash quvvatlari pastligicha qolmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish