So`ngi yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi
Toshkentda giyohvandlik moddalari muomalasi bilan shug‘ullangan ikki talaba qo‘lga olindi
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish mamlakatimizda strategik vazifaga aylangan. Iqtisodiyot ravnaqi, aholi bandligi va turmush farovonligida bu sohaning oʻrni juda katta. Shu bois biznes yuritish qoidalari soddalashtirilib, qulayliklar oshirib borilmoqda. Raqamli texnologiyalar ommalashayotgani bunda qoʻl kelayotir.
Endi buni davom ettirgan holda, shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish, naqdsiz toʻlovlar uchun qulayliklarni kengaytirish koʻzda tutilmoqda.
Unga koʻra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha boʻlgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi. Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va toʻlash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.
Bu tizimda elektron hamyon ochilishi tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish ixtiyoriy boʻladi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab, bu jarayonlarda “QR-kod” va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin boʻladi. Bu maʼlumotlar qogʻoz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik toʻlov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga toʻlovlarni elektron hamyon orqali toʻlash imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarda elektron toʻlovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud boʻlishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi. Raqamli platformadagi pul aylanmalari toʻgʻrisidagi maʼlumot kredit ajratishda inobatga olinadi.
Prezidentimiz bu takliflarni maʼqullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi.