Qidirish

13:18 / 2025-11-20 454 0 Siyosat

Qurilish tizimida shaffoflik boʻyicha berilgan vaʼdalar qanchalik amalga oshmoqda?

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni doirasida OAV vakillari, blogerlar, jamoatchilik faollari hamda soha mutaxassislari uchun “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazdi. Tadbirning asosiy maqsadi — vazirlik tizimida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni jamoatchilikka tanishtirishdir.

world-news

Tadbirni vazir oʻrinbosari Toir Alimatov ochib, korrupsiya islohotlar surʼatini sekinlashtirayotgan eng katta toʻsiqlardan biri ekanini taʼkidladi. U davlat rahbarining “Raqamlashtirishdan qochayotgan har bir rahbar — korrupsiyani yoʻq qilishga intilmagan rahbardir” degan fikrini eslab, vazirlikda boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, inson omilini qisqartirish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish ustuvor vazifa etib belgilanganini bildirdi.

Vazirlik tomonidan soha boʻyicha 120 ta funksiya va jarayonlar tahlil qilinib, ularda mavjud korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgani taʼkidlandi. Shuningdek, Prezident topshirigʻiga muvofiq, qurilish va kommunal tizimlarda ichki nazorat boʻlinmalarini kuchaytirish maqsadida yangi shtatlar tashkil etildi. Hududlarda mustaqil ichki nazorat xodimlari joriy qilinib, ular bevosita vazirga boʻysundirilgani — sohada real nazorat oʻrnatish sari tashlangan muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.

Bosh prokuratura boshqarma prokurori Mansur Roʻzimov ham soʻzga chiqib, “Shaffof qurilish” tizimi natijalari haqida gapirdi. Uning aytishicha, jarayonlar raqamlashtirilgani sari inson omili qisqarib, ochiqlik oshmoqda. Korrupsiya agentligi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi yillarda vazirlikda korrupsion holatlarga nisbatan murosasizlik kuchaygani tizimning oshkoraligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Kadrlar masalasi ham muhokama qilingani ahamiyatli. Yil davomida 136 ta seminar-trening oʻtkazilib, 491 nafar xodim Antikorrupsiya akademiyasining 1-bosqich oʻquvlarini yakunladi, yana 1700 nafari oʻqishni boshladi. Manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha 4 mingdan ortiq xodim deklaratsiya toʻldirdi, qonunga zid holatlar esa Odob-axloq komissiyasiga yuborildi.

Tadbirda sohadagi eng muhim yoʻnalishlardan biri — raqamlashtirish boʻyicha natijalar ham taqdim etildi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali loyihalarni kelishish, ekspertiza, tenderlar, qurilish nazorati va monitoringi toʻliq elektronlashtirilgan. Tizimning Adliya vazirligi, IIV, Oliy sud va Kadastr agentliklari bazalari bilan integratsiyasi inson omilini keskin qisqartirib, soʻnggi 4-yilda davlat byudjeti uchun 3,6 trln soʻm tejalishiga erishilgan.

Bundan tashqari, “Reyting” va “Tender” elektron platformalari natijalari ham ommaga taqdim etildi:

– 18 mingdan ortiq pudrat va loyiha tashkilotlari reyting tizimiga qamrab olingan;

– 16 mingdan ziyod xaridlar elektron tender orqali oʻtkazilgan;

– har bir tenderda qatnashuvchilar soni oʻrtacha 4 nafardan oshgan.

Bu koʻrsatkichlar sohada raqobat va shaffoflik oshayotganini koʻrsatadi.

Kommunal sohani raqamlashtirish boʻyicha ishlarda ham sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmoqda. “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri” ishga tushirilib, boshqaruv organlari haqida maʼlumotlar aholiga ochiq taqdim etilmoqda.

“Mening uyim” billing tizimi takomillashtirilib, tarif oʻrnatish, murojaatlar bilan ishlash va hisobotlar shaffof tarzda olib borilmoqda. Yana bir muhim yangilik — boshqaruv organlari bilan bogʻliq jarayonlar Davlat xizmatlari orqali amalga oshirilayotgani, bu esa inson omilini kamaytirish va ochiqlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish