So`ngi yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi
Toshkentda giyohvandlik moddalari muomalasi bilan shug‘ullangan ikki talaba qo‘lga olindi
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Tramp va Putin Ankorijdagi harbiy bazada uchrashadi
AQSH va Rossiya prezidentlari 15-avgust kuni Alyaskadagi eng yirik shahar Ankorijda uchrashib, Ukrainadagi urushni toʻxtatish masalasini muhokama qiladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-avgust, juma kuni Alyaska shtatining eng yirik shahri Ankorijda uchrashadi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Tramp uchrashuvdan asosiy maqsad sifatida Ukrainadagi urushni toʻxtatish va qurbonlar sonini kamaytirishni koʻrmoqda. “Prezident Tramp bu urushni tugatish va qon toʻkilishini toʻxtatish uchun qatʼiy niyatda”, — dedi Livitt.
Oq uy maʼlumotiga koʻra, Tramp juma kuni ertalab mamlakat boʻylab sayohat qilib, Ankorijga yetib boradi va u yerda Putin bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazadi. Muzokara kun tartibi va aniq vaqti hozircha ishlab chiqilmoqda.
CNN maʼlumotiga koʻra, prezidentlarning uchrashuvi Ankorijdagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida boʻlib oʻtadi.
Ankorij Alyaskaning janubiy qirgʻogʻida joylashgan boʻlib, shtat aholisining qariyb 40 foizi shu yerda yashaydi. Geografik joylashuvi va xalqaro yoʻnalishlarga yaqinligi tufayli shahar tarixan strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.
Oq uy matbuot kotibi Trampning ilgariroq aytgan “juma kuni Rossiyaga boraman”, degan gapiga izoh berar ekan, bu safar sammit AQSH hududida oʻtishiga urgʻu berdi. Livittning aytishicha, kelgusida prezidentning Rossiyaga tashrifi ehtimoldan xoli emas, ammo bu galgi uchrashuv Alyaskada boʻladi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning maʼlum qilishicha, uchrashuv Rossiya prezidentining iltimosiga koʻra tashkil etilgan. Putin ushbu taklifni AQSH prezidentiga Moskvada oʻzi bilan muzokaralar oʻtkazgan Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff orqali yetkazgan.
“Prezident Putinning iltimosidan soʻng Tramp uchrashuvga rozilik berdi. Bu uchrashuvdan prezidentning maqsadi — urushni tugatish yoʻllarini yaxshiroq anglab yetish”, — dedi Livitt. U, shuningdek, kelgusida AQSH, Rossiya va Ukraina prezidentlari ishtirokida uch tomonlama sammit oʻtkazilishi mumkinligini ham qoʻshimcha qildi.
Oq uy vakiliga koʻra, Zelenskiy hozirda boshqa xalqaro muloqotlarda ishtirok etadi. Xususan, 13-avgust, chorshanba kuni Tramp Germaniya kansleri Fridrix Mers chaqirgan Ukraina boʻyicha virtual yigʻilishda qatnashadi. Unda Germaniya, Finlandiya, Fransiya, Britaniya, Italiya, Polsha va YEI rahbarlari, NATO bosh kotibi Mark Ryutte hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirok etadi.
Tramp, shuningdek, Alyaskadagi sammitdan keyin Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan alohida muloqot qilish niyatini bildirgan. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas esa BBCʼga bergan intervyusida Ukraina taqdiriga oid har qanday kelishuv Kiyev ishtirokisiz qabul qilinmasligini taʼkidladi.
Kallasning fikricha, Putin Tramp bilan birga koʻringan surat orqali sanksiyalarni kechiktirishga harakat qiladi, ammo Ukraina hududini boʻlish rejasi amalga oshmaydi. “Yevropa va Ukraina bunga rozi boʻlmaydi. Ukraina muzokaralar stolida boʻlishi shart”, — dedi u.