Qidirish

15:26 / 2023-01-05 131 0 Siyosat

“Sogʻliqni saqlash vazirligini korrupsiyadan xoli vazirlikka aylantirishga bel bogʻladik!” — Inoyatov

Vazir tibbiyotda yetakchi boʻlgan xorijiy universitetlar darslik va ilmiy ishlari asosida oʻzbek hamda qoraqalpoq tillarida yangi avlod tibbiy adabiyotlari yaratilishi, talabalarning nazariy va amaliy bilim-koʻnikmalarini baholash boʻyicha ikki bosqichli yangi tizim joriy etilishini aytdi.

world-news

Sogʻliqni saqlash vaziri lavozimida ish boshlagan Amrillo Inoyatov boshchiligida vazirlik markaziy apparati xodimlari, barcha hududiy boshqarmalar hamda tuman tibbiyot birlashmalari, ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy oʻquv yurtlari masʼullari ishtirokida kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan boʻlib oʻtgan yigʻilishda tibbiyotning korrupsiya avj olgan bir qator yoʻnalishlari haqida ham coʻz bordi.

“Xususan, ishga joylashtirish, tugʻruqxonalardagi “suyunchi puli”, “kesarcha kesish” uchun belgilangan “stavka”lar, tibbiy yoʻllanma berishdagi tanish-bilishchilik kabi illatlar mavjudligini hamma biladi. Afsuski, shu ishlarni amalga oshirayotgan ayrim nopok shaxslar tufayli butun tizim shaʼniga dogʻ tushmoqda”, — deydi vazir.

Amrillo Inoyatov yangi 2023-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligini korrupsiyadan xoli vazirlikka aylantirish uchun bel bogʻlaganini maʼlum qildi.

Buning uchun ishonch telefonlari tashkil etilishi, ular orasida vazirning shaxsiy telefon raqami ham boʻlishiga vaʼda berildi.

Shuningdek, 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilingani munosabati bilan sogʻliqni saqlash tizimida ham bu yil tibbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash masalasi ustuvor vazifa boʻlishi, bu borada turli byurokratik va inson omili bilan bogʻliq toʻsiqlarga barham berilishi maʼlum qilindi.

Aytilishicha, “Uzluksiz kasbiy taʼlim akademiyasi”ni tashkil etish orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi 11 ta institut, 23 ta ixtisoslashtirilgan markaz, 26 ta koʻp tarmoqli klinika va xususiy muassasada yoʻlga qoʻyiladi. Malaka toifasini berishda inson omili aralashmaydigan, shaffof, 3 bosqichli yangi tizim joriy etiladi.

“Taʼlim yoʻnalishidagi byurokratik toʻsiqlarga barham beriladi. Jumladan, metodik qoʻllanmalar, monografiyalar, uslubiy qoʻllanmalar, ilmiy ishlarga xulosalar berishni vazirlik tomonidan tasdiqlash tizimi bekor qilinib, bu boradagi barcha vakolatlar OTM va ixtisoslashtirilgan markazlarga beriladi.

Bundan tashqari, 2023-yil 1-apreldan boshlab, malaka toifasi olish boʻyicha taqdim etiladigan hujjatlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat elektron shaklda qabul qilish tartibi joriy etiladi. Malaka toifa sertifikatlari QR-kod qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Keyingi yildan boshlab farmatsevtika va tibbiyot xodimlari faoliyatini bosqichma-bosqich litsenziyalashga oʻtamiz", — dedi Inoyatov.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari AQSH, Janubiy Koreya, Germaniya va Rossiya standartlari asosida qayta koʻrib chiqilib, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura oʻquv rejalariga nanotexnologiya, tibbiyot genetikasi, IT-texnologiyalar kabi fanlar kiritilishi va xorijiy pedagoglarni jalb qilgan holda oʻquv jarayonlari tashkil etilishi, taʼlim muassasasini bitirayotgan har bir mutaxassis kamida 1 ta chet tiliga mukammal ega boʻlishi uchun harakat qilinishi belgilab berildi.

Vazir tibbiyotda yetakchi boʻlgan xorijiy universitetlar darslik va ilmiy ishlari asosida oʻzbek hamda qoraqalpoq tillarida yangi avlod tibbiy adabiyotlari yaratilishi, talabalarning nazariy va amaliy bilim-koʻnikmalarini baholash boʻyicha ikki bosqichli yangi tizim joriy etilishi haqida ham aytib oʻtdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish