Qidirish

01:01 / 2023-01-05 152 0 Jamiyat

Samarqandda “Dok-1 Maks”dan zaharlangan 3 yoshli bola hayotga qaytdi

Abdullajon Fayziddinov Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida “Dok 1 Maks” siropidan zaharlanib hayotga qaytarilgan toʻrtinchi bola. Lekin tibbiyot markazida aynan shu siropning zarari tufayli 18 nafar goʻdak hayotini saqlab qolishning iloji boʻlmagan.

world-news

Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida “Dok-1 Maks” siropidan zaharlangan 3 yoshli Abdullajon hayotga qaytdi. Bu haqda Xabar.uz maʼlum qildi.

Xabarga koʻra, jonlantirish boʻlimidagi sinovli kunlardan soʻng 3 yoshli Abdullajon nefralogiya boʻlimiga oʻtkazildi. Bolaning onasi Dilnoza Boyqobilova ular Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz tumanidan kelganlarini aytadi:

“Abdullo juda ogʻir ahvolda boʻlganda kelganmiz. Bungacha men “Dok-1 Maks”dan 4 kun berganman. Isitmasi chiqqanda aptekaga borgandim. “Shuni ichiring, grippga ham, shamollashga ham, temperaturaga ham shu yaxshi” deb berdi. 21-dekabrdan peshob chiqmay qoldi. Ertasiga bu yerga olib keldik”, — deydi bolaning onasi.

Dilnozaning aytishicha, bolani olib kelgan kunlarda internetdagi xabarlar bir tomon, bolaning ahvoli bir tomon boʻlib ayol butkul tushkunlikka tushgan.

“Faqat yigʻlardim. Axir, yetti kun siymadi. Ovqat ham yemaydi, gapirmaydi ham, men bilan ishi ham yoʻq, faqat uxlardi. Shifokorlar,hamshiralar tunu kun qarashdi. Bu insonlarga mingdan ming rahmat. Bolam, shukur koʻzini ochdi”, — deb qoʻshimcha qildi Dilnoza.

Tibbiyot markazining gemodializ boʻyicha mutaxassisi Bahodir Gʻaniyev bolaga zaharlangan siropdan kam dozada berilgani katta yordam boʻlganini aytdi. Shifokor Abdullajonga 2-3 kundan soʻng javob berish mumkinligini maʼlum qildi.

“Bizlarga kelganda siymay qoʻyganining uchinchi kuni edi. Kelgan kunning oʻzida jonlantirish boʻlimiga yotqizilib intensiv davolash olib borildi, gemodializ muolajasi amalga oshirildi, yaʼni qoni tozalandi.

Rosa bir haftada siydik paydo boʻldi. Shunda ham jonlantirish boʻlimida olib qoldik, yana qonni tozalab turdik. Bu muolaja buyrak ishini qilib beradi, qonni tozalab yana oʻziga qaytarib beradi”, — deydi shifokor.

Abdullajon Fayziddinov Samarqand viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida “Dok 1 Maks” siropidan zaharlanib hayotga qaytarilgan toʻrtinchi bola.

Lekin tibbiyot markazida aynan shu siropning zarari tufayli 18 nafar goʻdak hayotini saqlab qolishning iloji boʻlmagan. Markaz rahbariyati Hindistonda ishlab chiqarilgan siropning zarari haqida birinchilardan boʻlib xabar bergan edi.

Eslatib oʻtamiz, Samarqandda 18 nafar bola siropni qabul qilganidan soʻng, Qashqadaryoda 1 nafar, Fargʻonada bir nafar bola vafot etdi. Sirdaryo viloyatida 7 nafar bola siropdan zaharlangan. Shundan soʻng, Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Oʻzbekistonda “Quramax” dori vositalari sotilishini toʻxtatish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish