So`ngi yangiliklar
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
“Qatarga shunchaki sayohat yoki dam olish uchun borganimiz yoʻq” – Mbappeni Oʻzbekiston bayrogʻi fonida gol nishonlashga “majburlagan” delegatsiya Toshkentda kutib olindi
Qatarda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida millionlab muxlislar, dunyoning turli burchaklaridan kelgan turistlar orasida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilgan Oʻzbekiston delegatsiyasi Toshkentga qaytib keldi.
29-dekabr kuni Turizm va madaniy meros vazirligi binosi oldida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Abdurahmon Fozilov, “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni sohibasi, bloger Asal Saparbayeva, avtoblogerlar Ibrohim Ikromov, Otabek Joʻrayev va Oʻzbekiston fan-klubi aʼzolaridan iborat delegatsiyani kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nutq soʻzlab, ayni damda davlat rahbari tomonidan yurtimizda turizm sohasi rivojiga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Qatarda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida delegatsiya tomonidan yurtimizning turizm salohiyati targʻib qilingani esa, albatta, Oʻzbekistonning dunyoga yanada tanilishiga, xorijiy turistlar oqimining kengayishiga hissa qoʻshishini alohida qayd etdi.
“Bu kabi loyihalar yurtimizning dovrugʻini butun dunyoga tanitishga xizmat qoʻshadi. Maqsad turizmni yanada rivojlantirish, Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirishdir”, – qoʻshimcha qildi u.
Marosimda soʻzga chiqqan Abdurahmon Fozilov esa tashabbus uchun Turizm va madaniy meros vazirligiga minnatdorlik bildirdi.
«Biz Qatarga shunchaki dam olgani yoki sayohat qilgani borganimiz yoʻq. Butun dunyoda Oʻzbekistonni bilmaydigan, tanimaydigan turist qolmasin, dunyoni vatanimizning jozibasidan yanada koʻproq xabardor qilish edi. Oʻzbekiston turizm brendi aks ettirilgan maxsus avtokarvonda yoʻlga chiqqanimiz ham bejizga emas. Qatargacha dunyoning bir necha davlatini avtomobillarda bosib oʻtdik. Har bir davlatda mahalliy va xorijiy turistlarga Oʻzbekiston haqida maʼlumotlar jamlangan qoʻllanmalar, yurtimiz brendi aks etgan kiyimlar va boshqa narsalarni sovgʻa qildik. Oʻzbekiston haqida yanada kengroq maʼlumot berdik. Ularni yurtimizga sayohat qilishga undadik, — dedi Abdurahmon Fozilov.
— Qozogʻiston, Ozarbayjon, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda bizni katta qiziqish bilan tinglashdi. Oʻzbekistonni sayohat roʻyxatiga albatta qoʻshishini aytganlar ham talaygina boʻldi. Maqsadimiz ham shu edi».
Abdurahmon Fozilov Qatarda dunyoning turli chekkalaridan kelgan muxlislar Oʻzbekistonga katta qiziqish bildirganini taʼkidladi.
“Xorijliklar yurtimiz brendi tushirilgan kiyimlarga qiziqib qolishdi. Oʻzbekiston haqida eshitmaganlarga yurtimizni tanitdik, turizm borasidagi imkoniyatlarini targʻib qildik. Har bir xorijlik sayyohda Oʻzbekiston haqida ijobiy tushuncha shakllantirishga harakat qildik. Turli davlatlardan kelgan muxlislarga Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan berilgan, yurtimizning turizm brendi va salohiyati aks etgan qoʻllanmalar, jurnallarni tarqatdik. Hatto xorijiy telekanallar ham bizga qiziqish bildirdi, Oʻzbekiston va oʻzbekistonlik muxlislar haqida koʻrsatuvlar tayyorladi”, — dedi u.
Darhaqiqat, jahon chempionati davomida Fransiyaning “TF1” birinchi va eng qadimgi milliy telekanali Oʻzbekiston haqida koʻrsatuv tayyorladi. Bunga esa delegatsiyamizning Fransiya — Daniya oʻyinida Oʻzbekiston bayrogʻini stadionning koʻzga koʻrinadigan tomoniga oʻrnatgani sabab boʻldi.
Chunki oʻyinda gol urgan taniqli fransiyalik — Kilian Mbappe raqib darvozasiga urgan golini aynan Oʻzbekiston bayrogʻi fonida nishonladi. Aynan shu surat futbolchining 74 million atrofida kuzatuvchisi bor Instagramdagi sahifasidan joy oldi va katta hajmda ilingan bayrogʻimiz muxlislar eʼtiborini tortdi.
«Fransuzlar qiziquvchan xalq. Mbappening suratiga bildirilgan fikrlarda bunga yana bir bor guvoh boʻldim. Bayrogʻimizni koʻrmagan, tanimagan fransuzlar internet orqali qidirib topib, Oʻzbekiston bayrogʻi ekan, deya izohlar qoldirishdi. Demakki, yurtimizni taniydigan xorijliklar soni yanada oshdi», — dedi Abdurahmon Fozilov.
Shundan soʻng Braziliyaning “Globo” nashri ham hamyurtlarimiz ishtirokida dastur efirga uzatdi.
«Telekanal xodimlari aloqaga chiqib, Oʻzbekiston haqida, sizlar haqingizda koʻrsatuv qilmoqchimiz deyishganida faxrlanib ketdim, — dedi Abdurahmon Fozilov taassurotlari haqida gapirarkan.
— Chunki “Globo” portugal tilida yuritiladigan dunyodagi birinchi yirik telekanal hisoblanadi. Biz uchun Oʻzbekistonni yanada kengroq targʻib qilish imkoni paydo boʻlgandi. Koʻrsatuvda yurtimizning imkoniyatlari, turistik darajasi yuqori ekanligini butun dunyoga anglatishga harakat qildik».
Tadbir davomida delegatsiya aʼzolari Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan turizm targʻibotiga qoʻshgan hissasi uchun taqdirlandi. Aziz Abduhakimov Abdurahmon Fozilovga “Turizm fidoiysi” koʻkrak nishoni topshirdi.
Muxlislar oʻrtasida turli oʻyinlar oʻtkazildi. Shuningdek, Abdurahmon Fozilov Qatardan olib kelgan futbol toʻplarini eng faol muxlislarga ulashdi.