Qidirish

12:40 / 2022-12-25 171 0 Siyosat

Qashqadaryo viloyati hokimligi 7,6 milliard soʻmga elektromobil va gibrid mashinalarni sotib oladi

“Yashil” texnologiyalar asosida ishlaydigan va ekologik toza sanalgan bu avtotransport vositalarining 4 tasi kelgusi yilda, yana 5 tasi 2024, qolgan 10 tasi esa 2025-yillarda sotib olinadi.

world-news

2023-2025-yillarda Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan umumiy qiymati 7,6 milliard soʻmga teng 19 ta elektromobil va gibrid avtomobil xarid qilinadi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum boʻlishicha, “Yashil” texnologiyalar asosida ishlaydigan va ekologik toza sanalgan bu avtotransport vositalarining 4 tasi kelgusi yilda, yana 5 tasi 2024, qolgan 10 tasi esa 2025-yillarda sotib olinadi.

Yaqin uch yil ichida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan, Qashqadaryo viloyati hokimligi, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan korxonalar tomonidan xarid qilinadigan elektromobillar va gibrid avtomobillar boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar Prezidentning joriy yil 19-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan.

Mazkur hujjat barcha sohalarga “yashil” texnologiyalarni faol joriy etish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish kabi maqsadlarga qaratilgan ekan, unga koʻra, yurtimizda sanoat usulida elektromobillar (yaʼni elektr energiyasi manbalarida harakatlanuvchi transport vositalari) va gibrid avtomobillar (ichki yonuv dvigateli va tashqi elektr manbai orqali zaryadlanuvchi elektr motori yordamida harakatlanuvchi transport vositalari) ishlab chiqarishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda.

Qarorga muvofiq, Oʻzbekistonda 2030-yil 1-yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar uchun utilizatsiya yigʻimi hamda ularning xorijdan olib kelinadigan butlovchi qismlari (mashinokomplekt), xomashyo va materiallar, uskunalar va texnologik jihozlar, shu jumladan servis xizmati koʻrsatish uchun ehtiyot qismlar uchun bojxona boji bekor qilinadi.

Elektromobillar va gibrid avtomobillarni toʻliq siklda ishlab chiqarish jarayonlari oʻzlashtirilguncha (loyiha amalga oshirilishi boshlangan vaqtdan 24 oydan koʻp boʻlmagan vaqt mobaynida) ishlab chiqaruvchilarga elektromobillarni va gibrid avtomobillarni bojxona boji va utilizatsiya yigʻimi toʻlamasdan, yaratiladigan ishlab chiqarish quvvatlarining 50 foizigacha, ammo yiliga 10 mingdan koʻp boʻlmagan miqdorda, yirik uzelli ishlab chiqarish uchun mashinokomplekt yoki tayyor avtomobil holatida olib kirishga ruxsat beriladi.

Qoʻllab-quvvatlash choralari elektromobillar va gibrid avtomobillarni sanoat usulida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadigan barcha investorlar va tadbirkorlik subyektlariga nisbatan teng tatbiq etiladi.

Biroq bunda, albatta, ularga bir qator talablar ham qoʻyiladi. Ulardan biri dastlabki bosqichda loyiha amalga oshirilishi boshlangan vaqtdan boshlab 24 oy mobaynida toʻliq ishlab chiqarish jarayoni, jumladan, avtomobil kuzovini payvandlash ishlarining kamida 50 foizini, boʻyash va yigʻish, shuningdek, avtomobillarni sinash jarayonlarini oʻzlashtirish.

Ikkinchi bosqichda esa loyiha amalga oshirilishi boshlangan vaqtdan boshlab 36 oy mobaynida butlovchi qismlarni, shu jumladan oynalar, oʻrindiqlar, ichki va tashqi plastik qismlar, eshik qoplamalari, priborlar paneli, old va orqa bamperlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, shuningdek, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida mahalliylashtirish zarur boʻladi.

Hujjatda respublikada ishlab chiqarilgan va ichki bozorda sotilgan, elektromobil va gibrid avtomobillarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan bazaviy hisoblash miqdorining 1200 baravari (bugungi kunda 360 million soʻmdan)dan oshmaydigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining MB asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kredit muddatining dastlabki 36 oyi davomida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya toʻlash nazarda tutilgan.

Elektromobillar va gibrid avtomobillarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar 2030-yil 1-yanvarga qadar litsenziya varaqalari berilganligi uchun davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi.

Qarorga asosan yuqorida qayd etilgan maqsadli koʻrsatkichlar bilan bir qatorda respublikada elektromobillar va gibrid avtomobillarni sanoat usulida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda ulardan foydalanishni ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ham tasdiqlangan.

Izohlar 0

Fikr bildirish