So`ngi yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi
Toshkentda giyohvandlik moddalari muomalasi bilan shug‘ullangan ikki talaba qo‘lga olindi
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Mubashshir Ahmad yana Turkiya politsiyasi tomonidan qoʻlga olindi
U Oʻzbekistonga deport qilingan boʻlishi mumkin.
Advokatlarga koʻra, immigratsiya boshqarmasi, qonunga zid ravishda “uning qayerdaligi, sogʻligʻi va sud jarayoni” haqida hech qanday maʼlumot bermayapti. Alisher Tursunov 2023-yilda ham politsiya tomonidan qoʻlga olingan, ikki oyga yaqin vaqt ushlab turilib, ayblovlar isbotini topmagach, qoʻyib yuborilgandi.
Azon vaqfi kengashi raisi va Azon Global axborot-tahliliy portali asoschisi, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan taniqli diniy ulamo Alisher Tursunov joriy yil 8-may kuni Istanbuldagi oʻz uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan. Bu haqda diniy olimning oʻzga tegishli Azon Global nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, shu kunning oʻzida advokatlar ishtirokida dastlabki surishtiruv oʻtkazildi. Advokatlarga bildirilgan oxirgi maʼlumotga koʻra, surishtiruvdan soʻng Mubashshir Ahmad Istanbuldagi Deportatsiya markaziga (Geri Gönderme Merkezi – GGM) oʻtkazilishi, ertasiga – 9-may kuni u yerdan qoʻyib yuborilishi kerak edi.
«Ammo oradan 4 kun oʻtgan boʻlsa-da, Immigratsiya boshqarmasi (Göç İdaresi) domlaning qayerdaligi, sogʻligʻi va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday maʼlumot bermayapti. Vaholanki, Turkiya qonunchiligiga koʻra, nazoratda ushlab turilgan shaxsning oilasiga bu haqida maʼlumot berilishi, uning oʻziga ham yaqinlari bilan muloqot qilishga izn etilishi belgilab qoʻyilgan.
Hozirgacha hatto advokatlari ham domladan biror xabar ololmayotganidan, aqalli qayerda saqlanayotganini ham bilolmayotganidan oilasi va yaqinlari asosli ravishda xavotirga tushmoqda. Boisi, ustoz Mubashshir Ahmad uzoq yillardan beri qandli diabet va yuqori qon bosimidan aziyat chekib keladi hamda muntazam ravishda insulin va boshqa dorilar qabul qilishga majbur», — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, nashr bu masalada yangilik boʻlishi bilan jamoatchilikni xabardor qilishini yozgan hamda tarqalishi mumkin boʻlgan har qanday asossiz xabarlarga eʼtibor bermaslikni soʻragan.
Hozircha Oʻzbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxona holat yuzasidan munosabat bermadi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kun.uzʻga bergan izohida holatga aniqlik kiritib, maʼlumot berishini bildirdi.
Turkiyalik advokat va qochoqlar huquqlari himoyasichi Ibrohim Erginning yozishicha, Mubashshir Ahmad Oʻzbekistonga deport qilingan boʻlishi mumkin. Uni 9-may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi boʻlishgan, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirnega joʻnatilgan.
“Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangan, keyinchalik shanba kuni yana Istanbulga qaytarilgan. Bu orada u yuridik tizimdan chetlab oʻtilgan va noqonuniy tarzda Oʻzbekistonga topshirilgan”, – deyiladi huquq himoyachisining bayonotida.
Ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbekzabon segmentida faol boʻlgan diniy ulamo – marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining shogirdi, Oʻzbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi maʼrifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.
Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qiladi. U 2023-yil oxirida Turkiya politsiyasi tomonidan oʻzi yashab turgan uyidan jamoat xavfsizligiga tahdid gumoni bilan olib ketilgan edi. U 55 kun davomida deportatsiya markazida ushlab turilgan, unga qoʻyilgan ayblovlar isbotini topmaganidan soʻng, 2024-yil fevral oyida qoʻyib yuborilgan edi.
Shuningdek, joriy yil 19-fevral kuni Mubashshir Ahmad Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan qidiruvga berilgani, u taqiqlangan tashkilotlar tuzishda ayblanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Keyinroq Mubashshir Ahmadning advokatlari u “oʻta ogʻir jinoyat sodir etish”da ayblanayotgani haqidagi xabarlar asossiz ekanini bildirdi. Maʼlum boʻlishicha, fuqaro Telegram-kanalida yozgan postlari uchun diniy materiallarni tayyorlash va tarqatish tartibiga rioya qilmaganlikda ayblanmoqda. Mubashshir Ahmad “oʻta ogʻir jinoyat sodir etish”da ayblanib, qidiruvga berilgani haqida xabarlarni OAVga Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov tasdiqlagan edi. Gʻiyosov, keyinroq bu ishini “texnik xato”, deb atagan.