Qidirish

00:12 / 2025-06-05 103 0 Siyosat

“Afsuski, ayrim “Ishonch telefonlari” nomiga tashkil qilingan yoki umuman ishlamaydi” – Akmal Burxonov

Navoiy viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari Milliy kengash yigʻilishida tanqidiy koʻrib chiqildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.

world-news

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining bugun Navoiy viloyati Konimex tumanida boʻlib oʻtgan sayyor majlisida viloyatda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy muhokama qilingan.

Tahlillarga koʻra, viloyat boʻyicha 2023-yilda 211 nafar shaxs tomonidan 145 ta, 2024-yilda esa 350 nafar shaxs tomonidan 263 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilib, bu turdagi jinoyatlar soni 81,4 foizga oshgan.

Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 14-19-aprel kunlari viloyatning Qiziltepa, Konimex, Xatirchi tumanlari, Zarafshon va Navoiy shaharlarida sogʻliqni saqlash, bandlik, bank, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr-qurilish sohalarida 30 ga yaqin obyektda oʻtkazilgan oʻrganishlarda ham korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish yoʻnalishida jiddiy kamchiliklar aniqlandi.

Majlisda Akmal Burxanov ushbu oʻrganish yakunlari boʻyicha axborot berdi.

“Afsuski, ayrim “Ishonch telefonlari” nomiga tashkil qilingan yoki umuman ishlamaydi. Davlat tomonidan bepul tarqatiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar haqida aholi yetarlicha xabardor emas. Maktabgacha va maktab taʼlim yoʻnalishida korrupsiyaviy holatlar asosan ishga qabul qilish, dars soatlarini taqsimlash, xususiy maktabgacha taʼlim muassasasini ochishga yordam berish jarayonlarida yuzaga kelmoqda. Imtiyozli kreditlar ajratish, qurilish sohasida yer ajratish, koʻp qavatli turar-joy majmualari qurishga ruxsat berish, shuningdek, qurilish obyektlarini qabul qilish jarayonida ham tamagirlik holatlari uchramoqda”, — dedi Akmal Burxanov.

Oʻrganish davomida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan viloyatning 15 nafar davlat xizmatchisiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini belgilash, ijro intizomini oshirish va tegishli rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish boʻyicha Milliy kengashga taklif kiritildi.

Qayd etilgan masalalar yuzasidan sohalarga masʼul boʻlgan rahbarlarning tushuntirishlari eshitilgan. Majlisda Konimex tumanini tumanini “Korrupsiyadan holi hudud”ga aylantirish ga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilangan. Muhokama yakuni boʻyicha masʼullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklangan.

Izohlar 0

Fikr bildirish