So`ngi yangiliklar
Qashqadaryoda “Qizil kitob”dagi daraxtlar noqonuniy kesilmoqda – mas’ullar nega jim?
Sunʼiy intellekt Oʻzbekistonga 2,9 mlrd soʻm soliq toʻladi
Ertaga qanday ob-havo boʻladi?
Xalqaro terroristik tashkilot safiga qoʻshilishga hayrihox boʻlgan fuqaro jazoga tortildi
Xizmat itlari haqida nimalarni bilasiz?
1 kilogramm palov tayyorlash qanchaga tushadi?
Xivada xususiy bogʻcha rahbari tomonidan bola jarohatlandi
Surxondaryoda hujra tashkil qilib, bolalarni qiynoqqa solib kelgan yigit qoʻlga olindi
Qashqadaryoda “Qizil kitob”dagi daraxtlar noqonuniy kesilmoqda – mas’ullar nega jim?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumatining ekologiyani asrash va yashil hududlarni kengaytirishga oid yirik loyihalari amalga oshirilayotgan bir paytda, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida “Qizil kitob”ga kiritilgan daraxtlarning ommaviy ravishda noqonuniy kesilishi davom etmoqda. Eng achinarlisi, bu qonunbuzarliklar mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilotlarning ko‘z oldida sodir bo‘lyapti, ammo birorta mas’ul shaxs javobgarlikka tortilmayapti.

Daraxt qirg‘ini davom etmoqda – mas’ullar "lom yutgan"
Tahririyatimizga murojaat qilgan fuqarolar ma’lumotiga ko‘ra, Dehqonobod tumanidagi Davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli “Boshchorbog‘” va “Duob” bo‘limlari hududida yuzlab Zarafshon archalari noqonuniy ravishda kesib yuborilmoqda. Qizig‘i shundaki, bu daraxtlar O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitob”iga kiritilgan, ya’ni alohida himoya ostidagi o‘simliklar hisoblanadi.
Mahalliy aholi bu holat yuzasidan bir necha marotaba Dehqonobod tuman hokimligi, Ekologiya bo‘limi va O‘rmon xo‘jaligi idoralariga murojaat qilgan. Lekin ularning murojaatlari shunchaki qog‘ozda qolib ketgan, rasmiy javoblar esa umumiy va mujmal bo‘lib, muammoning ildizini bartaraf etish choralari ko‘rilmagan.
Telegramda post qilindi, lekin real natija yo‘q
Avvalroq ushbu muammo ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilgan edi. Telegram kanallari orqali daraxtlarning noqonuniy kesilishi haqidagi videolar tarqaldi, mas’ullar ushbu postlar ortidan “holat o‘rganilmoqda” deya bayonot berishdi, biroq oradan vaqt o‘tdi, va’da berilgan tekshiruvlar natijasiz yakunlandi. Daraxt kesish holatlari esa hanuz davom etmoqda. Qani endi haqiqiy nazorat va real jazo? Qonun faqat qog‘ozda – mas’ullar uchun ishlamaydimi?
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida daraxtlarni noqonuniy kesish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 79-moddasi – daraxtlar, butalar va boshqa yashil o‘simliklarni kesish, shikastlash yoki yo‘q qilish.
Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holda, daraxt va butalarni ruxsatsiz kesish yoki shikastlash — eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq holda noqonuniy kesish yoki zarar yetkazish — mansabdor shaxslarga ko‘proq miqdordagi jarima belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksning 198-moddasi – daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarni noqonuniy kesish yoki yo‘q qilish:
Noqonuniy ravishda daraxt va butalarni kesish, shikastlash yoki yo‘q qilish, agar bu holat katta miqdorda zarar keltirsa, jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bu holat takror sodir etilgan bo‘lsa yoki muayyan mansabdor shaxs tomonidan qasddan amalga oshirilgan bo‘lsa — jinoiy javobgarlik belgilangan.
“Qizil kitob”ga kiritilgan daraxtlarni kesish og‘ir jinoyat hisoblanadi. Lekin Qashqadaryo viloyati misolida bu qonunlar faqat qog‘ozda qolayotgani ayon bo‘lmoqda. Ekologiyа, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligi vakillari mazkur holatlar yuzasidan hozirgacha aniq pozitsiyasini bildirgani yo‘q. Ne ajabki, bir tarafdan “Yashil Makon”, “Barqaror Landshaftlarni Tiklash” loyihalariga xalqaro banklardan millionlab dollar ajratilar ekan, ikkinchi tarafdan viloyat darajasida oddiy nazorat mexanizmlari ishlamayapti.
Aybdorlar topilmadi – nima uchun?
Savol tug‘iladi: ushbu noqonuniy qirg‘in ortida kim turibdi? Nega hozirgacha hech bir shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgani yo‘q? Nima uchun aralashuv faqatgina “qog‘ozda tekshirish” bilan cheklanib qolmoqda? Bunday sustkashlik va loqaydlik natijasida daraxt kesuvchilar yanada dadilroq harakat qilmoqda. Daraxtlar kesiladi, sotiladi, lekin ularni himoya qilishi kerak bo‘lgan tizim jim. Bu tizimiy muammolardan darak bermaydimi?
Xulosa: Tabiat dardi – jamiyat dardi
Qashqadaryodagi archalar qirg‘ini, aslida, butun respublikadagi muammolarning bir ko‘zgusi. Qonun va loyihalar bor, lekin uni bajaradigan tizim va mas’uliyat yo‘q. Tabiatga nisbatan bunday befarqlik, oxir-oqibat, bizning kelajak avlodlarimizga qimmatga tushadi. Mahalliy aholining, jurnalistlarning, faollarning noroziligi e’tiborsiz qolmаsligi kerak. Ekologiya va O‘rmon xo‘jaligi mas’ullari darhol real amaliy choralar ko‘rishi, aybdorlarni aniqlab jazo tayinlashi shart. Aks holda, bunday befarqlik nafaqat daraxtlarni, balki jamiyatda qolgan ishonchni ham kesib tashlaydi.
Muallif: Diyorbek Bazarbayev



