Qidirish

23:47 / 2025-10-28 1764 0 Hodisalar

Yomg‘ir kerak: Tabiat va inson o‘rtasidagi muvozanat izdan chiqmoqda

“Yomg‘ir nafaqat yerga, balki insonning ruhiga ham kerak”, - deya ta’kidlaydi iqlimshunos Erkin Abdulahatov. Uning fikricha, bu yilgi kuz fasli tabiat bilan inson o‘rtasidagi nozik muvozanat buzilganini ko‘rsatmoqda: havo og‘ir, changli va quruq, osmonda bulut siyrak, tabiat esa go‘yo nafas olishni unutgandek.

world-news

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning fikricha, bu yilgi kuz fasli tabiatdagi noodatiy jarayonlarni yana bir bor namoyon etmoqda. Qurg‘oqchilik hali ham davom etyapti — osmonda bulutlar siyrak, havo og‘ir, tuproq esa hanuz yozdagi issiqlikni chiqarolmayapti.

“Yozda oftobdan qovurilgan yer zarrachalari hanuz havoda muallaq, harorat yuqori, shamollar havoni quritishda davom etmoqda. Quyosh charchagan odam tanasiga iliq tuyulsa-da, miya hanuz dam olmayapti”, — deydi mutaxassis.

Abdulahatovning ta’kidlashicha, havo tarkibida faqat chang emas, balki inson faoliyatining og‘ir izlari ham jamlangan. “Sanoatning is gazi, transport harakatining oqibatlari, qurilishlar avji — bularning barchasi havodagi kislorod miqdorini kamaytirayapti. Qishloqdan shaharga, yerdan osmonga intilish kuchaydi, ammo tabiat nafas ololmayapti”, — deya qo‘shimcha qildi iqlimshunos.

Bu yil kuz rangi ham o‘zgargan. Barglar ho‘l sarg‘ayish o‘rniga quruq va chaqir-chuqur ko‘rinishga ega bo‘lib qolgan, xazonrezgining muloyim manzarasi o‘rniga chang qatlami yotgan. “Osmon ham tiniq emas — tunda yulduzlar o‘rniga sarg‘ish tumansimon pardalar suzib yuribdi”, — deydi u.

Iqlimshunosning fikricha, bu holat inson salomatligiga ham ta’sir etmoqda. “Tonglar yengil emas, odamlar nafas yetishmasligi, bosh og‘rig‘i va uyqusizlikdan shikoyat qilmoqda. Bu oddiy charchoq emas, balki tabiat bilan inson o‘rtasidagi nozik muvozanatning buzilishi”, — deydi Abdulahatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiatga hozir bitta narsa kerak — yomg‘ir.

“Yomg‘ir — tabiatning nafasi, zaminning ko‘z yoshi, osmonning eng sof ifodasi. U nafaqat changni, balki inson qalbidagi og‘irlikni ham yuvib tashlaydi. Haqiqiy kuz xazonrezgini his etish uchun ham yomg‘ir kerak”, — deya xulosa qiladi iqlimshunos.

Izohlar 0

Fikr bildirish