Qidirish

15:45 / 2025-07-09 933 0 Hodisalar

Oʻzbekiston Hukumatining Gulnora Karimova boʻyicha rasmiy pozitsiyasi eʼlon qilindi

Ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan BMT Inson huquqlari kengashining Oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar boʻyicha ishchi guruhi tomonidan G. Karimovaning jinoiy javobgarlikka tortilishi yuzasidan qabul qilingan 17/2025-sonli mulohazasiga javoban Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ayrim maʼlumotlarni taqdim etdi.

world-news

1. Hukumat Ishchi guruhning fikri Manba tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama subyektiv maʼlumotlar asosida shakllantirilgani, Oʻzbekiston Hukumatining bu borada rasmiy javobi taqdim etilgani, ammo u rasmiy protsessual muddatlar tufayli eʼtiborga olinmaganidan tashvish bildiradi. Bunday yondashuv BMT organlari amal qilishi zarur boʻlgan xolislik va begʻarazlik prinsiplariga putur yetkazadi.

2. Oʻzbekiston oʻzaro hurmat, xalqaro huquq normalariga rioya qilish va ikki yoqlama standartlarga yoʻl qoʻymaslik tamoyillariga asoslangan muloqot va xalqaro hamkorlik uchun hamisha ochiq.

3. G. Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qatʼiy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt qoidalarini inobatga olgan holda qoʻzgʻatilgan hamda koʻrib chiqilgan.

4. Himoyaga boʻlgan huquq va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida taʼminlangan. G. Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan. Jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan.

5. G. Karimova ishi boʻyicha sud qarorlari vakolatli sudlar tomonidan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar, jumladan soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini gʻayriqonuniy oʻzlashtirish, firibgarlik va davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida chiqarilgan.

6. G.Karimovaning 2014-yilda goʻyoki oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamogʻida saqlangani, “oshxonadagi sud” va boshqa shu kabi daʼvolar asossizdir. Barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga toʻliq muvofiq holda oʻtkazilgan. Hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati mazkur ish boʻyicha siyosiy sabablar mavjudligi toʻgʻrisidagi daʼvolarni qatʼiyan rad etadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining barcha harakatlari faqat sudlanuvchining jinoiy harakatlarni sodir etishdagi aybini toʻliq tasdiqlovchi huquqiy va daliliy jihatlarga asoslangan boʻlib, uning qonuniy iqtisodiy faoliyati yoki siyosiy mavqei yoki qarashlariga daxl qilmagan.

8. Shu nuqtayi nazardan, 2022-yilda Shveysariya Konfederatsiyasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Bitim doirasida G.Karimova ilgari jinoiy yoʻl bilan orttirgan va qaytarilgan moliyaviy mablagʻlardan Oʻzbekiston Hukumatining islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun foydalanish maqsadida “Vision 2030” jamgʻarmasi tashkil etilganini taʼkidlaymiz. Jamgʻarma boshqaruvi BMTning Koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi orqali amalga oshirilmoqda.

9. Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarib kelmoqda va BMT mexanizmlari, jumladan maxsus tartib-taomillari bilan konstruktiv muloqotni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlaydi.

10. Hukumat xalqaro tuzilmalarda oʻz obroʻsini himoya qilish, shuningdek, ishonchli axborotni manfaatdor tomonlarning keng doirasiga tushuntirish boʻyicha keyingi qadamlarni qoʻyish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish