Qidirish

05:10 / 2022-11-29 41 0 Jamiyat

Oʻzbekistonda “Abay Qoʻnonboyevning merosi kunlari” oʻtkaziladi

Abay oʻz ijodida Yassaviy, Navoiy, Fuzuliy anʼanalarini davom ettirgan. U Navoiyni oʻzining buyuk ustozi deb bilgan.

world-news

5–10-dekabr kunlari O‘zbekistonda qozoq xalqining atoqli namoyondasi “Abay Qo‘nonboyevning merosi kunlari” o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Abay 1845-yilda Qozog‘istonning Semey viloyatiga qarashli Ayako‘z tumanining Chingaztog‘ yonbag‘rida joylashgan Qorauy ovulida boy xonadonda tug‘ilgan. Otasi Qo‘nonboy Semeyning e’tiborli boylaridan bo‘lgan. Shoirning asl ismi Ibrohim bo‘lib, onasi Uljon va otasining onasi Ziyrak momo tomonidan erkalanib, Abay deb chaqirilgan. Keyinchalik bu nom shoirning taxallusiga aylangan. 

Abay o‘z ijodida Yassaviy, Navoiy, Fuzuliy an’analarini davom ettirgan. U Navoiyni o‘zining buyuk ustozi deb bilgan. Abay «Iskandar», «Mas’ud» dostonlari, «Qorako‘z» falsafiy didaktik asari, «Qish», «Burgutchi», «Kuz» kabi she’rlari, «Azim kissasi» dostoni, «Naqliya so‘zlar» (44 hikoyatdan iborat) majmuasi va boshqa asarlar muallifi hisoblanadi.

Qayd etish joizki, “Abay Qo‘nonboyevning merosi kunlari” doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, adib ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etish (Semey shahridagi “Jidebay-Borili” davlat tarixiy-madaniy va adabiy yodgorlik muzey-qoʻriqxonasi bilan birgalikda) ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning o‘rta va oliy o‘quv muassasalarida ikki davlatning taniqli shoir, yozuvchi va olimlari ishtirokida Abay hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy kecha, Milliy akademik drama teatrida “Abay” spektakli namoyishi, oliy o‘quv yurtlarining gumanitar fakultetlarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari ishtirokida Abay ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan birgalikda “Abay falsafasi va Markaziy Osiyo mutafakkirlari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etiladi. Qolaversa, tadbirdan “XIX asrda o‘zbek va qozoq mutafakkirlarining umumiy tarixiy-madaniy merosi va dunyoqarashini mustahkamlash va rivojlantirish” mavzusidagi ilmiy konferensiya, Abay hayoti va ijodi haqida hujjatli film namoyishi ham o‘rin olgan.

Shu bilan birga, tadbir doirasida Toshkent, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida Abay ijodiga bag‘ishlangan madaniy-ijodiy kechalar tashkil etiladi.

“Abay Qo‘nonboyevning merosi kunlari” tadbirini o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash hamda Qozog‘iston prezidentining Toshkentga bo‘lajak davlat tashrifi dasturini mazmunan boyitishdir.

Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiya, Fanlar Akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Kinematografiya agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Milliy teleradiokompaniya va Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish