Qidirish

21:42 / 2025-04-06 848 0 Siyosat

Markaziy Osiyoda “yashil” rivojlanish sari qadam: Samarqand forumi natijalari

world-news

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi "Markaziy Osiyo ekologik muammolar oldida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash" rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. Ushbu hujjatda O‘zbekiston rahbarining "Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi" tashabbusi va uning mintaqada barqaror rivojlanishga qo‘shadigan hissasi alohida ta’kidlangan. Qarorda, shuningdek, O‘zbekistonning Samarqandda 
Xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan.
 
Forum yakunida "yashil" rivojlanishning mintaqaviy konsepsiyasi taqdim etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hujjat Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yagona mintaqaviy qarashlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Konsepsiyada yetakchi xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi ekologik muammolarni hal etish borasidagi yondashuvlari aks etgan.
 
Forumning ochilish marosimida Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan, aholi punktlari bo‘yicha dastur 
ijrochi direktori Anaukladiya Rossbax, cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav va boshqa nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.
 
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchanni qabul qildi. Suhbat davomida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Prezidentimiz komissiyaning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim o‘rnini, shuningdek, transport, innovatsiyalar, to‘qimachilik, energetika, ekologiya va gender tenglik sohalarida, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalarida ko‘rsatilayotgan ekspertlik ko‘magini alohida qayd etdi.
 
Mintaqaviy va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil noyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPЕKA) birinchi sammitida bildirilgan tashabbuslarni amaliy ilgari surish jihatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan SPЕKAning 2030 yilgacha rivojlanish konsepsiyasi qabul qilingani, YEIK bilan savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" imzolangani, Transkaspiy yo‘lagi doirasida raqamlashtirish va hujjatlar almashinuvi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
 
Yil boshida komissiya ko‘magida O‘zbekiston aholining ekologiya holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotdan foydalanishi to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shildi. Havo konvensiyasi va sanoat avariyalarining transchegaraviy ta’siri to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish masalasi ishlab chiqilmoqda. SPЕKA dasturining maqsadli jamg‘armasini tez fursatda ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.
 
Forumda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish videomurojaat yo‘lladi. Ishtirokchilar orasida 2 mingdan ortiq xorijiy mehmonlar, jumladan, milliy va global ekologik tashkilotlar, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar, biznes vakillari bor edi. Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi, ekologik barqarorlik, "yashil" iqtisodiy taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
 
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida forumning xalqaro miqyosi va ishtirokchilarning nufuzi jahon hamjamiyatining barqaror taraqqiyotning eng dolzarb masalalariga samarali yechim izlashda birgalikda sa’y-harakatlar olib borishga sodiqligini namoyon etishini ta’kidladi.
 
"Sammitimizni har ikki yilda bir marta o‘tkazish bo‘yicha taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelishuvlarimizni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlash maqsadida navbatdagi yig‘ilishimizga qadar sammit kotibiyati funksiyasini o‘z zimmamizga olishga tayyormiz", — dedi prezident.
 
Davlatimiz rahbarining mazkur taklifi mintaqada ekologik muammolarni bartaraf etish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va "yashil" rivojlanishga oid tashabbuslarni tizimli ravishda amalga oshirishga yo‘naltirilgan. Sammitning har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi ekologik hamkorlikni yanada mustahkamlashga, amaldagi kelishuvlarni nazorat qilishga va yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish