So`ngi yangiliklar
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Samarqandlik ota-bolaga IIB xodimlari nega kuch ishlatdi?
Yaxshidan bogʻ, yomondan dogʻ qoladi…
“Vaʼda boshqa, amal boshqa. Mamlakatda jurnalistika, blogosfera butkul oʻlimtik ahvolga keltirildi” – Ilyos Safarov
Vijdon erkinligi...
Xorazmda fuqarolarga soxta diplom olib bergan shaxs ushlandi
Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida nutq soʻzladi
Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti boʻlib oʻtdi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Sizlarni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida qutlashdan gʻoyat mamnunman.
Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta Janobi Oliylariga, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Xonim Oliyalariga, mening barcha hamkasblarim – mintaqa mamlakatlari yetakchilariga sammitni aynan shu zaminda, qadimiy Samarqand shahrida oʻtkazish borasidagi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaganlari uchun minnatdorlik bildiraman.
Koʻp asrlar davomida Buyuk Ipak yoʻlining asosiy yoʻllari chorrahasida joylashgan ushbu shonli shahar sivilizatsiyalar muloqoti hamda Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi diplomatiya, savdo va madaniy almashuvlarning muhim markazi boʻlgan.
Bu haqda koʻplab tarixiy dalillar mavjud. Masalan, Movarounnahr hukmdori Amir Temur bundan olti asrdan ziyod vaqt oldin aynan shu zaminda turib erkin va xavfsiz savdoni taʼminlash maqsadida Yevropa hukmdorlari bilan faol muloqotlarni yoʻlga qoʻygan.
Bizning Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va boshqa buyuk alloma va mutafakkirlarimiz jahon, jumladan, Yevropa ilm-fani va falsafasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshganini albatta qayd etmasdan oʻtolmaymiz.
Bugun men mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardimki, bizning chuqur tarixiy ildizlarga ega boʻlgan munosabatlarimiz hozirgi zamon sharoitida jadal rivojlanmoqda va mustahkamlanmoqda.
Shu kunlarda boʻlib oʻtgan ochiq, konstruktiv va samarali uchrashuvlar mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz manfaatlari yoʻlida sheriklik va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga boʻlgan siyosiy irodamiz va qatʼiyatimizni yana bir bor namoyon etdi.
Yevropa Ittifoqi asosiy institutlari rahbarlariga oʻzaro anglashuv va Markaziy Osiyoda integratsiya va barqaror taraqqiyot jarayonlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Men bu zalda anʼanaviy sheriklarimiz – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Reno-Baso va Yevropa investitsiya banki vakillarini koʻrib turganimdan ham xursandman. Ushbu moliya institutlarining “Kelajakka sarmoyalar” shiori ostida oʻtayotgan bugungi sammitimizning vazifa va qarorlarini ilgari surishdagi roli oʻta muhim, deb hisoblayman.
Shu oʻrinda bundan sakkiz yil oldin Oʻzbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki munosabatlari toʻxtab yotganini qayd etishni istar edim. Bugun esa biz bankning eng yirik benefitsiarlaridan birimiz.
Hurmatli hamkasblar!
Ashxoboddagi uchrashuvlar yakunlari boʻyicha bizning vazirlar va ekspertlarimiz koʻp tomonlama hamkorlikning barcha asosiy yoʻnalishlarini qamrab olgan sammit kun tartibini tayyorlashdi.
Shuningdek, biz bugun Markaziy Osiyo duch kelayotgan zamonaviy ekologik tahdidlarga bagʻishlangan Samarqand iqlim forumi yalpi sessiyasida ham birgalikda ishtirok etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bizning uchrashuvimiz jadal va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan global jarayonlar sharoitida oʻtmoqda.
Biz geosiyosiy ziddiyatlar, xavfsizlik muammolari, yirik mintaqaviy mojarolarning hamda barqaror taraqqiyotga nisbatan ijtimoiy va iqtisodiy tahdidlarning kuchayishiga guvoh boʻlmoqdamiz.
Ayonki, hech bir mintaqa keng xalqaro hamkorliksiz bu qadar murakkab masalalarni mustaqil holda hal etishga qodir emas.
Shu munosabat bilan taʼkidlashni istardimki, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi anʼanaviy sheriklar boʻlib, oʻzaro yaqin hamkorlik uchun talab faqat oʻsib bormoqda. Biz ham Yevropa tomoni kabi xalqaro huquqning tamoyil va meʼyorlariga sodiqligimizni bildiramiz.
Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha muzokaralar jarayonlari boshlanganini olqishlaymiz va toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Oldinda juda murakkab va yechimi oson boʻlmagan masalalar turganini tushunamiz.
Biroq diplomatik saʼy-harakatlar va siyosiy qarorlar qabul qilishdan boshqa muqobil yoʻlni biz koʻrmayapmiz.
Hurmatli hamkasblar!
Umumiy siyosiy irodamiz tufayli barqaror va ortga qaytmas tus olgan Markaziy Osiyodagi chuqur transformatsiya jarayonlari koʻpqirrali hamkorligimizni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ishonch va yaxshi qoʻshnichilik mustahkamlanmoqda, keng koʻlamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. Bundan yetti-sakkiz yil avval buning uchun hatto sharoit ham yoʻq edi. Baʼzi mamlakatlar oʻrtasidagi chegaralar yopiq edi. Na savdo, na tranzit, na biznes, hech qanday gumanitar almashuvlar yoʻq edi. Munosabatlar shunchaki muzlatib qoʻyilgandi. Oʻshanda hech kim yaqin kelajakda biz Yevropa yetakchilari bilan muzokaralarda mintaqamizni birgalikda namoyon etishimizni tasavvur ham qila olmas edi.
Markaziy Osiyoning ochiqligi va barcha sheriklar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani mintaqada xavfsizlik va farovonlikni taʼminlashning eng muhim shartiga aylandi.
Shu yil sentyabr oyida biz Toshkentda mintaqadagi davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini oʻtkazamiz va uning doirasida umumiy kun tartibidagi barcha dolzarb vazifalarni ochiq va konstruktiv hal qilamiz.
Bugungi sammitimiz arafasida tarixiy voqealar boʻlib oʻtganini alohida qayd etishni istardim. Bu oʻrinda gap Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida davlat chegaralari masalasi toʻliq hal etilgani va delimitatsiya qilish boʻyicha kelishuvlar imzolangani haqida bormoqda.
Yana bir bor hurmatli hamkasblarim Emomali Sharipovich Rahmon va Sadir Nurgʻojoyevich Japarovni samimiy tabriklayman.
Biz birgalikda mintaqada yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotganimizni taʼkidlash joiz. Bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari va kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Mintaqada ichki savdo hajmi oshib bormoqda. Ularni ragʻbatlantirish uchun chegaraoldi savdo zonalari yaratilmoqda. Bularning barchasi mamlakatlarimiz va butun mintaqamizning barqaror iqtisodiy taraqqiyotiga imkon yaratayotganini taʼkidlashni istar edim.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari hisob-kitoblariga koʻra, mintaqaviy yalpi ichki mahsulotning oʻsishi bu yil olti foizgacha yetadi va bu boshqa mintaqalardagi oʻrtacha koʻrsatkichdan sezilarli darajada yuqoridir. Jumladan, Oʻzbekistonda sanoatlashtirish, infratuzilmalarga sarmoyalar kiritish, iqtisodiyotni liberallashtirish va biznesni qoʻllab-quvvatlash hisobidan barqaror iqtisodiy oʻsish taʼminlanmoqda.
Umummintaqaviy oʻziga xoslikni shakllantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va taʼlim boʻyicha almashuvlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarimizni alohida taʼkidlamoqchiman.
Biz mamlakatlarimizda yetakchi milliy oʻquv muassasalarining filiallarini ochyapmiz. Xorijiy sayyohlar uchun yagona Markaziy Osiyo vizasi loyihasini ilgari suryapmiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bizning ilk sammitimiz Qozogʻiston va Qirgʻizistonda muvaffaqiyatli oʻtgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkita uchrashuvining mantiqiy davomidir. Ushbu muloqotlar har ikki tomonning manfaatlarini tushunish va sheriklikning umumiy yoʻnalishlarini belgilab olish uchun foydali boʻldi. Soʻnggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan oʻzaro hamkorlik sezilarli faollashgani kuzatilayotganini qayd etmoqchiman.
Keyingi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan oʻzaro tovar aylanmasi hajmi bir necha barobar oʻsib, 54 milliard yevroga yetdi. Hamkorlikning samarali platformalari ishga tushirildi. Barcha muhim yoʻnalishlarda vazirlar ishtirokida majlislar, forumlar, sammitlar va konferensiyalar doimiy oʻtkazib kelinmoqda.
Shu bilan birga, ushbu uchrashuv koʻpqirrali munosabatlarimiz rivojida yangi bosqichning oʻziga xos boshlanish nuqtasi boʻlishi lozim, deb hisoblayman.
Shu munosabat bilan, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikdagi ishlarimizning biz uchun ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtishni istar edim.
Birinchi. Bu – siyosiy muloqotlarni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar va investitsiyalar, koʻp tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslari.
Sammit yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida strategik sheriklik oʻrnatish haqida tarixiy qaror qabul qilinadi. Qabul qilinadigan hujjatning qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.
Ishonchim komilki, bizning strategik sherikligimiz aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitilishi kerak. Shu munosabat bilan, bizning ikki mintaqamiz oʻrtasida sheriklik va hamkorlik boʻyicha toʻlaqonli Bitimni imzolash masalasini koʻrib chiqishni taklif etamiz.
Biz, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar boʻyicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy oʻtkazib borish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik forumini taʼsis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda Oʻzbekistonda oʻtkazish, yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etamiz.
Sammitimizni har ikki yilda bir marta oʻtkazish boʻyicha taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Kelishuvlarimizni oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha tizimli ishlash maqsadida navbatdagi yigʻilishimizga qadar sammit kotibiyati funksiyasini oʻz zimmamizga olishga tayyormiz.
Ikkinchi. Iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish oʻzaro hamkorligimizning ustuvor mezoni boʻlishi lozim.
Biz iyun oyining boshida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini oʻtkazamiz. Ushbu tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 30 milliard yevrodan ortiq boʻlgan joriy loyihalar portfelini taqdim etish niyatidamiz.
Taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda Yevropaning barcha biznes “kapitanlari”, sanoat va innovatsiya sohalari yetakchilari Oʻzbekiston va mintaqamizdagi boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Ular orasida “TOTAL”, “Siemens”, “Linde”, “Airbus”, “BASF”, “IDF”, “Orano”, “OTP Group” va boshqa koʻplab korporatsiyalar bor.
Forum jarayonida ikki mintaqaning investitsiyaviy imkoniyatlariga bagʻishlangan alohida sessiyani oʻtkazishni taklif etaman. Oʻzbekistonda Yevropa kompaniyalari uchun Mintaqaviy sanoat parki konsepsiyasi taqdimotini ham ana shu sessiyada oʻtkazishni reja qilyapmiz.
Shu kunlarda Toshkentda Yevropa investitsiya banki ofisini ochish toʻgʻrisida imzolangan bitim Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimini ragʻbatlantiradi.
Yevropalik sheriklarimiz yana bir tashabbusimizni – “yashil” energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma sohalarida va agrar sektorda yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish boʻyicha taklifimizni qoʻllab-quvvatlashiga umid qilamiz.
Bundan tashqari, mamlakatlarimizning iqtisodiy manfaatlarini yaqinlashtirish boʻyicha qator yangi takliflarni bildirmoqchimiz. Bu, eng avvalo, investitsiyalarni himoya qilish va ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi koʻptomonlama bitimni imzolash, xususiy sektor vakillarini keng jalb etgan holda, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” qoʻshma savdo palatasini ishga tushirish, kichik va oʻrta biznes loyihalarini, birinchi galda, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma mintaqaviy dasturlarni qabul qilishga qaratilgandir.
Oʻzbekistonda oʻzaro transport bogʻliqligi boʻyicha navbatdagi Iqtisodiy forum va Investorlar forumini qabul qilishga tayyormiz.
Shuningdek, eksport qiluvchilarimiz salohiyatini oshirish, laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazlarini yaratish uchun Yevropa Ittifoqining texnik koʻmagini kengaytirish muhimdir.
Uchinchi. Sammit davomida strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekiston geologiya-razvedka, strategik xomashyo materiallari konlarini oʻzlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasida yuqori texnologik ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratish borasida Yevropadagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish boʻyicha katta ijobiy tajribaga ega. Biz bu yoʻnalishda Yevropa Ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash niyatidamiz.
Ushbu mahsulotlarni, shuningdek, tayyor sanoat va qishloq xoʻjaligi tovarlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish uchun samarali transport yoʻlaklarining yoʻqligi bunda asosiy toʻsiq hisoblanadi. Jumladan, Transkaspiy transport koridorini kengaytirish va yuk bilan taʼminlash uchun oʻzaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni va biznes uchun manfaatli sharoitlarni ishlab chiqish zarur. Ishonaman, ushbu vazifalar “Global darvoza” umumevropa dasturining maqsadlariga toʻliq mos keladi.
Shu munosabat bilan, kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Yevropa Ittifoqi shafeligida ushbu yoʻnalishda joylashgan mamlakatlarning transport vazirlari uchrashuvini chaqirishni taklif etamiz.
Toʻrtinchi. “Yashil” energetika va ekologik barqarorlikka yoʻnaltirilgan investitsiyalar strategik ahamiyatga ega boʻlib bormoqda.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidan Yevropaga elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha xalqaro loyihani toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Sammit arafasida ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha tegishli bitimni ratifikatsiya qildik.
Taʼkidlash oʻrinliki, biz 2030-yilga borib mamlakat energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazishni, 24 ming megavatt “yashil” quvvatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz.
“Toza” energiya boʻyicha “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sherikligining yoʻlga qoʻyilishi bilan oʻzaro hamkorligimizning muhim platformasi yaratilishi mumkin.
Shuningdek, “uglerod kreditlari” loyihalarini ishlab chiqishni moliyalashtirish va ularning bozorini rivojlantirish uchun turdosh vazirliklar rahbarlari darajasida ishchi guruhni taʼsis etishni taklif etamiz. Boʻlib oʻtishi kutilayotgan Iqlim forumi chogʻida mintaqaning “Yashil” taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz.
Beshinchi. Inson kapitaliga investitsiyalar taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashuvlarni kengaytirish imkonini beradi.
Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha “ERAZMUS PLYUS” dasturlari doirasida mintaqa mamlakatlari uchun maxsus kvotalarni joriy etish ushbu maqsadga erishishga xizmat qilishi mumkin.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ilmiy-taʼlim hamkorligini kengaytirish uchun Oʻzbekistonda “Ufq – Yevropa” dasturi ofisini ochishga tayyormiz. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar “katta bazalari”, raqamlashtirish, kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy va texnologik almashuvlar boʻyicha qoʻshma dasturni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Oʻzbekiston, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini raqamli taʼlim sohasida Yevropa harakatlar dasturiga qoʻshish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchi universitetlari oʻrtasida sheriklik borasida “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari suradi.
Yevropalik mutaxassislar ishtirokida “Lazgi” milliy baletining sahnalashtirilishi madaniyat sohasidagi kooperatsiyaning yaqqol misoli boʻldi. Yevropadagi Luvr, Berlin Yangi muzeyi, Vena Butunjahon muzeyi kabi yirik muzeylarda Markaziy Osiyoning tarixiy merosiga bagʻishlangan koʻrgazmalar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning kuzida ushbu zaminda, Samarqandda oʻtadigan, soʻnggi qirq yilda Parijdan tashqarida ilk bor boʻladigan YUNESKO Bosh konferensiyasi chogʻida barcha xorijiy sheriklarimizni mintaqamiz xalqlarining boy madaniyati va sanʼati bilan yanada keng tanishtirishni xohlar edik.
Shuningdek, joriy yilda Buxoroda birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sayyohlik forumini oʻtkazishni reja qilyapmiz.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini joriy etish asosida “Bir tur – butun mintaqa” konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, mintaqamiz sayyohlari uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini koʻrib chiqishda yevropalik sheriklarimizning koʻmagiga tayanamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb boʻlib bormoqda.
Yevropalik sheriklarimizning terrorizmga qarshi kurashish masalalari boʻyicha muloqotni yoʻlga qoʻyish haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz. “BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasida oʻzaro amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.
Afgʻonistonni tinch rivojlantirish masalalarida siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyormiz. Ming afsuski, jahon hamjamiyati ushbu mamlakat hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayapti.
Afgʻon tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yoʻli bilan faol jalb etish zarur, deb hisoblaymiz. Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afgʻon hukumati bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish muhimligini tushunishi va qoʻllab-quvvatlashiga umid qilamiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Soʻzimning nihoyasida bizning tashabbus va kelishuvlarimizni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish muhimligini alohida qayd etishni istar edim.
Shu munosabat bilan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatida Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida har yili uchrashuvlari oʻtkazib boriladigan Sheriklik qoʻmitasini taʼsis etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Qadrli doʻstlar!
Barchangizga ochiq, ishonchli va konstruktiv muloqot uchun yana bir bor chuqur tashakkur izhor etaman.
Ishonchim komilki, Yevropaning yetakchi institutlari va moliya tashkilotlari rahbarlari Markaziy Osiyoning umumiy pozitsiyaga ega ekaniga, ishonchli va masʼuliyatli sherik sifatida keng koʻlamli hamkorlikka tayyor ekaniga amin boʻlishdi.
Barchangizni ikki mintaqa oʻrtasida strategik sheriklik oʻrnatish toʻgʻrisida tarixiy qaror qabul qilinishi bilan tabriklayman.
Erishilgan barcha kelishuvlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun Sammit kotibiyatiga, ekspertlar bilan birgalikda, bir oy muddatda, biz ishchi tartibda tasdiqlashimiz mumkin boʻlgan “Yoʻl xaritasi”ni tayyorlash taklifini bildiraman.



