Qidirish

13:45 / 2025-04-02 432 0 Siyosat

Samarqand sammiti: “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” muloqoti O‘zbekistonga nima beradi?

3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” cammiti bo‘lib o‘tadii. Ushbu sammit O‘zbekiston uchun nafaqat muhim siyosiy voqea, balki amaliy imkoniyatlar manbai deyilmoqda.

Effect.uz Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti Farrux Abduhamidovning mazkur sammit haqidagi maqolasini e’lon qiladi

world-news

Ayni kunlarda dunyo davlatlari, xalqaro tashkilot va yetakchi ekspertlar hamda nufuzli ommaviy axborot vositalari nigohi O‘zbekistonga qaratilgan. Sababi, aprel oyining dastlabki o‘n kunligida Markaziy Osiyo xususan, O‘zbekiston uchun xalqaro siyosiy maydonda muhim burilish nuqtasiga aylanuvchi bir qator nufuzli sammit va forumlar o‘tkaziladi.

Anashulardan biri bu — 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitidir. Ushbu sammit O‘zbekiston uchun nafaqat muhim siyosiy voqea, balki amaliy imkoniyatlar manbai hamdir.

Tadbirning aynan Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro imiji va nufuzini oshiradi. Xususan, Sammitga mezbonlik O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi davlat sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi. Mamlakat tashqi siyosatining ochiq, pragmatik va muloqotga tayyor ekanini ko‘rsatadi. 

Qolaversa, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro siyosiy va iqtisodiy kuchlar bilan muloqotda teng huquqli sherik sifatida ishtirok etish O‘zbekistonning diplomatik salohiyatini mustahkamlaydi. Bu bilan mamlakat o‘zini mintaqadagi yetakchi kuch sifatida ko‘rsata oladi, bu esa keyingi xalqaro muzokaralarda siyosiy manevr imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shu bois, Samarqandda o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti xalqaro munosabatlar tizimida muhim voqea sifatida baholanmoqda. U nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, balki mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va siyosiy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Iqtisodiy-ijtimoiy hamda ekologik sohalardagi hamkorlik istiqbollari

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri sanaladi. Chunki, Yevropa Ittifoqi 27 a’zo davlatdan iborat, dunyodagi eng yirik yagona bozor hisoblanadi. U nafaqat iqtisodiy qudrat, balki huquqiy, texnokrat va ekologik standartlarni belgilaydigan global platforma sifatida ham tan olingan.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning strategik joylashuvi ham YeI uchun Osiyo bozorlariga yo‘l ochuvchi muhim ko‘prik hisoblanadi. Qolaversa, so‘nggi
8 yilda O‘zbekiston faqat resurs yetkazib beruvchi emas, balki intellektual va iqtisodiy sherik bo‘lishga tayyor bo‘lgan davlat sifatida rivojlandi.

Shu bois, Samarqad sammiti doirasida savdo, sanoat, logistika, energetika sohalarida yangi loyihalar muhokama qilinadi. Bu orqali Yevropa mamlakatlaridan investisiya jalb qilish uchun yangi platformalar yaratiladi. Qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanuvchi energetika va raqamli iqtisod sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilishi kutilayapti.

Shuningdek, sammit transport va logistika infratuzilmasini yangilash, mintaqani tranzit xabga aylantirish yo‘lida qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Kelgusida bu hamkorlik Toshkent – Samarqand – Turkmanboshi – Kavkaz – Yevropa yo‘nalishidagi transport koridorlari orqali Yevropa bilan bog‘lanish imkoniyati kengaytirishi ham mumkin.

Qolaversa, Samarqand sammiti O‘zbekiston va mintaqada atrof-muhitni asrash hamda “yashil” loyihalarni kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Orol muammosi, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv kabi masalalarda Yevropa tajribasi va mablag‘lari O‘zbekiston uchun juda katta ahamiyatga ega. Sababi, bugungi kunda “yashil energetika” Yevropa Ittifoqi uchun ustuvor yo‘nalish, bu sohada O‘zbekiston YeIdan grant va texnologiyalar jalb etishi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekiston ta’lim va kadrlar almashinuvi sohasida ham YeIning detakchi davlatlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirda Toshkent shahrida Italiyaning Turin politexnika universiteti, Germaniyaning Gyote instituti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolayevrsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mart oyida Fransiyaga qilgan tashrifi doirasida O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim hamda fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma imzolangan edi.

Shu bois, ta’lim, fan va yoshlar siyosatini rivojlantirishda ham sammit doirasida samarali platformalar yartish muhim sanaladi. Misol uchun Erasmus+, Horizon Europe kabi dasturlarda O‘zbekiston ishtirokini kengaytirish, ta’lim va kadrlar tayyorlash, akademik almashinuvlar, til o‘rganish va innovasion tadqiqotlar sohalarida YeI tajribasi shular jumlasidandir.

Xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik masalalaridagi hamkorlik

Bugunga kelib, Yevropa Ittifoqining mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik masalalardagi ishtiroki ham kengayib bormoqda. Bu so‘nggi yillardagi mintaqa davlatlari va rasmiy Bryussel o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashuvi bilan bog‘liq.

Xususan, ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarini ham ko‘proq hisobga olishi siyosat, xavfsizlik, savdo, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarda har tomonlama hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirish imkonini bermoqda.

Yana bir muhim jihat Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning me’yoriy-huquqiy bazasi ham mustahkamlanmoqda. Xususan, Bryussel so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolamoqda. Hozirga qadar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston YeI bilan bunday shartnomalarni imzolagan bo‘lsa, Tojikiston va O‘zbekiston ushbu hujjatni imzolash bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Samarqand sammitida xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik masalalaridagi hamkorlik platformalarining yaratilishi, YeIning texnik ko‘magi va institusional yordami sabab, Afg‘onistondagi vaziyat, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalarida ijobiy natijalarga erishish mumkin.

Umuman olganda, Samarqand sammiti O‘zbekiston uchun nafaqat diplomatik yutuq, balki iqtisodiy, ijtimoiy va ekologiya sohalarda ham rivojlanish drayveridir. Bu mamlakatning Yevropa bilan aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi, xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlashi va xalq uchun amaliy foyda keltiradigan tashabbuslarga aylanishi mumkin.

Izohlar 0

Fikr bildirish