So`ngi yangiliklar
Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Xitoy, AQSH, Rossiya yetakchilari Mirziyoyevni Navroʻz bilan tabrikladi
Navroʻz munosabati bilan bir qancha davlatlar prezidentlari Oʻzbekiston rahbarini qutlamoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Navroʻz bayrami munosabati bilan tabrik yoʻlladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Bahor ayyomi Navroʻz munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz”, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, tabrikda Rossiya-Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanayotgani qayd etilgan.
“Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan oʻzaro manfaatli ikki tomonlama aloqalarni bundan buyon ham doʻst xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida faol rivojlantiramiz, deb ishonaman. Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman”, deydi Putin.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq 18-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, kecha, 19-mart kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Yetakchilar Navroʻz munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sogʻlik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar xalqlarga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navroʻz bayrami bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Muhtaram Prezident janoblari! Amerika Qoʻshma Shtatlari xalqi nomidan Sizni va butun Oʻzbekiston xalqini ajoyib Navroʻz ayyomi bilan tabriklayman. Bu barcha uchun tinchlik, farovonlik va yangilanish bayramidir”, deyiladi xabarda.
Trapm oʻz tabrigida mamlakatlar oʻrtasida mustahkam rishtalar oʻrnatilayotganini yuksak qadrlashini va Mirziyoyevning izchil islohotlar dasturini olqishlashini bildirgan.
“Savdo aloqalarimizni kengaytirish va zamonamizning eng yirik muammolarini hal etish yoʻlida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman. Buyuk davlatlarimiz ravnaq sari intilayotgan bir paytda, Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimo qoʻllab-quvvatlashga sodiq boʻlib qoladi. Navroʻz muborak!”, deyiladi tabrikda.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navroʻz ayyomi bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Muhtaram Prezident janoblari! Xitoy taqvimi boʻyicha Yangi yil bayrami munosabati bilan yoʻllagan tabrigingiz uchun Sizga samimiy minnatdorligimni izhor etaman. Oʻzbek xalqining anʼanaviy Navroʻz bayrami munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan sizga, Oʻzbekiston hukumati va xalqiga samimiy tabriklarimizni yetkazmoqchiman”, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, ming yillik tarixga ega Navroʻz bahor kelishi va tabiat uygʻonishini ifodalab, oʻzbek xalqining baxtli hayotga, el-yurt birligiga va ravnaqiga intilishini aks ettirishi taʼkidlangan.
“Oʻtgan yil iyul oyida Ostonada boʻlib oʻtgan SHHT sammiti doirasidagi samimiy va doʻstona uchrashuvimizda Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlari va turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik, ikki tomonlama aloqalarning yangi yoʻnalishlarini belgilab oldik”, deyiladi maktubda.
Si Szinpin erishilgan kelishuvlar samarali amalga oshirilayotgani, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil mustahkamlanib, eʼtiborga loyiq natijalar berayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
“Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin doʻstligimizni yuksak qadrlayman. Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va Oʻzbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman. Fursatdan foydalanib, sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilayman”, deyiladi tabrikda.



