So`ngi yangiliklar
Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz – Istanbul meri Akrom Imomoʻgʻlining hibsga olinishi tafsilotlari eʼlon qilindi
Turkiya Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahri meri Akrom Imomoʻgʻliga nisbatan hibsga olish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan. Ushbu jinoyat ishi doirasida prokuratura 2 ta tergov harakatlarini olib bormoqda.

Terrorizmga oid jinoyatlarni tergov qilish boʻyicha byuro tomonidan olib borilayotgan tergov doirasida; Istanbul shahar Hokimi ham shular jumlasidan boʻlgan 7 kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan. Gumonlanuvchilar terrorchilik tashkilotiga yordam berish jinoyatini sodir etganliklari iddao qilinmoqda. Boshqa tergov harakatlari Uyushgan Jinoyatlarni tergov qilish Byurosi tomonidan olib borilmoqda. Ushbu tergov doirasida 100 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan, ular orasida Akrom Imomoʻgʻli ham bor, shuningdek uning matbuot kotibi ham hibsda saqlanmoqda.
Gumonlanuvchilar jinoiy uyushma tarkibida poraxoʻrlik, tovlamachilik, kim oshdi savdolarida til biriktirish, malakali (kvalifitsiyalangan, jiddiy, ogʻir) firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda egallash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanyapti. Ikkala tergov boʻyicha jami 106 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, Bosh prokuraturaning bayonotidan maʼlum boʻlishicha, tergov materiallari orasida MASAK hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud. Tergov har tomonlama oʻta puxta va sinchkovlik bilan olib borilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, Respublikachilar xalq partiyasi nomidan prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini olgʻa surmoqchi boʻlgan Akrom Imomoʻgʻlining oliy maʼlumotli ekanligi toʻgʻrisida diplomi bekor qilingan. Xususan, 18-mart kuni Istanbul universiteti Turkiya prokuraturasi soʻroviga koʻra Imomoʻgʻlining 1995-yilda olgan diplomi bekor qilinishini maʼlum qilgandi. Bunga 1990-yilda Kipr shimolidagi xususiy universitetdan Istanbul universitetining biznes boshqaruvi fakultetiga oʻtishida yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarliklar sabab qilib koʻrsatilgan.
Bu koʻpchilik tomonidan muxolifatchi merning navbatdagi prezidentlik poygasida ishtirok etishiga toʻsqinlik qilish uchun siyosiy sabab sifatida qabul qilingan. Maʼlumki, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom Turkiyadagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishning majburiy sharti hisoblanadi. Imomoʻgʻli universitet qarorini “yuridik jihatdan asossiz” va “akademik hayotga siyosiy aralashuvning xavotirli belgisi” deb atadi. Imomoʻgʻli 23-mart kuni keyingi prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida eʼlon qilinadigan qurultoy oʻtkazishni rejalashtirgan edi. Turkiyada keyingi prezidentlik saylovlari 2028-yilga belgilangan boʻlib, saylov muddatidan oldin oʻtkazilishi ham mumkin.
Mahalliy OAV mer konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, jinoiy tashkilot tuzish va “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga yordam berish»da ham ayblanmoqda. Bundan tashqari, Imomoʻgʻli tender va shartnomalar bilan bogʻliq, korrupsiyaga qarshi keng koʻlamli amaliyot doirasida ushlangani ochiqlangan.
2019-yildan buyon Istanbul shahri meri hisoblangan siyosatchi hibsga olinishi fonida shaharda bir nechta yoʻl yopildi va toʻrt kun davomida har qanday namoyishlar oʻtkazish taqiqlandi. Shuningdek, NetBlocks monitoring xizmati xabar berishicha, Turkiyada X ijtimoiy tarmogʻi (sobiq tvitter), YouTube, Instagram va TikTokʼga kirish cheklangan.
Bu voqea fonida turk lirasi kursi rekord darajada quladi. Toshkent vaqti bilan soat 12:42 ga kelib lira kursi bir dollar uchun 40,95 liraga tushdi, bu tarixdagi eng past koʻrsatkich boʻldi. Yahoo Finance maʼlumotlariga koʻra, valyuta keyinchalik biroz pasayib, soat 13:10 ga kelib bir dollar uchun 38,91 liraga teng boʻlgan.
Boʻlib oʻtgan hodisalardan soʻng, Turkiya prezidentining matbuot xizmati rahbari Faxriddin Altun Istanbul meri Akrom Imomoʻgʻlining hibsga olinishiga izoh berdi.
Xususan, Turkiya hukumati barcha jamoatchilik qatlamlarini “mustaqil sud hokimiyati tomonidan qabul qilingan har qanday qarorga hurmat bilan munosabatda boʻlishga” chaqirgan.
“Mustaqil sud hokimiyati tomonidan qabul qilingan har qanday qarorni jamoatchilikning barcha qatlami hurmat qilishi kerak. Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tergovlar doirasida shahar meri idorasi mansabdorlari va boshqa gumonlanuvchilarni hibsga olish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng ayrim doiralar, ayniqsa, asosiy muxolifat partiyalari rahbarlari, siyosiy va mafkuraviy sabablar bilan tergovning yaxlitligini izdan chiqarishga urinayotganini koʻryapmiz. Biz turk millati nomidan oʻz vakolatlarini amalga oshirayotgan sud organlarimizning mustaqilligini izdan chiqarishga qaratilgan bunday urinishlarga qatʼiy qarshilik koʻrsatishda davom etamiz”, — deb yozadi Altun X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasiga.
Shuningdek, taʼkidlanishicha, prezident idorasi “boshlangan tergovning mazmuni va tafsilotlari bilan tanishmasdan turib, siyosiy va mafkuraviy baholarga asoslangan tuhmat xarakteridagi ayblovlar ilgari surilayotganini” qayd etgan.



