Qidirish

00:36 / 2025-02-09 1179 0 Siyosat

Fuqarolarning Xalq qabulxonalariga yoʻllagan 900 mingdan ziyod murojaatlari qanoatlantirilgan

Xalq bilan muloqot, murojaatlar bilan ishlash sohasi ijtimoiy adolatni belgilaydigan muhim mezonlardan biridir. Shu maʼnoda murojaat, ariza, shikoyat – jamiyat holatini aks ettiruvchi qaysar indikator boʻlsa, davlat rahbari asos solgan Xalq qabulxonalari instituti xalq hayotidagi istalgan soha boʻyicha tizimli masalalar, qaysi hududda nima muammolar dolzarb ekanini yaqqol namoyon etadigan oʻziga xos “barometr”dir.

world-news

2024-yilda Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga qariyb 1,2 million murojaat kelib tushgan boʻlib, ariza-shikoyatlar oʻtgan yilga nisbatan 64,1 mingtaga kamaygan. Ayniqsa, murojaatlar Namanganda 24, Toshkent viloyatida 21, Fargʻonada 11 va Toshkent shahrida 7 foizga kamaygan.

2024-yilda koʻrib chiqilgan 1 million 120 mingdan ziyod murojaatning qariyb 938 mingtasi yoki 83,7 foizi qanoatlantirilgan. Bu esa 566,6 mingdan ortiq murojaatchilar roziligiga erishildi, deganidir. Sohalar kesimida olinsa, gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va koʻmir taʼminoti, uy-joy kommunal xoʻjaligi, ijro ishi, aliment va qarz undirish, tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya xizmatlari sifati, sugʻurta faoliyati kabi yoʻnalishlar boʻyicha 60-80 foiz muammolar hal qilib berilgan.

Xalq bilan muloqotning yana bir shaffof platformasi – ommaviy va sayyor qabullar maydoni ham kengayib bormoqda. Oʻtgan yilda Prezident Xalq qabulxonalari tashkil etgan ana shunday jonli va ochiq muloqotlarda 405,7 mingdan ziyod murojaatlar koʻrib chiqilib, 81,3 foizi hal etildi. Yaʼni bu bilan 330 mingdan ziyod murojaat boʻyicha fuqarolar roziligiga erishildi.

Murojaatga yoʻllangan javob fuqaro ishtirokida oʻrganilsa, ariza-shikoyatga samarali yechim topiladi. Shuning uchun ham Xalq qabulxonalari 20 mingdan ziyod murojaat boʻyicha qabul qilingan qariyb 28 ming qarorni joyiga chiqib oʻrgandi. Deputatlar bilan hamkorlikda 6 mingga yaqin murojaat koʻrib chiqilib, shundan 3,5 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi. Sektorlar faoliyati boʻyicha 4,4 mingga yaqin monitoring, davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan qariyb 4,6 mingta oʻrganish oʻtkazildi.

Murojaatlar asosida xuddi shunday oʻrganishlar boʻyicha xalq deputatlari Kengashlariga 2,4 mingdan ziyod axborot kiritilib, ular asosida qariyb 3,5 ming nafar davlat idoralari va sektor rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Muammolarni hal qilish borasida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan 4 ming 721 taqdimnoma, 5 mingdan ziyod taklif va 9 ming 119 koʻrsatma kiritildi.

Bularning natijasida aholi murojaatlari bilan talablar darajasida ishlamagani uchun davlat idoralari masʼul xodimlarining 3 ming 826 nafari javobgarlikka tortildi. Xususan, ularning 369 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 779 nafari maʼmuriy, 269 nafari oylik ish haqidan jarimaga tortildi, 2 ming 409 nafariga hayfsan eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Xalq qabulxonalari tashabbusi bilan prokuratura va adliya organlari murojaatlar bilan ishlashga oid qonunbuzilishi holatlari boʻyicha rasmiylashtirgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar asosida yana 347 nafar masʼul xodim jarimaga tortildi. Shuningdek, 6,1 mingdan ziyod masʼul xodim rasman ogohlantirildi.

Bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan yana biri – aholi daromadlarini oshirish uchun shart-sharoit yaratish va yordam berishdan iborat. Prezident Xalq qabulxonalari 2024-yilda murojaatlar tahlili asosida oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha yangi besh bosqichli «Murojaatdan daromadga» loyihasini samarali amalga oshirdi.

Asosan moddiy yordam masalasida koʻp arz qilgan fuqarolarning oilaviy ahvolidan to qaysi yoʻnalishda ishni eplab ketishiga qadar individual oʻrganish, murojaatchilarni daromad topishga tayyorlash, kasb-hunarga oʻqitish, ish anjomlari olib bergan holda kuchli malaka va katta tajribaga, oʻz bozoriga ega tadbirkorlarga biriktirish boʻyicha kompleks ish olib borilgan bu loyiha bilan qariyb 2,5 ming murojaatchini daromadga olib chiqish boʻyicha ish olib borildi.

“Murojaatdan daromadga” loyihasi Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi 400 dan ziyod mahallada amalga oshirilgan boʻlib, bugun bu yerdagi kichik-kichik korxonalarda minglab insonlar oʻzi orzu qilgan farovon kelajagining poydevorini barpo qilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, xalq bilan muloqot tizimi yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqda. Xalq qabulxonalarining “mahalla yetttiligi” bilan hamkorligi mustahkamlanmoqda. Asosiy maqsad – muammolarni mahallaning oʻzida, birinchi nuqtada aniqlab, har bir murojaatdagi masalaga adolatli yechim topib berishdan iborat.

Aslida ham faqat va faqat xalq bilan muloqot qilish bilan har bir inson, har bir oila barcha davrda istaydigan, intiladigan ijtimoiy adolatga erishish mumkin. Zotan, buyuk maʼrifatparvar jadid bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, “Har bir millatning taraqqiy va taoliysi, davlat va hukumatlarning uzun yashamogʻi adolatga bogʻliq”.

Izohlar 0

Fikr bildirish