Qidirish

01:30 / 2022-12-22 134 0 Maqolalar

Oʻzbekiston-Qozogʻiston: Mushtarak maqsadlar yoʻlidagi hamkorlik

“Qozogʻiston biz uchun zamon va hayot sinovidan oʻtgan yaqin qoʻshnimiz, bizni koʻp yillik doʻstlik va qardoshlik rishtalari bogʻlab turadi”, Shavkat Mirziyoyev.

world-news

21-dekabr kuni Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Oʻzbekistonga davlat tashrifi boshlandi. Bu Qozogʻiston rahbarining prezidentlikka qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan biri sifatida, ikki qardosh davlat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada kengaytirishga tayyor ekanining yorqin dalilidir.

Bunda xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ham muhim omil boʻlmoqda. Shu kunlarda Oʻzbekistonda qozoq xalqining ardoqli farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qoʻnanboyevning merosi kunlari keng miqyosda nishonlandi.

Maʼlumki, ayni kunlarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi ishtirokida koʻplab ijodiy kechalar tashkil etilib, oliy taʼlim muassasalarida shoir ijodiga bagʻishlangan maʼruzalar oʻqib eshittirildi.

Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston Milliy akademik drama teatrida “Abay” nomli spektaklining namoyish etilgani ham gʻoyatda quvonarlidir. Toshkent, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida buyuk mutafakkir ijodiga bagʻishlab madaniy-maʼrifiy va badiiy kechalar tashkil etildi.

Ushbu tadbirlar Abay Qoʻnanbayevning maʼnaviy merosini yaqindan tanitish orqali, oʻzbek-qozoq madaniy-gumanitar aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan tarixiy rishtalar, milliy anʼanalar, mushtarak til, din va oʻxshash madaniyat va qadriyatlarga asoslangan oʻzaro aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelmoqda.

Soʻnggi yillarda Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va tomonlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli oʻzbek-qozoq doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevnning Ostonaga tashrifi chogʻida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari ittifoqchilik munosabatlari darajasiga koʻtarildi. Bu esa oʻzaro yaqin va ishonchga asoslangan hamkorlikni yaqqol namoyon etadi.

Ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga toʻla xizmat qiladigan mavjud salohiyatidan keng foydalanish boʻyicha tarixiy kelishuvlarga erishildi. Xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, transport va tranzit, qishloq xoʻjaligi sohasidagi oʻzaro hamkorlik, “yashil” energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish, madaniyat, fan, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm sohalarida oʻzaro almashinuvlar shular jumlasidan.

Bugungi kunda ushbu shartnomalar izchil amalga oshirilib, oʻzaro savdo aloqalari jadal surʼatlarda oʻsmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, joriy yilda oʻzaro savdo aylanmasi hajmi eng yuqori koʻrsatkichga, yaʼni qariyb 5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Avtomobil va temir yoʻl orqali yuk tashish hajmi kundan-kunga ortib bormoqda.

Qolaversa, oʻzaro aviaqatnovlar toʻliq tiklanib, yangidan-yangi yoʻnalishlar yoʻlga qoʻyilyapti. Ikki davlat yetakchi korxonalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yanada kengayib, iqtisodiyot tarmoqlarida qoʻshma korxonalar va loyihalar sonining olti barobarga oshgani quyida fikrimizning yorqin dalilidir.

Qoʻstanay viloyatida avtomobillar, avtobuslar va agrotexnika ishlab chiqarish korxonasi, Turkiston va Chimkentda zamonaviy toʻqimachilik va maishiy texnika ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekistonda qozogʻistonlik hamkorlar bilan birgalikda energetika, sanoat, kimyo, oziq-ovqat sanoati, qurilish sohalarida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda, oʻzaro madaniy-gumanitar aloqalar jadal surʼatlarda oʻsib boryapti. Misol tariqasida, ikki davlat “Madaniyat va kino kunlari”, qoʻshma konsertlar, koʻrgazma va anjumanlar oʻtkazishdek ezgu qadriyatlar yanada faolashayotganidan benihoya mamnunmiz. Yoshlar va sayyohlar almashinuvi faol yoʻlga qoʻyilgan.

Avvalroq, 21-24-noyabr kunlari Qozogʻiston poytaxtida Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazilib, ushbu tadbir doirasida “davra suhbatlari” va yosh rassomlar koʻrgazmalari, Rishton kulolchilik maktabi, Buxoro va Nurota kashtachiligi, shuningdek, Margʻilon toʻqimachilik mahsulotlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Qozogʻiston Milliy sanʼat universitetida Oʻzbekiston xalq artistlari tomonidan mahorat saboqlari oʻtkazildi. Tadbir Qalibek Quanishboyev nomidagi qozoq davlat akademik musiqali drama teatrida boʻlib oʻtgan oʻzbekistonlik sanʼatkorlarning gala-konserti bilan yakunlandi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi yaqin rishtalar, oʻzaro ochiq muloqot va doʻstlik, madaniy almashinuvning faollashuvi bosh maqsadga erishish – xalqlarimizni yanada jipslashtirish imkonini berdi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlarining davlat mustaqilligini qoʻlga kiritishi ijtimoiy-siyosiy faollikning misli koʻrilmagan yuksalishiga, milliy oʻzlikni anglab yetishga koʻmaklashdi.

Mustaqillikdan soʻng, jamiyatda umummilliy va maʼnaviy qadriyatlar tiklanishi belgilari yaqqol namoyon boʻla boshladi, ayni paytda yangicha siyosiy, mafkuraviy va madaniy yuksalishga guvoh boʻldik.

Yangi tarixiy sharoitda ham ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy aloqalarni rivojlantirish muammosi dolzarb boʻlib qoldi.

Markaziy Osiyo tarixiy-madaniy makonida alohida oʻrin tutgan Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari bugungi kunga kelib mintaqadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida muhim saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, tarixiy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlari umumiy tarixiy-madaniy merosni ommalashtirish va asrab-avaylash boʻyicha turli loyihalarga doir tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Mazkur tashabbuslar, Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayevning mustahkam siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli mamlakatlarimizning xalqaro nufuzi, shuningdek, jahon hamjamiyatining buyuk ajdodlarimiz tarixiy-madaniy merosiga qiziqishi sezilarli darajada ortdi.

XIX asr oʻzbek-qozoq mutafakkirlari Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy va maʼnaviy rivojiga ulkan hissa qoʻshib, ularning ijtimoiy-falsafiy va intellektual merosi mintaqamizda va undan tashqarida ham alohida qiziqish uygʻotmoqda.

Bu borada Markaziy Osiyo xalqaro institutida ham samarali ishlar amalga oshirilib, ushbu tashrif oldidan “XIX asr oʻzbek va qozoq mutafakkirlari dunyoqarashida umumiy tarixiy-madaniy merosni mustahkamlash va rivojlantirish” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda R.B.Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti, M.O.Auzev nomidagi Adabiyot va sanʼat instituti, L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Abay Akademiyasi” ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa yetakchi ekspert-tahlil muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda ularning koʻp qirrali islohoti va maʼrifiy faoliyati chuqur, faol mulohazalar va ilmiy izlanishlar mavzusidir. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlarining boʻlajak oliy darajali muzokaalari yakunlari boʻyicha imzolanadigan hujjatlar ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini ochib berishga hamda oʻzbek-qozoq strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish